Линклар

Poytaxt tumanlaridan birida ishlaydigan soliqchi poraxo‘rligi uchun 10 yilga qamaldi. Qashqadaryoda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linma boshlig‘i ofitserlik pogoniga nomunosib ishga qo‘l urdi. Chilonzor tuman hokimligi vakillari millionlab so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgani uchun javobgarlikka tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_______________________________________________________________

Soliq mansabdori “PSM Group” kompaniyasi rahbaridan 120 ming dollar pora talab qildi

Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tuman davlat soliq inspeksiyasi bosh taftishchisi poraxo‘rligi uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 30 mart). Ismi oshkor etilmagan soliq mansabdori “PSM Group” shirkatiga tegishli firma faoliyatini tekshirib, bir qator kamchiliklarni aniqlaydi. Soliq amaldori kamchiliklardan ko‘z yumish evaziga kompaniya rahbaridan 120 ming dollar pora talab qiladi. Amaldor va tadbirkor o‘zaro savdolashib pora miqdorini 80 ming dollarga tushirishadi. Tadbirkor ayni paytda tamagir soliq mansabdori ustidan huquq idoralariga shikoyat qiladi va u talab etilgan miqdordagi porani olayotganda qo‘lga tushiriladi.

Qashqadaryoda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linma boshlig‘i nafsiga erk berdi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri IIB yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linma boshlig‘i, mayor Zafar Xamraev ofitserlik pogoniga nomunosib jinoyatga qo‘l urdi (“Postda”, 25 mart). Z.Xamraevga fuqaro I.Yaxshiboev nomiga rasmiylashtirilgan haydovchilik guvohnomasi va talon soxtalashtirilgani holatini o‘rganish topshiriladi. O‘rganish jarayonida hujjatlar chindan ham qalbakilashtirilgani va fuqaro I.Yaxshiboev ularni fuqaro Olim Abdullaevdan olgani ma’lum bo‘ladi. Shundan keyin mayor Z.Xamraev hujjatlarni soxtalashtirishda gumonlanayotgan O.Abdullaevni suhbatga chaqirib, undan 5000 dollar pora talab qiladi. Ichki ishlar idorasida bo‘lib o‘tgan “savdo”da “xizmat haqi” 1100 dollar bo‘lishiga kelishiladi. Shu yerning o‘zida mayor Xamraev 200 dollar “avans” oladi. Zafar Xamraev poraning qolgan qismini berishini so‘rab fuqaro O.Abdullaevning holi joniga qo‘ymay muttasil qo‘ng‘iroq qilavergach, u mayor ustidan huquq idoralariga shikoyat qiladi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linma boshlig‘i poraning qolgan qismini olayotganda qo‘lga tushirilgan. Ichki ishlar zobitiga qanday jazo tayinlangani ochiqlanmagan.

Chilonzor tuman hokimligidagi boshqarma boshlig‘i millionlarni talon-taroj etgani fosh qilindi

Toshkent shahri Chilonzor tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i 2012 yildan 2016 yilga qadar juda katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirgani fosh etildi. Bu haqda tuman prokuraturasi vakili Dilshod Sabirov “Huquq” nashriga ma’lum qiladi. Ismi oshkor etilmagan mansabdor 4 yil davomida aslida ishlamagan xodimlar nomiga maosh yozib, 390 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan. Bundan tashqari, boshqarma boshlig‘i zimmasidagi vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan – hududdagi yo‘l va yo‘laklarni ta’mirlash ishlarini sifatsiz bajargan. Hokimlik boshqarma boshlig‘i rahbarligidagi jinoiy guruh hujjatlarni soxtalashtirib, juda katta miqdordagi yoqilg‘i-moy va asfalt-beton mahsulotlarini ham o‘margan. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi aybdorlarga tegishli jazo tayinlagan.

XS
SM
MD
LG