Линклар

Amnesty International tashkiloti 31 mart kuni e’lon qilingan hisobotida O‘zbekiston hukumati mamlakat ichkarisida va tashqarisida vatandoshlarni noqonuniy nazorat ostiga olmoqda, deb bildirdi.

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston hukumatining bunday harakati “qo‘rquv va ishonchsizlik muhitini yaratmoqda”.

Amnesty International tashkiloti vakili Joshua Franko “Hukumat shunday tizimni yarnatdiki, nazorat ostida bo‘lish favqulodda holat emas, balki me’yorga aylandi”, deb aytdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati xorijdan boshpana olgan qochqinlarga va ularning oilalariga ham qo‘rquv solmoqda. Qochqinlar O‘zbekistondagi qarindoshlari bosim ostida qolishidan qo‘rqib, ular bilan aloqa qilishdan tiyilmoqda.

Amnesty International hisobotida xorij davlatlarida, jumladan, O‘zbekiston mahsus xizmatlari ta’qibidan qochib, Shvetsiya va Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq misollar keltirilgan.

“Qaerda bo‘lsangiz ham biz sizni topamiz"

Xalqaro Amnistiya tashkilotining “Qaerda bo‘lsangiz ham biz sizni topamiz", deb nomlangan hisobotida muhojiratda yashab, o‘zbek josuslari ta’qibiga uchragan kamida yetti nafar o‘zbekistonlikning hikoyasi o‘rin olgan.

Shvetsiyada yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist hisobot mualliflari bilan suhbatda vatanida qolgan oilasi bilan yozishmalarni o‘zbek josuslari kuzatganini aytgan.

Fransiyada boshpana topgan kamida ikki o‘zbek jurnalisti vatanida maxfiy xizmatlarning doimiy ta’qiblaridan qochib, Yevropaga kelganini gapirib bergan.

Shu jurnalistlarning biri Gulasal Kamolova bir yil avval O‘zbekistondan qochar ekan, xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri unga "qaerda bo‘lma, biz baribir seni topib olamiz", deb tahdid qilganini eslaydi.

U Fransiyada deyarli bir yildan beri yashaydi, bu vaqt ichida u O‘zbekistondagi oilasi bilan muloqot qilmaganini aytgan.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining Texnologiya va Inson huquqlari bo‘yicha tadqiqotchisi Joshua Frankoning ta’kidicha, ta’qiblar va qo‘rquv oilalar o‘rtasida jarlik yaratgan.

-Qochqinlar o‘z oilalari bilan suhbatlashishdan cho‘chishadi, ular josuslik xizmatlariga o‘zaro muloqotlari ayon bo‘lib qolishidan qo‘rqib qolishgan, - deydi Joshua Franko.

Hisobotda Shvetsiyada yashayotgan Dilshod ismli (uning ismi o‘zgartirilgan) o‘zbek qochqini hikoyasi ham o‘rin olgan.

U O‘zbekistondagi oila a’zolari bilan telefonda suhbatlashganidan so‘ng yaqinlari, jumladan o‘lim to‘shagida yotgan xolasi uyiga xavfsilik xodimlari bostirib kelishganini aytib bergan.

- Biz qarindoshlarmizga, do‘slarimizga va boshqa yaqinlarimizga telefon qilsak, ular hamma narsani eshitishadi, buni bilamiz. Bizgaku ziyoni yo‘q, chunki Shvetsiyadamiz, lekin O‘zbekistondagi yaqinlarimizga jabr bo‘lyapti, - deydi Dilshod.

2014 yilda Berlinda o‘sha paytda Uznews.net mustaqil nashri bosh muharriri bo‘lgan o‘zbekistonlik jurnalist Galima Buxarboevaning elektron pochtasi xakerlik hujumiga uchradi.

Uning shaxsiy elektron yozishmalari internetga sizdirildi.

Buning ortidan Uznews.net bilan hamkorlik O‘zbeistondagi jurnalistlar hayotiga xavf tug‘ildi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti hisobotida ta’qiblardan qochib, Fransiyada boshpana topgan yana bir o‘zbekistonlik jurnalist Dmitriy Tixonovning hikoyasi keltiriladi.

Jurnalist Angrendagi urush qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan haykal vahshiylarcha buzib tashlangani haqida xabar tarqatgach O‘zbekistonda ta’qiblarga uchragani va vatanini tark etishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekiston o‘tgan yili Freedom House tashkilotining Erkinlik indeksida Turkmaniston, Suriya, Somali, Shimoliy Koreya, Eritreya, Sudan va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar orasidan joy olgan edi.

XS
SM
MD
LG