Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:27

AQSh Davlat kotibi Anqarada prezident Erdo‘g‘on bilan uchrashdi


NATOga a’zo davlat Tashqi ishlar vazirlarining Bryussel yig‘ini oldidan AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda bosh vazir Benali Yildirim bilan uchrashdi.

Tillerson va Yildirim Suriyada yetti yildan beri to‘xtamayotgan urush hamda Suriya va Iroqni “Islom davlati” jangarilaridan tozalash masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Turkiya bosh vaziri ma’muriyati bildirdi.

AQSh Davlat departamenti esa¸ uchrashuvlarda “mintaqadagi muhim xavfsizlik va iqtisodiy aloqalarni yaxshilash istiqboli" muhokama qilinganini bildirdi.

AQSh rasmiysining aytishicha, Tillerson mazkur maqsadlarga erishishda “mintaqadagi yetakchi davlat¸ NATOdagi yaqin hamkor Turkiya o‘ynaydigan muhim rolga” urg‘u bergan.

Anqara “Islom davlati” jangarilari nazoratida qolayotgan so‘nggi shahar Raqqani ozod etish uchun Vashingtonni hamkorlik qilishga chorlab keladi. Turkiya shuningdek AQSh dastaklayotgan suriyalik kurd jangchilarining IShIDga qarshi amaliyotlardan chetlatilishini istaydi.

Tillerson va Yildirim yana Anqara mamlakatdagi muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishini uyushtirishda ayblayotgan turk ulamosi Fathullo Gulanni AQShdan ekstraditsiya qilish masalasini ham muhokama qilishgan.

Gulan o‘ziga Turkiya tomonidan qo‘yilayotgan ayblovlarni inkor etib keladi.

To‘ntarish urinishi ortidan Erdo‘g‘on hukumati aybdorlarni qo‘lga olish uchun keng ko‘lamli amaliyot boshlab yubordi. Bu Anqara va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarga putur etkazdi.

16 aprelda Turkiya konstitutsiyasiga prezident vakolatlarini oshirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartishlar kiritishga qaratilgan referendum o‘tkaziladi.

Tillerson referendumdan oldin “nozik siyosiy masalalarga” ehtiyotkotlik bilan yondashishini bildirgan.

AQSh rasmiylari Tillersonning Turkiyadagi muxolif guruhlar bilan uchrashmasligini bildirishdi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li esa o‘z mamlakati hafta boshida Nyu-Yorkda “Xalqbank” turk bankining yuqori lavozimli ishchisi qo‘lga olingani ham muhokama qilinishini aytdi.

Mahmud Hoqon Atilla AQSh banklari yordamida Eron uchun millionlab dollar mablag‘ni o‘tkazishda ayblanmoqda.

Atilla turk-eron tadbirkori Rizo Zarrab bilan hamkorlik qilishda gumonlanmoqda. Zarrab esa AQSh tomonidan Eronga qarshi joriy qilgan sanksiyalarni buzish, Amerika banklarini aldash va pul yuvishda ayblanmoqda.

Turkiya Adliya vaziri Bekir Bo‘zdog‘ 30 mart kuni Anqara Atillaning qo‘lga olinishi Turkiya va Erdo‘g‘on obro‘siga putur yetkazishni ko‘zlashiga ishonishini aytdi.

XS
SM
MD
LG