Линклар

Surxondaryo aholisining 43,6 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. “Iegova shohidlari” oqimi a’zosi bo‘lgan ona farzandiga qon quyilishiga rozilik bermay, uning o‘limiga sabab bo‘ldi. O‘zbek matbuotida milliy futbol terma jamoasiga yoshlar jalb etilmayotgani tanqid qilindi.

_______________________________________________________________

Parlament Surxondaryodagi sanitariya holatini qoniqarsiz topdi

Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasidagi muhokamada Surxondaryoda sanitariya-epidemiologik holatga oid qonunning ijrosi qoniqarsiz, deb baholandi (“Jamiyat”, 24 mart). O‘rganishlar jarayonida viloyatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash borasida muayyan ishlar qilingani, ammo bu borada qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Viloyatda 2016 yilda 2015 yilga nisbatan virusli gepatit, salmonellioz, oshqozon tifi kabi yuqumli kasalliklar soni oshgan. Uy hayvonlarining brutsellyoz kasalligi keng tarqalgan. Surxondaryo aholisining 43,6 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Umumiy ovqatlanish shaxobchalari xodimlarining 61,2 foizi, oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalari xodimlarining 48,5 foizi va davolash muassasalari xodimlarining 10 foizi tibbiy ko‘rikdan o‘tmay ishlayotgani aniqlangan. Qayd etilishicha, Senat qo‘mitasining tanqidiy ruhda o‘tgan majlisi yakunida tegishli qaror qabul qilingan.

Matbuot: “Yahuvo shohidlari”ga a’zo ona farzandi hayotiga zomin bo‘ldi

“Iegova shohidlari” sektasi a’zosi bo‘lgan toshkentlik Yelena farzandining hayotiga zomin bo‘ldi (“Darakchi”, 30 mart). Bu haqda nobud bo‘lgan bola – Volodyaning bobosi Pyotr Sergeevich maktub orqali ma’lum qilgan. 2015 yilning yanvarida maktub muallifining o‘g‘li Anatoliy, kelini Yelena va nabirasi Volodya avtohalokatga uchraydi. Avtohalokatda norasida Volodya ko‘proq jabr ko‘radi. Shifoxonada doktorlar unga zudlik bilan qon quyish lozimligini aytishadi. Ammo bolaning onasi Yelena qon quyish “Iegova shohidlari” e’tiqodida og‘ir gunoh sanalishini aytib, bolasiga qon quydirishga qarshi chiqadi. Oqibatda Volodya nobud bo‘ladi. “Ona esa (agar uni shunday atash mumkin bo‘lsa) faqat o‘g‘lining o‘limidan so‘ng tinchlandi. Ammo uning yuzida qayg‘u va nadomatdan asar ham yo‘q edi. Chamasi, bolasini “gunoh”dan asrab qolganidan xursand edi. “Bolamni Iegovaning o‘zi sevimli bandalari qatori huzuriga chorladi” dedi u tantanavor ohangda”, deb yozadi Pyotr Sergeevich kelinining xatti-harakatini qoralab.

O‘zbekiston futbol termasi eng qari jamoa ekani tanqid qilindi

28 mart kuni o‘z maydonida Qatar jamoasini mag‘lub etgan O‘zbekiston futbol termasi muxlislarda JCh-2018 ga chiqish borasida umid uyg‘otdi, ammo termaning muvaffaqiyatiga ishonmayotgan mutaxassislar ham bor (“Oila davrasida”, 30 mart). “Ishonmayman! Chunki murabbiyga yaqin ishlovchilar, terma jamoalar markazi xodimlari ham ijtimoiy tarmoqlarda bizning Osiyodagi o‘rnimiz shu, borimiz, bo‘lganimiz shu, deya saralash guruh bosqichida 3-o‘ringa loyiq ekanimizni pisanda qilishmoqda. Futbolimiz ichida yurgan odamlar ishonmagach, muxlislar nima qilishsin?!” deb yozgan jurnalist Shuhrat Shokirjonov. Shuningdek, jurnalist O‘zbekiston milliy termasining qariyalar jamoasi bo‘lib qolayotgani va tarkibga yoshlar jalb etilmayotganini ham tanqid qilgan. “Terma jamoamiz saralashda qatnashayotgan 12 terma ichida eng qari jamoa. Haligacha Qatar-2011 qahramonlari terma jamoamiz asosini tashkil etmoqda”, deb yozgan Sh. Shokirjonov.

XS
SM
MD
LG