Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:32

Toshkentdagi maktablarda “davomat politsiyasi” lavozimi ta’sis etildi


2017 yilning 1 martidan maktablar shtat jadvaliga kiritilgan “tarbiyachi” lavozimiga “Kamolot” ijtimoiy harakati vakili tayinlanadi. O‘quvchilarning dars qoldirmasligini ta’minlash kamolotchining asosiy vazifasi bo‘ladi. Bu ma’lumotni Ozodlik Toshkent shahar hokimligi mas’ul mulozimidan oldi.

Kamolotchi-tarbiyachi lavozimining ta’sis etilganini hokimlik mulozimi davomat bilan bog‘liq vaziyatning Toshkentda o‘ta abgor ekanligi bilan izohladi.

“O‘quvchi darsdami, darsda emasmi - hech kim nazorat qilmayapti. Bu ish bilan endi “Kamolot” vakili shug‘ullanadi”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan mulozim.

“6- soatga hech kim qolmayapti”

Maktablardagi vaziyatni tasvirlar ekan, hokimlik vakili bunday dedi:

“Davomatni tekshirish uchun maktablarga borganimizda o‘g‘il bolalarning 1-, 2- soatlarda bo‘lmasligini, 6- soatga esa, bironta ham o‘quvchi qolmasligini ko‘rdik”.

Toshkent shahar hokimligida 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qatnashgan mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, kamolotchi-tarbiyachi maoshni shahar hokimligidan oladi va shu sababli u o‘zi ishlayotgan maktab direktoridan mustaqil bo‘ladi.

Hokimlik mulozimining Ozodlikka aytishicha, kamolotchi-tarbiyachilarga maosh to‘lash shahar byudjetida nazarda tutilgan.

O‘qituvchi aybdor?

Poytaxt maktablarida davomatning o‘ta yomon ahvolga tushib qolishi sabablaridan biri, hokimlik mulozimi fikricha, o‘qituvchilarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondoshayotganida.

“Har bir o‘qituvchi o‘z faniga o‘quvchilarini qiziqtira olishi kerak. Hozirgi bolalarga qo‘shimcha informatsiya bermasangiz, shunchaki darslikdagini aytib berib, konspekt yozdirganiga qoniqishmayapti”, - dedi mulozim.

Toshkent viloyatidagi maktab direktorlaridan birining Ozodlikka aytishicha, shu kunda o‘qituvchi 900 mingdan 1 mln. 200 ming so‘mgacha maosh oladi. (15 mart kuni O‘zbekistonning valyuta qora bozorida 1 AQSh dollari 7800 so‘mga tenglashdi)

Toshkent shahar hokimligining Ozodlik savollariga javob bergan mulozimi masalaning shu jihatiga – o‘qituvchi moddiy manfaatdorligi masalasiga to‘xtalmadi..

Bu masala, xabarlarga qaraganda, 14 mart kuni hokimlikda o‘tkazilgan brifingda ham ko‘tarilmagan.

Hokimlik maktablar va kollejlarda yuzaga kelgan og‘ir vaziyatdan yana “tashkiliy choralar” ko‘rish bilan chiqmoqchi.

14 mart kuni hokimlikda o‘tkazilgan brifingda 10 kun ichida doimiy ravishda darslarni qoldirayotgan o‘quvchi va talabalar ro‘yxati tuzilajagi, bu ishnikamolotchi tarbiyachilar va maktab ma’muriyati amalga oshirishi aytildi.

Bundan tashqari 1 hafta muddat ichida barcha ta’lim muassasa- laridagi real davomatni aniqlash, mahalla profilaktika inspektorlarini ta’lim muassasalariga biriktirish belgilangan. Profilaktika inspektorlari sababsiz dars qoldirayotgan, ta’lim muassasasi ichki tartiblariga rioya qilmaydigan o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlaydi. Maktab direktorlari real davomatni yashirgan hollarda ishdan haydaladi.

Xo‘sh, bu choralar ish beradimi?

Bosh prokuror echa olmagan muammoni kamolotchiga topshirmoqchilar

Agar bundan 4 (!) yil muqaddam, 2013 yilning iyulida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Vazirlar Mahkamasi nashri “Pravda Vostoka” gazetasida e’lon qilgan maqolasi eslansa, o‘sha vaqtda kollejlar uchun xarakterli bo‘lgan dars qoldirish kasaliga, endilikda maktablar ham chalingani ayon bo‘ladi.

Boshqa qator muhim ishlari qatorida o‘quvchi yoshlarning darsga qatnashishini ham shaxsan o‘z nazoratiga olgan Bosh prokuror “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, professional ta’limning majburiyligi - barkamol yosh avlodni tarbiyalashning muhim sharti”, degan sarlavhali maqolasida 2012-2013 o‘quv yilida kollejlar va akademik litseylarning 5 mingdan ziyod o‘quvchisi sistematik tarzda dars qoldirgani, 2011 va 2012 yillarda va 2013 yilning 5 oyi davomida mamlakat bo‘ylab ta’lim sohasining 2 ming xodimi o‘quvchilar davomatini nazorat qilmagani uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan, birgina 2012 yili 3,5 ming ota-ona farzandalarining o‘qishga qatnashini ta’minlamagani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga binoan javobgarlikka tortilgani to‘g‘risida.

Toshkent shahar hokimligida 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytilganlardan kelib chiqilsa, mamlakat Bosh prokurori yecha olmagan muammoni hal qilish, endilikda kamolotchi-tarbiyachi zimmasiga yuklatilmoqda.

Back to USSR?

Hokimlikda bo‘lib o‘tgan brifing to‘g‘risidagi xabarini ba’zi mahalliy saytlar istehzoli sarlavha ostida berdi. Masalan, podrobno.uz sayti o‘z xabarini “Nazad v budushchee: v stolichnix shkolax poyavilis vojatie… "Kamolot" (“Kelajak sari ortga: poytaxt maktablarida vojatiylar paydo bo‘ldi... “Kamolot”ning vojatiylari”) deb sarlavhaladi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishguncha bo‘lgan davrda “Vojatiy” so‘zi o‘zbek lug‘atidagi aktiv so‘zlardan biri edi. Vojatiy – maktabda pionerlar bilan ishlaydigan pedagog bo‘lib, shu lavozimi uchun maosh olardi.

Yaqin tarixga chuqurlashmaslik uchun birgina detalni keltiramiz: Maktab pioner vojatiysi vaqti-vaqti bilan pionerlar sborini (yig‘ini) o‘tkazar, va askarlarday saf bo‘lib turgan pionerlarga qarab: “Pioner, Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi ishi uchun kurashga bo‘l tayyor!” deb hayriqar, pionerlar esa, bunga javoban “Doim tayyor!” deb yanada balandroq hayqiriq bilan javob berardi.

Pioner vojatiysi, albatta, komsomol tashkiloti a’zosi bo‘lar edi.

O‘zbekistondagi “Kamolot” tashkilotini o‘sha Sovet komsomolining merosxo‘ri, deyishadi.

Mahalliy saytlarning “vojatiy” so‘zini eslagani shundan.

Toshkent shahar hokimligi mulozimining aytishicha, maktablarga ishga olinayotgan kamolotchi-tarbiyachilar o‘quvchilar davomatini nazorat qilishdan tashqari o‘zlarining boshqa tarbiyaviy tadbirlarini ham o‘tkazadi.

XS
SM
MD
LG