Линклар

Шошилинч хабар
03 июл 2022, Тошкент вақти: 08:07

Polshaga borib ishlaydigan o‘zbekistonliklarning birinchi guruhi tanlab olindi


Polshalik ish beruvchilar O‘zbekistonda bo‘lib, 300 talabgor bilan suhbatlar o‘tkazdi va taqriban 50 kishini tanlab oldi. (Maqolaga aloqasi yo‘q ilyuyustratsiya)

50 kishidan iborat birinchi guruhga kirgan o‘zbekistonliklar bilan ularning Polshada ishlashiga doir hujjatlar imzolandi. Shu kunda viza masalasini hal qilish ustida ish olib borilmoqda. Viza chiqishi bilanoq, guruh Polshaga jo‘nab ketadi.

Bu ma’lumotni Ozodlik O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligidan oldi.

Agentlikning ismi sir qolish sharti bilan gapirgan mulozimiga ko‘ra, "o‘zbekistonliklarni Polshada ish bilan ta’minlash istiqbollari dastlabki guruhning qanday ishlashiga, Polsha va umuman Yevropa Ittifoqi qonun-qoidalariga qay darajada amal qilishiga bog‘liq".

Migratsiya agentligi mulozimining aytishicha, polshalik ish beruvchilar yaqinda (aniq sana aytilmadi) O‘zbekistonda bo‘lib, agentlik saytida oldindan ro‘yxatdan o‘tib qo‘ygan 300 talabgor bilan suhbatlar o‘tkazgan va taqriban 50 kishini tanlab olgan, tanlanganlar maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashgan va tegishli sertifikat olgan.

"Ular Polshada qurilishda ishlaydi. Tanlab olinganlar uchun Polshadan mehnat shartnomalari ham yetib kelgan va endilikda Polsha elchixonasining viza berishi kutilmoqda", dedi mulozim.

Polsha yaqin oylar yoki yillar ichida qancha o‘zbekistonlik mehnat muhojirini qabul qilishi to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. Migratsiya agentligi mulozimiga ko‘ra, bu sohadagi so‘zlashuvlar boshlangan paytda yiliga 800 kishi haqida gap bo‘lgan, lekin bu aniq gap emas.

“Hammasi Polshaga borgan fuqarolarimizga bog‘liq. Agar ular sifatli ishlasa, mahalliy qonunlarni buzmasa, Shengen zonasiga kirib olganidan foydalanib, nolegal qolib ketishga urinmasa, tabiiyki, bu yo‘nalishdagi migratsiya oqimi kuchayadi”, dedi mulozim.

Migratsiya agentligi rasmiysiga ko‘ra, Polshaga ketishi kutilayotgan guruh bu mamlakatga Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligi orqali ketayotgan dastlabki guruhdir. Polsha bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mehnat migratsiyasiga doir hamkorlik, hozircha, polshalik ish beruvchilar va Migratsiya agentligi darajasidagi hamkorlikdir. Bu sohada hozircha Polsha va O‘zbekiston hukumatlari darajasida kelishuv yo‘q.

“Masalani hukumatlar darajasida hal qilish yo‘lidagi ishlar endi boshlanmoqda”, dedi mulozim.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi delegatsiyasi Polshaning TRADMA, HR AGENCIA, EL-IN, JP CONSTRUCT shirkatlari rahbariyati bilan Varshavada uchrashuv o‘tkazgani to‘g‘risida vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, o‘zbek delegatsiyasi, shuningdek, Lodz va Lyublin oblastlarida bo‘lib, tekstil va qishloq xo‘jaligi sohasida malakali mutaxasislarni etkazib berish masalasini muhokama qilgan.

Aytilishicha, Polshaning bu ikki viloyatida mutaxassislar taqchilligi mavjud. Lodz mamlakatning to‘qimachilik sanoati markazi bo‘lsa, Lyublinda agrar sektor yaxshi rivojlangan. Lodz va Lyublin gubernatorlari O‘zbekiston malakali ishchilarni yetkazib bersa, o‘z zimmalariga ularga mehnat qilish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berilishini soddalashtirish va tezlatishga va’da qilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Polsha rasmiylari bilan o‘zbek mehnat muhojirlarini huquqiy va ijtimoiy muofaza qilish masalasini ham muhokama qilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, o‘zbekistonliklarni Polshada ish bilan ta’minlash masalasi ustidagi ishlar o‘tgan yili boshlangan. 2016 yilning noyabrida Polshaning «JP Construct» qurilish kompaniyasi rahbari Ya. Kontarovich boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga kelib, Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligi rahbariyati bilan uchrashib ketgan edi.

Ozodlik Mehnat vazirligi xabarida tilga olingan Polshadagi shirkatlardan biri TRADMA kompaniyasi bilan bog‘landi. Kompaniya rasmiy vakili Yuana Gora o‘zbek delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgani, tomonlar hamkorlikning shartlarini muhokama qilayotgani, lekin hozircha shartnoma tuzilmagani to‘g‘risida aytdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligining fuqarolar bilan ishlash markazi operatori horijiy davlatlarga borib ishlamoqchilarga agentlik saytiga kirib, o‘zi haqdagi ma’lumotlarni qoldirishni maslahat berdi.

XS
SM
MD
LG