Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2021, Тошкент вақти: 22:45

Prokurordan $15000 talab qilgan qariya 3 yilga qamaldi


Farg‘onada 5000 so‘mlikni qalbakilashtirgan guruh fosh etildi. Qashqadaryolik qariya tuman prokuroridan 15 ming dollar pul talab qildi. Toshkentda militsiya noziri pora bilan qo‘lga tushdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

Toshkent chorrahalarida 15 martdan kuzatuv kameralari ishga tushadi

Joriy yil 15 martdan Toshkentda chorrahalarga o‘rnatilgan videokameralar yordamida qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun haydovchilarni jarimaga tortish mexanizmi ishga tushiriladi (“XXI” asr, 8 mart). IIV Yo‘l harakati bosh boshqarmasi rahbari Xolmatjon Saydaliev mazkur mexanizm sinov tariqasida ishga tushirilayotgani va kamchiliklar bo‘lishi mumkinligini aytgan. Qayd etilishicha, qoidabuzarlik uchun jarima avtomobil egasi nomiga yuboriladi. Kameralar qayd etgan qoidabuzarliklar uchun jarima to‘lash haqida qaror chiqarilgach, avtomobil egasi 60 kun ichida jarimani to‘lashi kerak. Agar transport vositasini huquqbuzarlik sodir etilgan paytda boshqa shaxs (masalan, ishonchnoma berilgan shaxs) boshqargani aniqlansa, mashina egasi ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi va jarimani qoidabuzarlikni sodir etgan shaxsning o‘zi to‘laydi. Mamlakat bo‘yicha yo‘l harakatiga mas’ul X.Saydalievga ko‘ra, yangi tizim transport vositalarining chorrahalarda to‘xtab turishini 20-25 foizga, dvigatellardan chiqayotgan zaharli gazlarni 5-10 foizga, yonilg‘i sarfini esa 5-15 foizga kamayishi hisobiga ekologik holatni yaxshilaydi.

Prokurordan 15 ming dollar pul talab qilgan qariya 3 yilga kesildi

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida yashovchi 65 yoshli qariya tuman prokuroridan 15 ming dollar pul talab qildi. “Huquq” nashri xabariga ko‘ra, qariya tuman elektr korxonasi ustidan prokurorga shikoyat qilgan, prokuratura shikoyatni o‘rganib, qonuniy hal etgan. Biroq shikoyat yozish orqali odamlardan pul undirishga odatlangan qariya bu gal moddiy manfaat ko‘rmagan. Shu bois u elektr korxonasini qonuniy tekshirmadi degan da’vo bilan tuman prokurori ustidan shikoyat yoza boshlagan. Shikoyatlarni to‘xtatish evaziga esa tuman prokuroridan 15 ming dollar talab qilgan. Qayd etilishicha, 65 yoshli fuqaro vositachi orqali 5 ming dollar olayotganda huquq organlari tomonidan ushlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tumani sudi fuqaroga 3 yil ozodlikdan cheklash va eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarima tayinlagan.

Toshkentda militsiya noziri pora bilan ushlandi

Toshkent shahri Yashnobod tumani IIB profilaktika inspektori pora bilan ushlandi (“Huquq”, 9 mart). Qayd etilishicha, binoyidek ishlab yurgan yigitni nafs yo‘ldan ozdirgan. O‘ziga tegishli hududda pasport tizimiga rioya etilishini tekshirgan nozir non mahsulotlari tsexida ishlaydigan 3 nafar fuqaroning pasport yo‘qligini aniqlagan. Ismi oshkor etilmagan militsiya noziri ushbu holatdan ko‘z yumish evaziga non ishlab chiqarish korxonasi rahbaridan 1 million 140 ming so‘m pora olayotganda ushlangan. “Davlat tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralardagi noxush holatlar, ya’ni hokimiyatni obro‘sizlantirayotgan poraxo‘rlik, tamagirlik va korrupsiya ko‘rinishlar bilan aslo murosa qilib bo‘lmaydi”, deb yozadi prokuratura nashri.

Farg‘onada o‘zbek so‘mini qalbakilashtirgan ikki yigit mahkamaga tortildi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi Doston Abdusalomov va Farrux Mamajonov O‘zbekiston milliy valyutasini qalbakilashtirishda ayblanib mahkamaga tortildi (“Postda”, 4 mart). Ikki yigit 1000 va 5000 so‘mlik soxta pullarga chorva, benzin va boshqa mahsulotlar sotib olgan. Qalbaki pul muomalasi jabrlanuvchilari murojaatlari asosida ichki ishlar organlari bozor va jamoat joylarda nazoratni kuchaytirgan va ko‘p o‘tmay gumonlanuvchilar qo‘lga olingan. D.Abdusalomovning uyidan qalbaki kupyuralarini yasashda ishlatilgan noutbuk, rangli printer, turli bo‘yoqlar va katta miqdordagi soxta pul topilgan. Aybdorlarga tegishli jazo tayinlangani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG