Линклар

Jizzax viloyati tumanlaridagi elektr tarmoqlari idoralarining ishchilariga 800 kilogrammdan metallolom solig‘i solindi. Bu haqda Ozodlikka arz qilgan biri biridan mustaqil uch ishchining aytishicha, metallolom topshirolmaganlarning maoshlaridan ushlab qolinmoqda. Energetiklar, shuningdek, har yili majburiy obuna va paxta terimi uchun ham maoshlarining bir qismini sarflashga majbur bo‘layotganini aytyapti. Jizzax viloyati elektr tarmoqlari idorasi bosh muhandisi esa bu iddaolarni inkor qilmoqda.

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani elektr tarmoqlari idorasining uch nafar ishchisining Ozodlikka yozgan shikoyatida aytilishicha, energetiklar ularning maoshlaridan chegirib qolinadigan qo‘shimcha “to‘lov”lardan zada bo‘lgan:

“Biz ishlayotgan tashkilotda ishchi-xodimlarning har biriga 800 kilogrammdan metallollom majburiy topshirtiryapti. Metallolomning o‘zi hech qaerda yo‘q, u yoq bu yoqdan har kilosini 600-700 so‘mdan sotib olishga majbur bo‘lyapmiz. Bo‘lmasa maoshlaringdan ushlab qolamiz, deyishyapti. Axir, majburiy obuna uchun 120 ming so‘mdan ushlab qolishsa, har yili 25 ming so‘mdan berib, paxtaga o‘rnimizga odam chiqarsak, bizning oilamizni kim boqadi? Rahbarlarda insof qolmadi”, deb yozadi ishchilar.

Qaysi tumanda ishlashini sir qolishini so‘ragan energetiklardan biri, metallolom uchun har oyda uning maoshidan pul ushlab qolinayotganini aytadi:

- Men o‘zim har oylikda metallolomning o‘ziga 35 ming so‘mdan beraman. Beraman emas, maoshdan majburan ushlab qolishadi. Bizga ham topib kelinglar, deydi. Lekin yo‘q bo‘lsa, qaerdan topamiz. Obuna masalasi xronicheskiy kasallik bo‘lib qolgan. Biz obuna pulini gazeta olish uchun emas, balki o‘sha gazetada ishlaydiganlar oyliksiz qolib ketmasligi uchun bersak kerak, chunki shuncha yil obuna bo‘lib, bir dona gazeta olganim yo‘q, dedi ishchilardan biri.

Mirzacho‘l tumanidagi elektr tarmoqlari idorasining ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir ishchisining aytishicha, amaldorlarning uylaridagi ta’mir ishlarini ham ular o‘z cho‘ntagidan qiladi:

“Aholining qarzdorligini ham bizning ish haqimizdan ushlab qolishyapti. Har oy narx-navo ko‘tarilib boryapti, maoshimizni zo‘rg‘a ro‘zg‘orga yetkazyapmiz. Bunisi ham kamday, qaysidir bir amaldorning uyida sveti o‘chib qolsa, uni tuzatishga kerak bo‘lgan materiallarni ham o‘z cho‘ntagimizdan sotib olamiz va qo‘yib beramiz. Bu zo‘ravonliklarning oxiri bormi?, deydi elektr tarmoqlari idorasi ishchilaridan biri.

Jizzax viloyati elektr tarmoqlari idorasi bosh muhandisi Berdiyor Berdimurodov Ozodlik bilan suhbatda ishchilarga metallolom solig‘i solinayotgani faktini keskin inkor etdi:

- Yo‘q, bizda unaqa topshiriq bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham, dedi bosh muhandis Berdiyor Berdimurodov.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining metallolom jamg‘arish haqidagi qarorini bajarish mas’uliyati, asosan, fermerlar, korxonalar ishchilari, maktab-kollejlar o‘qituvchiyu o‘quvchilari, tibbiyot muassasalarining shifokoru hamshiralari zimmasiga yuklangan.

Keyingi paytlarda hatto bog‘chalarga qatnaydigan bolalarning ota-onalariga ham metallolom solig‘i solinmoqda.

XS
SM
MD
LG