Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:01

Toshkent, Samarqand va Qarshida Islom Karimov haykali o‘rnatiladi


O‘zbek ziyolilari va amaldorlari Islom Karimov qabri ustida
O‘zbek ziyolilari va amaldorlari Islom Karimov qabri ustida

O‘zbekiston televideniesi birinchi prezident Islom Karimovning haykali 3 shahar - Toshkent, Samarqand va Qarshida o‘rnatilishini xabar qildi. Loyihalar bilan shaxsan tanishgan prezident Shavkat Mirziyoev Karimov haykali va uning xotirasiga atalgan yodgorlik majmualarini O‘zbekiston Mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlangan bayramgacha bitkazishga topshiriq berdi.

4 mart oqshomida «O‘zbekiston» telekanali «Axborot» dasturi orqali berilgan rasmiy xabarga ko‘ra, matbuot orqali chiqishida Shavkat Mirziyoev: «Xalqimiz va xalqaro hamjamiyat Islom Karimov nomini Jorj Vashington, Sharl de Goll, Mustafo Kamol Otaturk singari davlat va siyosat arboblari qatoriga qo‘yadi», deb ta’kidlagan.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Mustaqilligining 26 yilliga bag‘ishlangan bayramga qadar Toshkentda Islom Karimov uzoq yillar faoliyat olib borgan Oqsaroy qarorgohi qarshisida Karimov haykali o‘rnatiladi, Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi quriladi.

Shuningdek, Samarqand shahri markazida ham Karimov haykali o‘rnatilib, uning yaqinida muzey va atrofi favvoralar, maysazorlarlar bilan o‘ralgan xiyobon bunyod etilishi aytildi.

Karimovning yana bir haykali esa u xizmat karyerasini boshlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumani markaziga o‘rnatilishi xabar qilindi.

Shavkat Mirziyoev 2 dekabr kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga yodgorlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlov e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorga imzo qo‘ygan.

Qarorga binoan, tanlovda ishtirok etuvchilar 2017 yilning 31 martiga qadar o‘z loyihalarini taqdim etishi mumkin. So‘ngra 10 aprelgacha davom etadigan ko‘rgazma tashkil qilinishi va taqdim qilingan loyihalar bilan barcha istovchilar tanishishi mumkinligi aytilgan.

Ayni paytda, O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovga yodgorlik Moskvaning Bolshaya Polyanka ko‘chasida ham o‘rnatilishi rejalanmoqda.

Moskva shahar dumasi 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Islom Karimovga haykal o‘rnatish taklifini ma’qullagan.

TASS agentligi yodgorlikni bunyod etishga sarflanadigan barcha harajatlar O‘zbekiston tomonidan taqdim etilishi, hududdagi obodonlashtirish va qurilish ishlari to‘lovlari esa Moskva byudjeti tomonidan moliyalashtirilishini xabar qilgan.

XS
SM
MD
LG