Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:54

Fermerlarga har gektar yeri uchun 40 kilodan “temir solig‘i” solindi


O‘zbekiston bo‘ylab fermerlar zimmasiga joriy yil birinchi choragi uchun metallolom topshirish vazifasi yuklatildi. Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan fermerlarga ko‘ra, ulardan har bir gektar yer uchun 40 kilogrammdan temir-tersak topshirish yoki metallolomning har kilosiga 250 so‘mdan pul berish talab qilinmoqda.

Xorazmlik fermerning aytishicha, mahalliy hokimiyat tomonidan o‘ziga 25 gektar yer uchun 1 tonna metallolom topshirish majburiyatini yuklatilgan.

“Har chorakda metallolom topshirish kerak. Mening yerim ko‘p bo‘lgani uchun 1 tonna topshirasan¸ deydi. Har gektar yerga 40 kilodan yozishgan. Har yili sovet davridan qolgan eskirgan, ishlatilmay yotgan texnikalarni bo‘lib-bo‘lib topshirayotgan edim. Endi eski texnika umuman qolmadi. Bir hafta avval hokimiyatdagi majlisda metalolom topshirish yana o‘rtaga chiqdi. Kecha hokimiyatdagi yigitlar bilan gaplashgandim. Temir topmasang, pulini to‘la dedi. Lekin hali puli qancha ekanligini kelishmadik”, deydi xorazmlik fermer.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi fermer esa¸ hokimiyat topshirig‘i bilan¸ yiliga 400 kilogramm metallolom topshirishga majburligini aytadi.

“Har chorakka 100 kilodan topshirishim lozim. Bir yillik soliq 400 kilo metallolom. Temir topa olmasangiz, pulini berish mumkin. Hokimiyatdagi metallolom uchun mas’ul yigitlarga 1 kilosiga 250 so‘mdan qo‘liga berasiz. Keyin ular “metallolom topshirdi” deb rasmiylashtirib qo‘yishadi. Bilmadim¸ shu pulga o‘zlari metallolom sotib olishsa kerak”, deydi fermer yigit.

Uning aytishicha, metallolom topshirish rejasini bajarmaganlarga¸ odatda¸ yerini tortib olish bilan tahdid qilinadi.

“Chaqirib, hokim yeringni olaman deb qo‘rqitadi. “Boshqa biror aybingni topib yeringni olib qo‘yaman” deydi. Topshirmasangiz¸ hokimiyatga chaqirib to‘polon qilishadi. Turli xil ayblarni topib qo‘rqitishadi. Shuning uchun bosh og‘rig‘i ko‘p bo‘lmasin deb, pulini berib qutulamiz”, deydi yangiyo‘llik fermer.

Ozodlik suhbatlashgan Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Surxondaryodagi boshqa fermerlar ham “metallolom solig‘i” bilan bog‘liq vaziyat o‘z hududlarida ham ayni ekanini aytishdi.

O‘zbekistonda Navro‘z munosabati bilan 21 mart rasmiy bayram kuni bo‘lgani bois mahalliy hokimliklardan metallolom bilan bog‘liq savollarga javob olish imkoni bo‘lmadi.

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ ayni kunlarda nafaqat fermerlar¸ balki mamlakatdagi boshqa ko‘plab tashkilot xodimlaridan ham metallolom topshirish yoki pulini berish talab qilinmoqda.

Ozodlikning Facebookdagi folloverlaridan biri @Ikbol_Kuldashev ishchi-xizmatchilardan metallolom talab qilish muntazam ko‘rinish kasb qilgani haqida yozdi.

Metallolom har yili majbur qilinadigan holatku. Xalq va ishchilar bunga o‘rganib qolgan. Buni hatto Mirziyoev ham bekor qilolmasa kerak. Paxta bilan metallolom o‘zbeklar uchun odatiy ekspluatatsiya¸ xolos”, deyiladi uning Ozodlik Facebook sahifasida qoldirgan sharhida.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining metallolom jamg‘arish haqidagi qarorini bajarish mas’uliyati, asosan, fermerlar, maktab-kollejlar o‘qituvchiyu o‘quvchilari, tibbiyot muassasalarining shifokoru hamshiralari zimmasiga yuklangan.

Keyingi paytlarda hatto bog‘chalarga qatnaydigan bolalarning ota-onalariga ham metallolom solig‘i solinmoqda.

XS
SM
MD
LG