Линклар

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Navoiy viloyatiga qilgan safari chog‘ida unga arzini aytmoqchi bo‘lgan Xatirchi tumanining Tasmachi qishlog‘ida yashovi o‘nlab ayol va qariya yo‘ldan qaytarildi. Ayollarning Ozodlikka aytishicha, mahalla oqsoqoli va yo‘l xavfsizligi harakati inspektorlari, yo‘lni yopib qo‘yib, avtobus va mashinalarni qishloqdan chiqartirmagan.

Xatirchi tumanining Tasmachi qishlog‘idag yashaydigan 2-guruh nogironi, 25 yashar Nafosat Xalidovaning Ozodlikka aytishicha o‘zi va prezident bilan uchrashish niyatida yo‘lga chiqqan boshqa shikoyatchilar seshanba kuni ertalab ortga qaytarilgan:

- Bizlar prezident Xatirchiga keladi ekan¸ degan gapni eshitganimizdan so‘ng, ko‘pchilik yig‘ildik va avtobusga mindik. Lekin qishlog‘imizdan katta yo‘lga chiqish joyida, GAIlar yo‘lni to‘sib qo‘ygan ekan, mahalla raisi Elyamin aka: "Hech kim hech qayoqqa bormaydi, qishloqdan chiqmaydi, uylaringga qaytinglar!" deb, bizlarni urishib tashladi, dedi nogiron ayol.

Nafosatning aytishicha, yo‘lga otlanganlar prezidentga mahalliy hokimiyat hal qilishni istamayotgan muammolar bo‘yicha arz qilmoqchi bo‘lgan:

- Xalqning aytadigan gapi ko‘p edi. Qishda umuman svet bo‘lmaydi, o‘tin qimmat. Sotib olay desa, xalqda pul yo‘q. Bu yil o‘tinning bir mashinasi 2 million so‘mgacha chiqdi. Mahallaga beriladigan arzon un-moylar mahallakom va uning tanishlaridan ortsagina¸ xalqqa tegadi. Tadbirkor bo‘linglar¸ dedi prezidentimiz. Men ikkita kreditga ariza berganman, lekin uch oy bo‘ldi jim-jit. Bolьnitsaga borsangiz ham pul, bitta istoriya ochtirish 3 000 so‘m. Ko‘chani asfalьt qilish uchun pul yig‘ib olinganiga 7 yil bo‘ldi¸ alfalьtdan darak yo‘q. Hokim va prokuror oddiy xalqning dardiga umuman quloq solmaydi, dedi Nafosat Xalidova.

Tasmachi qishlog‘ida yashovchi 40 yashar Sayyora Jonuzoqova ham o‘zi va qishloqdoshlarining prezident bilan uchrashish harakatini militsiya va mahalla faollari barbod qilganini aytadi:

- Bugun ertalab Xatirchiga borayotgandik, melisalar yo‘ldan qaytardi. Mahalla oqsoqoli: "Bormanglar, muammolaringni o‘zimiz hal qilamiz, yordam qilamiz!" dedi. Qani edi bular hal qilsa, yoki yordam qilsa. Erim diabet kasali bo‘lib, bir oyog‘ini kesib tashlashgan. Ertayu kech o‘zim qarayman. Shu paytgcha insulinni sotib olardik, janjal qilaverib, bu yil bepul ola boshladim. Oilaviy sharoitimiz juda og‘ir. Mahallaga har olti oyda bir yordam puli chiqaringlar¸ desam ham chiqarmaydi. Prezidentga arzim ko‘p edi, lekin qo‘yishmadi, dedi Sayyora Jonuzoqova.

Mirziyoevga arzini yetkazolmagan tasmachilik yolg‘iz ayol, ikki farzandning onasi 38 yashar Nafisa Rahmatova esa baribir Toshkentga, prezident qabuliga borishini aytadi:

- Bugun bizni ham mahalla raislari borgani qo‘ymadi. Bir o‘g‘il va bir qizim bor. Erim yo‘q, yolg‘iz onaman. Ukamning uyida turaman. Ish yo‘q, bolalarimga nafaqa puli berishmaydi. Ijtimoiy himoyaga muhtojman, lekin mahalliy mulozimlar arzlarimga quloq solmayapti. Lekin men, baribir Toshkentga borib, prezident qabuliga kiraman va bularning adolatsiz ishlarini hammasini aytib beraman, dedi Nafisa Rahmatova.

Xatirchi tumani Tasmachi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Elyamin Kamolov Ozodlik bilan suhbatda tasmachiliklarning prezident bilan uchrashuvga qo‘yilmaganini inkor qildi:

- Bekor aytibdi, kim aytgan bo‘lsa ham, yolg‘on gap bu. Bo‘ldi, men majlisga kirayapman, degan qisqa raddiya bilan rais aloqani uzib qo‘ydi.

28 mart kuni Navoiy viloyatiga safar qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Qiziltepa, Karmana tumanlarida bo‘lib, bu tumanlarda barpo etilayotgan korxonalar va loyihalar bilan tanishdi.

Ayni paytda¸ prezident safariga oid rasmiy xabarlarda Shavkat Mirziyoevning xalq bilan muloqot qilish rejasi ham borligi aytilmoqda.

Prezidentning Xatirchi tumaniga borgan-bormagani¸ borgan bo‘lsa¸ kimlar bilan uchrashganiga oid hozircha rasmiy xabar yo‘q.

XS
SM
MD
LG