Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2021, Тошкент вақти: 19:46

AQSh: "O‘zbekistonda ijobiy siljishlar sezilmoqda, biroq..."


O‘zbekiston prezidentligiga saylovda YeXHT to‘laqonli missiyasining ishtirok etgani ijobiy hodisa sifatida baholandi.

"O‘zbekistonda ijobiy siljishlar sezilmoqda, biroq mamlakat boshqaruvi bugungi kunda ham avtoritar bo‘lib qolmoqda". AQSh Davlat departamentining deyarli 200 davlatdagi inson huquqlariga oid 2016 yil uchun e’lon qilingan hisobotida mana shunday mujda berildi. Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda siyosiy mahbuslar, qiynoqlar va so‘z erkinligi vaziyati murakkabligicha qolmoqda.

Prezidentlik saylovi avvalgilaridan bir oz farqlandi

AQSh Davlat departamentining jahondagi inson huquqlariga bag‘ishlangan 2016 yil uchun chiqargan hisobotining O‘zbekistonga oid qismida, prezident Islomi Karimov vafotidan so‘ng Toshkent rasmiylari huquq-tartibot tuzilmalari ustidan nazoratni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganlari, lekin maxsus xizmatlar fuqaroviy struturalarga sizib kirgani aytiladi. Hisobotda aytilishicha, buning ortidan “fuqaroviy hokimiyatning faoliyat sohalari hamda ta’sirini aniqlash”da murakkabliklar yuzaga kelgan.

Davlat departamenti tahlilchilari “O‘zbekistonda yangi prezident Shavkat Mirziyoevning hokimiyatga kelishi ortidan ijobiy o‘zgarishlar sezilayotgani”, biroq “O‘zbekiston bugungi kunda ham avtoritar boshqaruvda qolayotgani va ijro hokimiyati hokimiyatning boshqa barcha butoqlarini o‘z nazoratida saqlab qolayotgani”ni ta’kidlagan.

Davlat departamenti hisobotida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga iqtibosan bildirilishicha: “saylovlarni shaffoflashtirishga, imkoniyatlari cheklangan saylovchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilashga urinish bo‘lgani, 600 nafar xalqaro kuzatuvchiga saylvolarni hech qanday to‘siqlarsiz kuzatishga imkoniyat yaratilgani” ijobiy hodisa bo‘lgan.

O‘zbekistonda 2016 yilning 4 dekabrida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Prezident Islom Karimov vafotidan so‘ng bo‘lib o‘tgan mazkur saylovda uzoq yillardan beri birinchi marta Yevropada xafsizlik va hamkorlik tashkilotining to‘laqonli missiyasi ishtirok etdi.

Ayni paytda saylovda chinakkam siyosiy raqobatning ta’minlanmagani, so‘z erkinligi cheklanishi ortidan o‘zgacha fikrlarga o‘rin berilmagani ham qayd etildi.

Ayrim siyosiy mahbuslar ozod etildi

Hisobotda 2016 yilda Mirziyoev prezidentlikka saylanganidan so‘ng Bobomurod Razzoqov, Samandar Qo‘qonov kabi siyosiy mahbuslar qamoqdan chiqarilgani olqishlanadi. Shu bilan bir qatorda yana o‘nlab siyosiy mahbuslarning qamoqda qolayotgani aytiladi.

Hisobot 2016 yil uchun yoyinlangani munosabati bilan, unda 2017 yil 22 fevral kuni 18 yil qamoqda yotgan siyosiy mahbus Muhammad Bekjonning ozod etilgani aks etmagan.

Hisobotda sohta ayblovlar bilan qamalgan huquq faoli G‘anixon Mamatxonovning jazo muddati uzaytirilgani, A’zam Farmonov va boshqa ko‘plab siyosiy mahsubslar o‘ta og‘ir sharoitlarda saqlanayotgani tanqid qilinadi.

Shuningdek, Yelena Urlaeva kabi qator huquq faollariga nisbatan jazo chorasi sifatida ularni ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlash amaliyoti mavjudligi qayd etilgan.

O‘zbekistonda vatandoshligi yo‘q bo‘lgan minglab odamlar yashamoqda

Davlat departamenti hisobotida O‘zbekistonda 2016 yilda ham vatandoshligi bo‘lmagan odamlar mavzusi ko‘tarilgan.

Hisobotda belgilanishicha, birgina Xorazm va Qoraqalpog‘istonda bugungi kunda uch mingdan ortiq vatandoshligi bo‘lmagan shaxs yashamoqda. O‘zbekistonning boshqa hududlarida yashayotgan vatandoshligi yo‘q shaxslar soni esa noma’lum bo‘lib qolmoqda. Biroq ularning soni bir necha o‘n ming kishini tashkil etishi mumkin.

Prezident Mirziyoev bu muammoni hal etishga urinayotgani ham sezilmoqda. Jumladan, Mirziyoev o‘tgan yilningg dekabrida 170 odamni, joriy yil 22 fevralida esa 94 odamni O‘zbekiston vatandoshligiga qabul qilish to‘g‘risidagi farmonlarni imzolagan.

Bu so‘nggi 25 yil ichida vatandoshligi bo‘lmagan shaxslarni vatandoshlikka qabul qilish to‘g‘risidagi ilk farmonlar bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurash

Mirziyoev prezidentlikka saylangandian so‘ng O‘zbekistonda birinchi marta “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Davlat departamenti hisobotida aytilishicha, davlat boshqaruvi shaffof bo‘lmagani ortidan mamlakatda korrupsiya darajasini o‘ta yuqori, deb baholash mumkin.

“Ayrim yuqori darajadagi amaldorlarning korrupsiyada ayblanib qamoqqa olinganiga qaramay, korrupsiya vaziyati epidemiya darajasida qolmoqda va amaldorlar bemalol korrupsiya bilan shug‘ullanmoqda”, deyiladi hisobotda.

Davlat departamenti tahlilchilari prezident Mirziyoev 2012 yilda korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib ishdan olingan Abdulla Aripovni 2016 yil sentabrida bosh vazir o‘rinbosari, dekabrda esa bosh vazir lavozimiga tayinlaganiga ham e’tibor qaratgan.

XS
SM
MD
LG