Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:46

Rus oligarxi Associated Press agentligini Trampning sobiq maslahatchisiga bo‘hton yog‘dirishda aybladi


Kremlga yaqindan aloqador ekanligi aytiladigan rus millarderi Oleg Deripaska Associated Press agentligi yaqinda e’lon qilgan hisobot o‘ziga qarshi “yirik va yolg‘on kampaniya” yaratganini ta’kidladi. Hisobotda Deripaskaning AQSh prezidenti Donald Tramp saylov kampaniyasining sobiq yetakchisi Pol Manafortga bo‘lgan aloqasi haqida so‘z yuritiladi.

28 mart kuni Deripaska The Wall Street Journal hamda The Washington Post gazetalariga haq to‘lab, o‘z tanqidiy maqolasini chop ettirdi. Associated Press hisobotida Deripaska va Manafort o‘rtasidagi hamkorlik yoritilgan. Manafort 2016 yilning avgustida Ukrainadagi siyosiy partiyadan noqonuniy ravishda mablag‘ olgani oshkor bo‘lganidan keyin iste’fo bergan edi.

22 mart kuni e’lon qilingan hisobotda yozilishicha, Manafort Deripaskaga ishlayotgan paytida AQSh, Yevropa hamda sobiq sovet mamlakatlarida siyosat va biznes shartnomalarga ta’sir o‘tkazish hamda ommaviy axborot vositalarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ijobiy ohangda tasvirlanishiga erishish rejasini taklif qilgan.

Deripaska maqolasida men “Putin hukumatiga katta foyda olib kelish uchun 10 million dollar qiymatga ega yillik shartnoma imzolaganim va uni ijro etish vazifasi Pol Manafort yelkasiga yuklangani ta’kidlanadi. Men mazkur yovuz iddao va yolg‘onni keskin rad etmoqchiman. Dunyoning hech bir burchagida “Putin hukumati” qiziqishlarini targ‘ib qilish yoki ilgari surish uchun hech qachon hech qanaqa va’da qilganim yoki shartnoma imzolaganim yo‘q”, deyiladi.

Aslida esa Associated Press hisobitida Deripaska Putinga foyda keltiruvchi shartnoma imzolagan, deyilmagan. Hisobot “Manafortga qilingan to‘lovlar hamda biznes hujjatlar bilan tanish odamalar”ga tayangan holda, Manafort shu kabi maxfiy strategiya rejasini 2005 yilning iyunida taklif qilgani va 2006 yilning boshida 10 million dollar qiymatga ega shartnomani imzolagani ta’kidlanadi.

Deripaska o‘z faoliyati haqida “yolg‘on iddaolarni” tarqatayotgan har qanday “shaxs yoki nashriyotni” javobgarlikka tortishini bildirdi.

Ozodlik radiosi Associated Press matbuot kotibidan Deripaska maqolasi haqida so‘raganda, “Hisobotimizni to‘g‘ri deb bilamiz”, degan javobni oldi.

Prezident Tramp ma’muriyati hokimiyat tepasiga kelganidan beri Rossiyaning AQSh ichki ishlariga aralashgani va Tramp yordamchilarining Rossiya bilan aloqasi tekshirilayotgani haqidagi xabarlar tinmayotir.

AQSh razvedka xizmatlari yanvar oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2016 yilda o‘tgan AQSh prezidentlik sayloviga “ta’sir o‘tkazish kampaniyasini” buyurtirgani haqidagi hisobotni e’lon qilgan.

Hisobotda aytilishicha, Rossiya rasmiylari kiberhujumlar, hujjat sizdirishlar hamda boshqa uslublar yordamida AQSh saylov tizimiga ta’sir qilib, demokratlar partiyasi nomzodi Hillari Klintonni qoralash, Tramp g‘alabasini ta’minlashga qaratilgan.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser o‘tgan haftada Manafor Deripaskaga o‘n yil avval ishlaganini va buning Manafortning Tramp saylov kampaniyasidagi faoliyatiga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

20 mart kuni AQSh Federal tergov byurosi (FTB) direktori Jeyms Komi prezident Tramp yordamchilarining Rossiya rasmiylari bilan aloqasiga oid da’volari surishtirilayotganini tasdiqladi.

Boshida ishonchsizlik bildirgan Tramp endilikda saylovga qilingan kiberhujumlar ortida Rossiya turganiga ishonishini aytmoqda. Ammo prezident mazkur kampaniya saylov natijasiga ta’sir ko‘rsatmaganini ta’kidlab keladi.

Hozir AQSh Kongressining to‘rt qo‘mitasi Rossiyaning 2016 yilgi saylov davomidagi harakatlarini tergov qilmoqda.

Deripaskaning 28 mart kuni e’lon qilingan maqolasida u o‘z “obro‘si va nomini” himoya qilish uchun Kongress eshituvlarida ishtirok etishga tayyor ekanligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG