Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 02:57

Afg‘oniston: AQSh askarlari sonini oshirish kerak


Afg‘oniston toliblar va “Islom davlati” ekstremistik guruhi bilan yaxshiroq kurashish uchun AQSh mamlakatga ko‘proq qo‘shin yuborishini istaydi. Bu haqda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bildirdi.

21 mart kuni Rabboniy Afg‘onistondagi AQSh armiyasi generali Jon Nikolsonning mamlakatga AQSh yoki koalitsiyaga az’o boshqa davlatlardan bir necha ming qo‘shimcha askar olib kelish taklifini qo‘lladi.

Tramp ma’muriyati hali Nikolson sharhlariga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q. Hozirda Afg‘onistonda taqriban 8400 AQSh askari bor. Ular asosan terrorizmga qarshi kurashish hamda Afg‘oniston Milliy armiyasi malakasini oshirish bilan band. Afg‘onistondagi to‘qnashuvlar 16 yildan beri tinchigani yo‘q.

Rabboniy oy boshida harbiy shifoxonaga qilingan hujumni eslar ekan, Afg‘oniston “harbiy kamchiliklarni” bartaraf etish uchun AQSh yordamiga muhtoj ekanligini aytdi.

“Biz prezident Donald Tramp yetakchiligidagi yangi ma’muriyat strategik hamkorlikni hamda yordam ko‘rsatishni davom ettiradi, deb ishonamiz”, dedi Rabboniy.

Vazir yana: “Oldimizda turgan xavfsizlik bilan bog‘liq muhim muammolarni e’tiborga oladigan bo‘lsak, Nikolson chaqirig‘i maqbul qarordir”, dedi.

Rabboniy Rossiya Afg‘onistonda 12 davlat ishtirokida konferensiya o‘tkazish niyatida ekanligini bildirdi. Bu qudratli davlatlar Afg‘onistonda o‘z ta’sirini oshirishga urinayotganidan darakdir. Sobiq Sovet Ittifoqi 1980 yillarda Afg‘onistonda muvaffaqiyatsiz urush olib borgan.

Rabboniy AQSh konferensiyaga taklif qilinganini, ammo mamlakat rasmiylari unda ishtirok etish-etmasligini bilmasligini aytdi. AQSh Davlat departamenti hali bir qarorga kelinmaganini bildirdi.

Rabboniy mazkur konferensiya fevral oyida Xitoy, Pokiston, Afg‘oniston, Hindiston hamda Eron ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralarning davomi ekanligini bildirdi. Vazirga ko‘ra, muzokaralarga toliblar chaqirilmaydi.

O‘tgan oyda Nikolson Kongressga ko‘rsatma berar ekan, Rossiya ommaviy ravishda toliblarni yoqlab, Afg‘onistonda AQSh va NATO faoliyatiga putur yetkazishni ko‘zlayotganini bildirdi.

Rabboniyning aytishicha, Rossiya ham, Eron ham toliblarni muzokara olib borishga chorlayotganini tasdiqlagan, ammo ularga moddiy yordam ko‘rsatayotganini rad etgan.

XS
SM
MD
LG