Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:18

O‘zbekiston banklarida ham "qora ro‘yxatlar" paydo bo‘ldi


O‘zbekistondagi banklar xorijda uchinchi shaxslar orqali konversion kartalaridan pul echtirib olgan mijozlariga valyuta sotishni to‘xtatdi.

O‘zbekiston Milliy bankining Ozodlik suhbatlashgan mulozimiga ko‘ra, konversion kartasiga valyuta tushirishni so‘ragan mijozlar pasportidagi shu davlatga chiqqanini tasdiqlovchi muhrni ko‘rsatishi lozim:

- Agar mijoz O‘zbekistondan chiqmagan, lekin kartasidan qaysidir chet davlatda, aytaylik Birlashgan Arab Amirligi yoki Turkiyada pul yechib olingan bo‘lsa, bank unga valyuta sotishni to‘xtatadi va u avtomatik ravishda bankning qora ro‘yxatiga tushadi, - dedi Milliy bank mulozimi.

O‘zbekistonda valyutani erkin sotib olish imkoni bo‘lmagani bois, xorijga safar qilayotgan fuqarolar tijorat banklarida bank to‘lov kartalarini ochib, 2000 AQSh dollarigacha miqdorda naqdsiz valyuta sotib olish imkoniga ega.

Yangi talab¸ bank mulozimiga ko‘ra¸ tujjorlar tarafidan suiiste’mol qilinishi oldini olish uchun joriy qilingan:

- Hozir juda ko‘p suiiste’molchiliklar bo‘layapti. Chet elga ketayapman deb kartasiga pul tushiradi, lekin ketmaydi, uchinchi shaxslar orqali kartasini xorijda naqdlashtiradi va davlat kursida olgan valyutani O‘zbekiston “qora bozor“da ikki baravar qilib sotadi. Shunday suistemolliklar oldini olish uchun qilinayapti bu, - dedi O‘zbekiston Milliy bankining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

O‘zbekistondagi mijozlar valyuta sotishda bank qo‘yayotgan talablarni "mantiqsizlik" deb atashmoqda.

- Men xorijga davolanishga ketayotgan xotinim yoki o‘qishga ketayotgan farzandimga berib yuborishim mumkinku, - deydi Toshkentdagi "Kapitalbank" mijozi bo‘lgan Qahhor aka.

Bunga javoban O‘zbekiston Milliy banki mulozimi konversion kartalarning egasi undan faqat o‘zi foydalanish majburiyatini olganini ta’kidladi:

- Shartnomada aniq yozib qo‘yilgan. Uchinchi shaxs orqali konversion amallarni amalga oshirish mumkin emas, deb. Xotini bo‘ladimi, ammasi bo‘ladimi, baribir ular uchinchi shaxs bo‘ladi. Agar shunday qilsa, u shartnomani buzgan bo‘ladi va ularga valyuta sotilmaydi, - dedi Milliy bank mulozimi.

Andijonlik tadbirkor Bunyodbek Ozodlik bilan suhbatda bu kabi choralar bilan valyuta chayqovchiligiga barham berib bo‘lmasligini aytadi:

- Hozir banklardan tanish-bilishlari orqali pachkalab konversion kartalarni olib xorijdagi tanishlari orqali naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchilar juda ko‘p. Banklarda tanish-bilishlari bor bundaylarga hech qanaqa cheklov g‘ov bo‘lolmaydi. Ular valyutani oldin ham chetda naqdlashtirish bilan shug‘ullanishgan, hozir ham qilishayapti. Lekin, ularning dastidan boshqalar, davolanish uchun valyuta kerak bo‘lganlar ziyon ko‘rmasligi kerak-da, - deydi Bunyodbek.

O‘zbekistonda xorij valyutasining rasmiy va “qora bozor” kursi o‘rtasida katta farq kattaligicha qolmoqda.

O‘zbekiston valyuta erkin konvertatsiyasini joriy qilmagan yagona postsovet davlatidir.

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan 30 mart kuni bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 3595 so‘mga teng bo‘lsa¸ Toshkent “qora bozorida” bir AQSh dollari 7400 so‘mdan sotilmoqda.

XS
SM
MD
LG