Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2021, Тошкент вақти: 09:17

Adolat izlayotgan ayol qizi bilan 3 oydan beri "Sheremetyevo" aeroportida yashamoqda


Qirg‘izistonlik Gulqan o‘smir qizi bilan uch oydan beri "Sheremetyevo" aeroportida yashamoqda.

Moskvaning gavjum “Sheremetyevo” aeroporti, bir qarashda, norozilik aktsiyasi o‘tkazadigan joy emas. To‘liq ismini oshkor qilishdan bosh tortayotgan qirg‘izistonlik Gulqan o‘smir qizi bilan uch oydan beri aeroportda yashamoqda. Ular adolat o‘rnatilmagunicha aeroportning “D” terminalini tark etmasliklarini aytmoqdalar.

Ona-bolaning aytishicha, tojikistonlik shaxs ularga kuyov bo‘lishni ""va’da qilib, ularning bank kartalari va undagi minglab dollar mablag‘ni olganiu qochgan.

“U o‘g‘ri, tovlamachi bo‘lib chiqdi”, deydi Gulqan. Hodisa o‘tgan yilning avgustida sodir bo‘lgan.

“Moskvada ishlab, taxminan 150 ming rubl ishladik”, deydi ona. Bundan keyin Gulqan qizi Ular bilan Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida joylashgan Ko‘kbel qishlog‘iga qaytgan.

Keyin qizim "Odnoklassniki"da (ijtimoiy tarmoq) bir yigit bilan tanishib qoldi. U qizimdan qarz so‘radi. Qizim rozi bo‘ldi. U O‘shga keldi, “Sberbank” kartamizni oldiyu g‘oyib bo‘ldi.

“Biz uni taniymiz. U - Tojikiston fuqarosi. Bizda uning pasportidagi ma’lumotlar va pasport nomeri bor. Adresini ham bilamiz”, deydi Gulqan.

Gulqanning aytishicha, u hodisadan keyin Moskvaga qaytib, Krilatskoe tuman politsiyasiga murojaat qilgan hamda Qirg‘iziston elchixonasidan yordam so‘ragan.

“[Rossiya] politsiyasi tergov ochilgani aytishdi. Endi biz kutyapmiz. Qachon o‘g‘rini va pulimizni topishsa”, uyga qaytamiz.

Gulqan va uning qizi narsalarini plastik paketlarda saqlashadi va uchishlar zalida ovqatlanishadi, tunni ham shu yerda - aeroportda o‘tkazishadi.

Gulqan beva bo‘lib, Rossiyada ishlayotgan o‘g‘lidan yordam olib turadi.

“U bizga non va choy sotib olishimiz uchun pul jo‘natadi. O‘g‘lim shartnoma bo‘yicha ishlaydi, doimiy ishi yo‘q. Undan bizga qarashni so‘ray olmayman, chunki uning o‘zida bunday qilishga imkoniyat yo‘q”.

Gulqanga ko‘ra, Qirg‘izistondagi qarindoshlari hammasidan xabardor, ammo ularning “ham o‘z tashvishlari bor”.

Sobiq sovet davlatlari fuqarolari – tojiklar, qirg‘izlar, o‘zbeklar hamda qozoqlar – rus tili va boshqa rishtalar tufayli bir necha o‘n yildan beri Rossiyaga ishlagani borishadi. Rossiya rasmiylari esa hujjatsiz muhojirlar sonini cheklash uchun turli chora ko‘rib keladi.

Aeroportda ishlaydigan qirg‘izistonlik taksi haydovchilari Gulqan va Ular haqida bilishadi.

“Kadet” laqabli taksistning aytishicha, haydovchilar Gulqan va uning qiziga Qirg‘izistonga chipta olib berishni taklif qilishgan, ammo ona-bola bunga rozi bo‘lmagan.

“Ularga qanday yordam berishni bilmayman. Chipta uchun pul berib, O‘shga jo‘natmoqchi edim, ammo ularning ketish niyati yo‘q”, deydi “Kadet”.

Gulqan esa: “Aeroportda havasga yashayotganimiz yo‘q. Pulimizni olganimizdan keyin qaytishga umid qilyapmiz. Ungacha hech qaerga ketmaymiz”, deb o‘z so‘zini yakunladi.

XS
SM
MD
LG