Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:12

Qo‘qonlik tadbirkor hokimdan 273 million so‘mini undirolmayapti


Farg‘onada hokim sud qarori ijrosini paysalga solmoqda. Qashqadaryoda erining zulmiga chidolmagan ayol o‘z joniga qasd qildi. O‘zbek maktablarida “Navoiy fani”ni joriy etish taklif qilinayapti.

_______________________________________________________________

Tadbirkor Zafar Tursunov Qo‘qon hokimidan 273 million so‘m qonuniy haqini undirolmayapti

20 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Zafar Tursunov Qo‘qon hokimidan qonuniy 273 million so‘m haqini undirolmayotir (“XXI” asr, 16 mart). 2009 yil 14 dekabrda Qo‘qonning o‘sha paytdagi hokimi Sh.Sobirovning 467-qarori bilan tadbirkor Zafar Tursunovga tegishli maydoni 357 kv.m. bo‘lgan oshxona binosi buziladi. Ko‘p yillik sudlashuvlardan keyin 2016 yil yanvarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudi hokimning 467-qarori noqonuniyligini e’tirof etib, shahar hokimligidan tadbirkorga yetkazilgan 281 million so‘m moddiy va ma’naviy zararni qoplash haqida hal qiluv qarori chiqaradi. Ammo sudning hal qiluv qarori chiqqaniga 1 yildan oshgan bo‘lsa-da, Qo‘qon shahar hokimligi tadbirkor hisobiga “ovozi o‘chib tursin” degandik atigi 8 million so‘m o‘tkazib berib, qolgan mablag‘ni to‘lashni paysalga solmoqda. “Sud ijrochilariga nisbatan savol tug‘iladi: oddiy fuqaroning, deylik, kommunal to‘lovlardan qarzi bo‘lsa, darhol chopib kelinadi. Ta’kid etiladigan gap ham bitta: besh kunda to‘lov amalga oshirilmasa, eng kam ish haqining besh barobari miqdorida jarima solinadi! To‘g‘ri ta’kid, to‘g‘ri talab. Mabodo, muddat o‘tkazib yuborilsa, qarzdor haqli ravishda jarimaga tortiladi, kamiga qarzdorlikni qoplash uchun ijro – uning mulkiga qaratiladi... Nega endi shu qonun talabi hokimga kelganda kuchini yo‘qotmoqda?” deb yozadi gazeta.

Qashqadaryoda ikki farzandning onasi o‘z joniga qasd qildi

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashagan, ikki farzandning onasi bo‘lgan ayol erining zulm va zug‘umlaridan bezib, o‘z joniga qasd qildi (“Huquq”, 16 mart). Ismi oshkor etilmagan erkak bir necha yil davomida rafiqasini xo‘rlab, kaltaklab kelgan. Ayol har gal zo‘ravon eridan qochib, onasining uyiga kelganida, onasi: “Ajrashib, bizni el-yurt oldida sharmanda qilmagin” degan mazmunda nasihat qilib, qizini qaytarib yuborgan. Kunlarning birida ayol eriga “Dadasi, pomidor olib kelsangiz, salat qilardik” deydi qo‘rqa-pisa. Janjal uchun bahona topolmayotgan erkak "hali menga ish buyuradigan bo‘ldingmi?" degandek xotinini ayovsiz kaltaklaydi. Sabr kosasi to‘lgan ayol tandirxonaga kirib, o‘z joniga qasd qiladi. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudi xotini o‘limiga sabab bo‘lgan erga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Iste’molchilar asosan gaz ta’minotidan norozi

2016 yilda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga 10 mingga yaqin murojaat kelib tushdi (“Oila davrasida”, 16 mart). Murojaatlar asosida 3 milliard 860,4 million so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilib berildi. Federatsiya raisi o‘rinbosari Nodirbek Yusupovga ko‘ra, iste’molchilardan kelgan eng ko‘p murojaatlar tabiiy gaz (2863 ta), savdo sohasi (2343 ta), elektr energiyasi ta’minoti korxonalari (1526 ta) va boshqa kommunal masalalar (335 ta) bilan bog‘liq. Avvalroq O‘zbekiston Prezidentining virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlarning salmoqli qismi gaz, elektr ta’minoti va boshqa kommunal xizmatlardagi muammolarga oid ekani xabar qilingan edi.

Matbuot: Maktablarda yangi “Navoiy fani” joriy etilsin

Shoir va tarjimon Asror Mo‘min O‘zbekiston maktablarida “Navoiy fani” deb nomlangan predmetni joriy etishni taklif qildi (“Hurriyat”, 15 mart). Qayd etilishicha, o‘zbek deganda eng avvalo Navoiy siymosi gavdalanadi. Shu bois mutafakkir ijodini muttasil o‘rganish, navoiyxonlik madaniyatini oshirish lozim. Muallifga ko‘ra, “ona tili va adabiyoti o‘z yo‘liga, lekin hayotimizda har kuni kerak bo‘ladigan matematika, fizika, kimyo fanlari kabi Navoiy fani ham o‘quv dasturidan haqli ravishda joy olishi lozim”.

XS
SM
MD
LG