Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:59

Jinoyatni qasddan yashirgan militsiya zobitlari mahkamaga tortildi


O‘zbekistonda bir necha militsiya xodimi jinoyatni ataylab yashirgani uchun javobgarlikka tortildi. Narxni asossiz oshirgan 600 ga yaqin dorixona litsenziyasi bekor qilinishi mumkin. Farg‘onada elektr korxonasi rahbari 415 million so‘mni o‘zlashtirgani fosh etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

O‘zbekiston senati mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritishga oid qonunni muhokama qiladi

Joriy yil 28-29 mart kunlari Toshkentda Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi (“XXI asr”, 23 mart). Senat matbuot xizmatiga ko‘ra, yalpi majlisda bir qator qonun hujjatlari bilan birga “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama etiladi. Shuningdek, senatorlar mamlakat Bosh prokurori, Ichki ishlar vaziri, Markaziy bank raisi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili va boshqa mutasaddilarning hisobotlarini tinglaydi.

Jinoyatni ataylab yashirgan militsiya xodimlari javobgarlikka tortildi

Andijon viloyati Baliqchi tumani IIB profilaktika inspektori, leytenant Sherzodbek Mirzaev jinoyatni qasddan yashirgani fosh etildi (“Postda”, 18 mart). Shu hududda yashovchi fuqaro A.Ismoilov mollari o‘g‘irlangani xususida inspektor Sh.Mirzaevga murojaat qilgan. Ammo militsiya noziri xizmat hududidagi kriminogen vaziyat ko‘rsatkichlarini yomonlashtirmaslik maqsadida o‘g‘irlik haqida IIB navbatchilik qismiga xabar bermagan, ariza va xabarlar kitobiga jinoyatni qayd etmagan, shoshilinch tergov-surishtiruv harakatlarini olib bormagan. Ma’lum qilinishicha, jinoyatni qasddan yashirishda ayblangan militsiya ofitseri Sh.Mirzaev aybiga to‘la iqrorligi va qilmishidan pushaymonligi bois unga nisbatan amnistiya qo‘llanildi. O‘tgan yil davomida jinoyatni qasddan yashirgani uchun ichki ishlar organlarining yana bir necha xodimi javobgarlikka tortilgan, deb xabar beradi IIV nashri.

O‘zbekistonda 870 ta dorixonada qonunbuzarliklar aniqlandi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi departament mamlakatdagi 870 ta dorixonada dori-darmon narxini asossiz oshirish bilan bog‘liq qonunbuzarliklarni aniqladi (“Oila davrasida”, 23 mart). Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ismat Azizovga ko‘ra, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan 586 ta dorixonaning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha xo‘jalik sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7 martidan ijtimoiy ahamiyatga ega 343 nomdagi dori vositalarini qat’iy cheklangan narxlarda sotish tartibi kuchga kirdi. Ushbu tartib dori-darmonlar narxini asossiz oshirishga qarshi qaratilgan.

Farg‘onada elektr korxonasi rahbari 415 million so‘mni o‘zlashtirdi

Farg‘ona viloyati Toshloq tumani elektr korxonasi rahbari boshchiligidagi jinoiy guruh 415 million so‘mdan oshiq mablag‘ni o‘margan (“Huquq”, 23 mart). Jinoiy guruhga elektr korxonasi rahbari bilan birga uning o‘rinbosari, bosh hisobchi va bosh muhandis kirgan. Elektr korxonasining ismi oshkor etilmagan rahbarlari uch yil davomida “Uzpaynet” shaxobchasiga fuqarolardan to‘lov sifatida topshirilgan naqd pulni o‘zlashtirib kelgan. Kirim qilinmasdan o‘zlashtirilgan kvitansiyalar soni 6000 ga yaqin ekani ma’lum qilingan. Elektr korxonasi rahbarlari, shuningdek, ulgurji va chakana iste’molchilardan qarzlarni undirishga ham loqaydlik qilgan. Xabarga ko‘ra, Toshloq tumani elektr korxonasi rahbarlariga davlat yetkazilgan 415 million so‘m mablag‘ni qaytarish majburiyati yuklanib, ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG