Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2019, Тошкент вақти: 05:10

Medvedev uchun pastga sho‘ng‘ish (chang‘ida) davri boshlandi


Dmitriy Medvedev chang‘i uchishni yoqtirishini avvallari ham bildirgan.

26 mart - minglab odam Rossiya shaharlari bo‘ylab korrupsiya¸ xususan¸ mamlakat Bosh vaziriga oid korrupsion ayblovlarga nisbatan o‘z noroziligini ifodalash va hukumat rahbari iste’fosini talab qilib ko‘chalarga chiqqan kunda bosh vazir Dmitriy Medvedev chang‘i uchish bilan band bo‘lgan.

Rossiyada keyingi yillarda o‘tkazilgan eng yirik namoyishlar tugaganidan bir necha soat o‘tib Instagram foydalanuvchisi inspiridonoff Medvedevdan “Kuningiz qanday o‘tdi?” deb so‘radi.

“Yomon emas, chang‘i uchdim”, deb yozdi bunga javoban Medvedev. Bosh vazir o‘z sharhiga tilini chiqarib turgan smaylikni ham ilova qilishni unutmadi.

Medvedevning bu sharhi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Andrey Sokolov ismli Twitter foydalanuvchisi Bosh vazir “qochishga tayyorlanayotgan bo‘lsa kerak”, deb fikr bildirdi.

Boshqa bir foydalanuvchi Medvedev va podsho Nikolay II ning suratlarini yonma-yon qo‘yib, suratda 1917 va 2017 raqamlarini yozib qoldirdi. Bundan roppa-rosa 100 yil avval Rossiyaning so‘nggi monarxi Nikolay II hokimiyatdan ag‘darilgan edi.

26 mart kungi norozilik chiqig‘lariga oid ma’lumot bergan Moskva politsiyasi poytaxtda 500 ga yaqin namoyishchining qo‘lga olinganini bildirdi. “OVD-Info” nodavlat tashkiloti hisobicha¸ aslida 1030 nafar odam qo‘lga olingan.

Qo‘lga olinganlar orasida hokimiyat oliy eshelonlaridagi korrupsiyani fosh qilib kelayotgan muxolifatchi faol Aleksey Navalniy ham bor. Navalniy oy boshida bosh vazir Medvedev xayriya jamg‘armalari va nodavlat tashkilotlar vositasida mamlakatdagi boylar hamda davlat banklari xayriya pullarini yig‘ib olib, qimmatbaho aktivlarni sotib olishga sarflamoqda degan xulosaga kelingan yangi hisobotni e’lon qilgan edi.

27 mart kuni mahkama qarori bilan Navalniy politsiyaga bo‘ysunmaganlikda ayblanib, uchun 15 kunga qamaldi.

Navalniyning korrupsiyaga oid jiddiy ayblovlariga Medvedev shaxsan munosabat bildirgani yo‘q. Ammo uning matbuot kotibi bu ayblovlarni “targ‘ibot hujumlari” deya baholadi

Medvedev Navalniy hisobotida qator xayriya va nodavlat tashkilotlar yordamida oligarxlar va banklardan xayriya to‘plab, yig‘ilgan mablag‘ yordamida qimmatbaho mulk sotib olganlikda ayblanmoqda. Bu hisobot ortidan Medvedevga nisbatan siyosiy bosimlar kuchayib bormoqda.

Kreml chizig‘idan chiqmaydigan Kommunistik partiya a’zolari 24 mart kuni mazkur ayblovlar ko‘rib chiqilishini so‘rab Rossiya Dumasiga rasman murojaat qildi.

Avvalroq kommunist deputat Valeriy Rashkin federal tergovchilardan Navalniy ayblovlarini tekshirishni so‘ragan edi.

14 mart kuni prezident Vladimir Putin Medvedev gripp bo‘lib qolganini aytganidan keyin bosh vazir Internetda kulgi bo‘ldi.

23 mart kuni Medvedev kasal bo‘lganini rad etdi. Buning ortidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bosh vazirni¸ nihoyat prezident so‘ziga qarshi chiqa olgani uchun olqishlashdi.

XS
SM
MD
LG