Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:18

Mirziyoev pillachilikdagi qoloqlikni ham qaror bilan o‘nglamoqchi


“Pillakorlarning yetarli darajada va o‘z vaqtida moddiy rag‘batlantirilmasligi ularning pilla boqishga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirmoqda”.

Prezident Mirziyoev 29 martda imzolagan qarorga ilova qilingan sharhdan olingan bu gap zamiridagi abgor ahvol yillardan buyon Ozodlik xabarlarida aks etib kelayotgan edi.

O‘zbekiston rahbarining “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida pillakorlarga bir qator imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilganki, bu – “ikki qavatli” hujjatning ikkinchi qavatidir.

Bugun qarorning shu “qavatiga” to‘xtalamiz.

"Qurtlagan" soha

O‘zbekistonda pillachilik sohasi yillardan buyon naqadar abgor ahvolda qolib kelayotganini tasavvur qilish uchun Ozodlikda bu mavzuda e’lon qilingan maqolalardan uchtasining quyidagi sarlavhalarinigina o‘qish kifoya qiladi:

2017, yanvarь: “Namanganlik bog‘bonlar ipak qurti boqish uchun shartnoma tuzishga majburlanmoqda”.

2016, iyunь: “Fermer: “Pilladan dehqonga kirim emas, chiqim bo‘lyapti”.

2015 yil, iyunь: “Jizzax tumani hokimi direktor, mudir va oqsoqolga pilla solig‘i soldi”.

Mana bu esa, Jizzaxdagi bugungi gap...

Jizzaxning Zarbdorida yashaydigan 33 yashar fermer yigit bilan u 45 ga yerda dehqonchilik qilishi;

har yili 2 quti qurt boqishi;

2 qutidan 100 kg pilla topshirishi lozimligi;

fermerlarning ko‘pchiligi qurtni o‘zi boqmay qishloqdoshlariga boqtirishi;

rejani bajarolmay qolgan fermerlar pillani rejani bajarganlardan sotib olib, davlatga topshirishi;

tumanda mavjud tut daraxtlari ehtiyojni qoplay olmasligi to‘g‘risida juda uzoq gaplashdik.

Ozodlikning “Agar hokimiyat ipak qurti boqishga majburlamasa, o‘z ixtiyoringiz bilan boqarmidingiz”, degan savoliga jizzaxlik fermer darhol “Yo‘q, albatta, chunki qurt birinchidan yosh boladan nozik, ikkinchidan puli mehnatiga yarasha emas”, deb javob berdi.

va Namangandagi kechagiyu bugungi gap

Namanganning Mingbulog‘ida yashaydigan 50 yashar Muxtoralining so‘zlariga qaraganda, pillachilikdan baraka 90-yillarning boshidayoq ketgan.

- 94-yilgacha boqqanman qurt. O‘sha yili 1 quti qurtdan 67 kilo pilla topshirganman. Lekin evaziga hech narsa olmaganman. Kolxoz va’da qilgan narsasini bermagan. Shuning uchun boqmay qo‘yganman, dedi Muxtorali.

90- yillar boshida butun postsovet mamlakatlarida, jumladan O‘zbekistonda ham tovar taqchilligi mavjud ediki, Muxtorali aytayotgan “kolxozning va’dasi” - pilla evaziga kundalik ehtiyoj mollari edi.

“O‘sha-o‘sha ahvol o‘nglangani yo‘q, - deydi Muxtorali, - shu kunda davlat fermerlarni va davlatdan oylik oladiganlarni majburlab qurt boqtirayapti”

Uyini qurtga bo‘shatib bergan o‘zbek

Ma’lumki, ipak qurti o‘lmay, yaxshi o‘sishi uchun u boqiladigan xonada o‘zgarmas issiqlik saqlanishi kerak. Shuning uchun o‘zbekistonliklar Sovet davrida qurtni o‘zlari yashaydigan xonalarda boqqan.

Muxtorali ham 94- yilgacha qurtni o‘z uyida boqqan:

- 4 xonali uyimning 3 xonasida qurt boqqanman, 1 xonasida o‘zimiz yashaganmiz.

Ahvol bugun ham shunday va Prezident Mirziyoev imzolagan qarorga ilova qilingan sharhda bu holat tan olingan:

“…hududlarda ipak qurtining aholi xonadonlarida boqilishi bir qator noqulayliklar tug‘dirib, mavsumdan keyin pilla boqilgan xonalarni ta’mirlash aholi uchun sezilarli darajada moliyaviy xarajatlarni talab qiladi”.

Lekin qaror matnidan bu holat bundan keyin ham saqlanib qolishini tushunish mumkin.

“uy sharoitida tirik pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi (kasanachi)lar – jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etilsin”, deyilgan qarorda.

Mana shu nuqtada Prezidentning yuqorida aytganimiz “ikki qavatli” qarorining ikkinchi qavatiga to‘xtalamiz.

“Birinchi qavat” “O‘zbekipaksanoat” uyushmasinini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida bo‘lsa, “ikkinchi qavat”da pillakorlar uchun bir qator imtiyozlar belgilab qo‘yilgan.

Bu haqda qarorga ilova qilingan sharhda mana bunday deyilgan:

“2023 yil 1 yanvargacha [pillachilik sohasi] korxonalari yagona soliq, yagona ijtimoiy to‘lov va bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari)dan ozod qilinishi, kasanachilarning jismoniy shaxslarga hisoblanadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi, shuningdek, pilla boquvchilar va kasanachilarning pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya ta’minlashda bir yillik ish staji deb hisoblanishi alohida belgilab qo‘yilgan”.

So‘nggi gap mazmunini alohida satrga chiqargimiz keldi: o‘z uyida pilla boqqan fuqaroning pilla boqish bilan band bo‘lgan 1-1,5 oylik vaqti 1 yilga o‘tadi.

Prezident qaroridan pirovard maqsad

Qaror muallifining hisob-kitobicha, u nazarda tutayotgan chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilsa, pilla yetishtirish yillik hajmi hozirgi 25 ming tonnadan 2021 yilga borib 35 ming tonnaga etkaziladi.

Va nihoyat, Prezident qaroriga ilova qilingan sharhdan yana bir muhim parcha:

“Jahon tajribasi ko‘rsatganidek, pilla yetishtirish o‘ziga xos faoliyat turi bo‘lib, unda muvaffaqiyatga erishish tarmoqda mehnat qilayotgan ishchilar tajribasi va moddiy manfaatdorligiga bog‘liq”.

XS
SM
MD
LG