Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2019, Тошкент вақти: 18:17

Londondagi terror hujumini 52 yoshli Xolid Mas’ud amalga oshirgan


22 mart kuni Londonda sodir etilgan hujumda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 5 kishi halok bo‘lgan.

London politsiyasi Britaniya parlamenti oldida 22 mart kuni amalga oshirilgan hujumda gumonlanayotgan shaxs Britaniyada tug‘ilgan 52 yoshli Xolid Mas’ud ekanligini bildirdi. Xolid keyingi paytda Birmingem shahrini o‘z ichiga oluvchi Uest-Midlends grafligida yashayotgan bo‘lgan.

Britaniya rasmiylari 23 mart kuni o‘tkazilgan reydlar davomida qo‘lga olingan yana sakkiz shaxs terror hujumlariga hozirlanganlikda gumonlanib, ushlab turilganini bildirishdi.

Gumonlanuvchilarning yetti nafari Birmingem shahrida, bittasi sharqiy Londonda qo‘lga olingan.

Mas’ud terror hujumini amalga oshirayotganida politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. Politsiya vakillari u boshqa bir necha nom bilan ham ma’lum bo‘lganini bildirdi.

Mamlakat rasmiylari Mas’udning terror hujumini amalga oshirish niyati haqida oldindan biror ma’lumotga ega bo‘lmagan.

Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 23 mart kuni ertalab parlamentning quyi palatasiga Mas’ud xavfsizlik rasmiylariga ma’lum bo‘lgan shaxs ekanligini ta’kidlagan edi.

Politsiya Mas’udni diniy terrorizm ruhlantirgan, degan o‘yda. Rasmiylarga ko‘ra, Mas’udga avval terrorizm ayblovi qo‘yilmagan.

Rasmiylar Xolid Mas’ud bundan avval boshqalarga hujum qilish, jumladan, jiddiy tan jarohat yetkazish, noqonuniy ravishda qurolga egalik qilish hamda ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarishda aybdor topilganini tasdiqlashdi.

Mas’ud ilk marotaba 1983 yilning noyabrida birov mulkiga zarar yetkazishda aybdor, deb topilgan. So‘nggi marta 2003 yilning dekabrida noqonuniy ravishda xanjarga egalik qilishda ayblangan.

Mas’ud 22 mart kuni Vestminster ko‘prigi yaqinida avtomobilini atayin piyodalar ustiga haydagan. Natijada ikki odam halok bo‘lgan, kamida 30 odam jarohat olgan. So‘ngra u Britaniya parlamenti politsiya ofitserini pichoqlab o‘ldirgan. Buning ortidan politsiya xodimlari Mas’udni otib tashlashgan.

Британия парламенти олдида отишма бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:29 0:00

Kuni kecha “Islom davlati” ekstremistik guruhi hujumni o‘z “askar”laridan biri amalga oshirganini ta’kidlab, terakt uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

Bu orada halok bo‘lgan to‘rt shaxsning uch nafarining ismi oshkor qilindi.

Ko‘prikda halok bo‘lgan ikki piyoda Oysha Freyd hamda Kurt Ko‘kran ekani ma’lum qilindi. 43 yoshli Freyd parlament yaqinidagi kollejda ma’mur bo‘lgan. Ko‘kran esa to‘yining 25 yilligini nishonlash uchun rafiqasi bilan AQShdan kelgan sayyoh bo‘lgan.

23 mart oqshomida politsiya jarohat olgan 75 yoshli shaxs shifoxonada halok bo‘lganini bildirdi.

Vestminster ko‘prigida jarohat olganlar orasida 12 davlat vatandoshi bor. Rasmiylarga ko‘ra, jarohat olganlarning yetti nafari og‘ir ahvolda.

Avvalroq Britaniya rasmiylari Mas’ud hujumni mustaqil ravishda amalga oshirgan bo‘lsa-da, unga boshqalar yordam bergan bo‘lishi mumkinligini bildirgan edi.

Londonda terrorchilik xavfi ikkinchi darajada qolmoqda. Bu shaharda terror hujumi xavfi juda yuqori demakdir.

XS
SM
MD
LG