Линклар

Шошилинч хабар
17 январ 2021, Тошкент вақти: 11:45

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga sarmoyani "keskin kengaytirmoqda"


YeTTB prezidenti Suma Chakraborti.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonga sarmoya kiritishni "keskin kengaytirmoqda". Bu haqda ushbu bankning so‘zchisi Jonatan Charlz 15 mart kuni Ozodlik savollariga yozma javob berarkan ma’lum qildi.

YeTTB prezidenti Suma Chakraborti boshchiligidagi delegatsiya 15-17 mart kunlari rasmiy Toshkent, jumladan prezident Shavkat Mirziyoev bilan O‘zbekiston bilan hamkorlik holati va mamlakatda bank sarmoyasini kengaytirish istiqbollarini muhokama qiladi.

YeTTB O‘zbekistonda 1993 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib keladi, biroq bank ushbu mamlakatda o‘z amaliyotlarini 2010 yilda butunlay muzlatib qo‘ygandi.

YeTTB Markaziy Osiyo davlatlaridagi eng yirik sarmoyador bo‘lib, bankning MO davlatlaridagi asosan xususiy sektorga yotqizgan sarmoyasi 12,3 milliard dollarni tashkil etadi.

Prioritet: kichik va o‘rta biznes

"Biz hech qachon O‘zbekistonni tark etmadik. Biz haliyam miqdori 8 million yevroga teng faol loyihalarimiz bor - deb yozdi Ozodlik savollariga javob bergan YeTTB so‘zchisi Jonatan Charlz - Ammo, biz bu sarmoyani keskin oshirmoqchimiz. Ehtimoliy loyihalarni aniqlash ishlari boshlangan.​"

Uning ma’lum qilishicha, bank asosiy sarmoyalarni xususiy sektorga yotqizishni istasa-da, boshqa loyihalarga ham e’tibor qaratiladi.

"Kichik va o‘rta hajmdagi shirkatlar biz uchun prioritet hisoblanadi," deb yozdi Jonatan Charlz.

U O‘zbekiston rasmiylari bilan Toshkentda bo‘layotgan uchrashuvlar bank rahbariyatida "juda yaxshi taassurot" qoldirayotganini aytdi.

"Ular (O‘zbekiston rasmiylari) iqtisodiy islohotlarni davom ettirishni sidqidildan istashyapti va biz ularni mamnuniyatla qo‘llab-quvvatlaymiz," deb yozdi Suma Chakraborti boshchiligidagi delegatsiya tarkibida bo‘lgan Jonatan Charlz.

Fevral oyining birinchi yarmida YeTTBning Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha ijroiy direktori Natalya Xanjenkova boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirgandi.

Bank yetakchi mutaxassislaridan iborat 10 kishilik delegatsiya Toshkentda 5 kun davomida bosh vazir, tashqi ishlar vaziri va boshqa vazirlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, O‘zbekistonda bank faoliyatini qaytadan boshlash masalasini muhokama qilgandi.

Tugayotgan "tanaffus"

O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasida 1993 yilda aloqa o‘rnatilgan, ammo bank, 2003 yildan boshlab, O‘zbekistonga kredit ajratishni kamaytirdi.

YeTTB va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikda ilk xavotirli tisarilish 2003 yil mayida kuzatildi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan YeTTB sammitida bank rahbariyati O‘zbekistonni avtoritarlik, iqtisodiy islohotlarga rioya etmaslik, so‘z erkinligini bo‘g‘ish va qamoqxonalarda sistematik qiynoqlarni qo‘llashda aybladi.

O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimov mazkur sammitda bank "O‘zbekistonda o‘kazilayotgan islohotlarda katta rolь o‘ynamoqda", deb ta’kidlagan esa-da, mamlakatda qiynoqlarning qo‘llanishini e’tirof etmagan edi.

2005 yil mayida Andijonda yuz bergan qonli voqealar ham munosabatlarni yanada sovuqlashtirdi.

2010 yilda YeTTB mamlakatdagi loyihalar uchun kredit mablag‘lari ajratishni butunlay to‘xtatgandi.

15 yil davomida YeTTB O‘zbekistonga 1 milliard dollardan ko‘proq sarmoya kiritdi.

Ushbu sarmoyalarning salmoqli qismi xususiy sektorga yo‘naltirilgan edi.

Ammo, hozirgi kunda YeTTBning O‘zbekistondagi faoliyati umumiy hisobi 8 million yevrolik bor-yo‘g‘i beshta loyihani qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib qolmoqda.

Biroq, YeTTB so‘zchisi Jonatan Charlz bankning O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtab qolganini "tanaffus" deya baholadi.

"Yangi prezident ham, YeTTB ham bu tanaffuz poyon topishini istaydi va biz hozir shu yo‘lda ishlayapmiz. Ikkala tomon ham sarmoya uchun loyihalarni aniqlamoqda," dedi u.

Jonatan Charlz YeTTBning O‘zbekistonga qaytishi uchun qanday shartlar ilgari surilganini sharhlamadi, biroq u: "Biz yangicha munosabatlar uchun sharoitlar muhayyo deb ishonamiz," deya qo‘shimcha qildi.

Ozodlikning YeTTB va O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalariga ko‘ra, bank O‘zbekistonda o‘z faoliyatini rasman qayta boshlayotganini 17 martda e’lon qilishi kutilmoqda.

Ammo, YeTTBning O‘zbekistonga aynan qancha sarmoya bilan kelishi hozirgacha aniqlangani yo‘q.

XS
SM
MD
LG