Линклар

O‘zbekcha qo‘shiqning “o‘g‘irlangani” qirg‘iz ijodkorlari noroziligiga sabab bo‘lmoqda


Qirg‘iz qo‘shiqchilari Nurlan Nasip va Samara Karimova.

Qirg‘izistonlik taniqli qo‘shiqchilar Nurlan Nasip va Samara Karimova duet bo‘lib ijro etgan “Birga bo‘laylik” qo‘shig‘i qirg‘iz ijodkorlari orasida plagiat yuzasidan qizg‘in bahslar boshlanishiga turtki bo‘ldi.

Dastlab muhlislar Nurlan Nasip va Samara Karimova “Birga bo‘laylik” qo‘shig‘ini “Yangi qo‘shiq”, deb taqdim etib, xalqni aldaganidan norozilik bildirdilar. Bu qo‘shiqning o‘zbekcha va qozoqcha variantlari internet tarmoqlarida keng tarqalgan edi.

Bu qo‘shiq birinchi marta “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Masxaraboz” filmida Kozim Qayumov tomonidan kuylangan. O‘zbek san’at muxlislari orasida bu qo‘shiq “Atirgullar ochdi chiroy", keyinroq esa “Azizim” degan nom bilan tanilgan.

Qirg‘izistonlik musiqachi Sapar Rasulov bu qo‘shiq haqida fikr bildirar ekan mana bularni aytdi:

-Bu qo‘shiqni “Yangi qo‘shiq”, deb jar solishdi. Biroq muxlislar orasida norozilik paydo bo‘lganidan so‘ng ijrochilar “Bu qo‘shiqni qozoqchadan tarjima qildik” deyishdi. Aslida bu qo‘shiq 90-yillarda O‘zbekistonda suratga olingan “Masxaraboz” filmidagi saundtreklardan biri. Uni Sho‘rolar davrida mashhur bo‘lgan san’atkor Kozim Qayumov ijro etgan, -dedi Sapar Rasulov.

​Unga ko‘ra, “Atirgullar ochdi chiroy” qo‘shig‘ini 2015 yilda o‘zbekistonlik san’atkorlar Jasurbek Jabborov va Dilnoza Akbarovalar duet bo‘lib ijro etgan va bu qo‘shiqqa “Azizim” nomi bilan klip surtga olingan. 2016 yilda bu qo‘shiqni qozog‘istonlik san’atkorlar Quandiq Raxim va Albina Shardarova qozoq tilida ijro etgan.

Bishkeklik shoir Ulug‘bek O‘mo‘keev qirg‘iz qo‘shiqchilari mualliflik huquqlarini va original matnni buzganidan norozi ekanini aytdi:

-Men qo‘shiqning dastlab qozoqcha versiyasini eshitdim. Keyin o‘zbekcha originalini tingladim.Juda go‘zal qo‘shiq ekan. Biroq bizning ijrochilar bu qo‘shiqni o‘zbek tilidan emas, qozoq tilidan tarjima qilishibdi. Buning ortidan muxlislarga sho‘rvaning sho‘rvasini tortiq qilishgan. Qozoqchadan tarjima qilingan uchun original matn buzilgan, qo‘shiqning ma’nosi o‘zgarib ketgan, -dedi shoir.

Qator qirg‘iz muzikakshunoslari va bastakorlari ham san’atkorlarning o‘zbek va qozoq xalqi orasida mashxur bo‘lib ketgan qo‘shiqni ijro etishda mualliflik huquqlarini saqlamaganidan va original matn buzilganidan norozi ekanliklarini aytmoqdalar.

Biroq qo‘shiq ijrochilaridan biri Samara Karimova bu fikrlarga qo‘shilmasligini bildirdi. Unga ko‘ra, yaxshi qo‘shiqni boshqa tillarga tarjima qilib quylash san’atkorlar orasida an’anaga aylanib ketgan

XS
SM
MD
LG