Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2021, Тошкент вақти: 03:17

Iroq harbiylari Mosul markazini jangarilardan ozod qilishga kirishdi


So‘ngi ikki hafta ichida Mosul g‘arbini 45 ming odam tark etdi

Iroq kuchlari Mosul shahri g‘arbiy qismida "Islom davlati" janggarilari egallab turgan to‘rt tumanga hujum boshladi. Armiya rasmiylari askarlar Mosul markazidagi mahalliy hukumat kompleksi tomon ilgarilayotgani va hududda og‘ir janglar borayotganini ma’lum qildi. So‘nggi ikki hafta ichida Mosul uchun borayotgan janglar tufayli 45 mingdan ortiq aholi shaharni tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.

Iroq armiyasi rahbariyati 5 mart kuni Mosul g‘arbidagi to‘rtta tuman - al-Dindan, al-Davasa, al-Samud va Tal al-Ruman tumanlarida "Islom davlati" (IShID) jangarilariga qarshi og‘ir janglar borayotganini ma’lum qildi.

AQSh ko‘magida IShID jangarilaridan Mosul g‘arbini ozod qilishga urinayotgan Iroq harbiylari yakshanba tongidan shahar markaziga yurish boshladi.

Iroq armiyasi qo‘shma shtabi bosh generali Yahyo Rasul rasmiy televidenie orqali bergan bayonotida harbiylar shahar janubidan janubi-g‘arbiy qismi tomon ilgarilayotganini aytdi.

AQSh quvvatlayotgan Iroq armiyasi 19 fevral kuni Mosulning g‘arbiy qismini IShID jangarilaridan ozod qilish amaliyotini boshladi.

Ayni paytda, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Iroqning Mosul shahrida kimyoviy qurol ishlatilganini xabar qilmoqda. 4 mart kungi bayonotida tashkilot bildirgan ma’lumotga ko‘ra, IShID ekstremistik guruhi shaharning g‘arbiy qismida gorchitsa(xantal) gazini qo‘llagan.

So‘nggi ikki kunda Mosul hududlaridan 7 kishi kimyoviy hujum simptomlari bilan kasalxonaga yotqizildi. Bu hukumat kuchlari shaharni nazoratga olish amaliyotini boshlagandan beri kuzatilayotgan birinchi holatdir.

IShID janggarilari bundan avval ham jangovor amaliyotlarda oddiy zaharlovchi vositalar qo‘llagan. Gorchitsa gazini qo‘llash 2015 yilda Suriyada ham kuzatilgan edi.

Mosulning g‘arbiy qismini jangarilardan ozod etish amaliyoti 19 fevral kuni boshlangan.

Iroq kuchlari o‘tgan yilning oktabr oyida AQSh havo hujumlari, shia jangchilar hamda kurd peshmerga qo‘shinlari ko‘magi bilan shaharni ozod etish amaliyotini boshlagan va yanvar oyida sharqiy Mosulni ozod etishga muvaffaq bo‘lgan edi.

“Islomiy davlat” 2014 yilda Iroq va Suriyaning sezilarli qismini egallab olgan.

Jangari guruh ko‘plab vahshiyona jinoyatlarni sodir etishda ayblangan va Yevropa hamda boshqa mintaqalardagi yirik terrorchilik harakatlari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Xususan, Mosul shahrini ham IShID jangarilari 2014 yilda bosib olgan edi.

XS
SM
MD
LG