Линклар

Rossiyaning Ulyanovsk shahrida portlovchi modda va qurol-yaroq saqlagan O‘zbekiston vatandoshi ozodlikdan mahrum etildi. 3,5 yilga qamalgan surxondaryolik Salmon O‘zgarishov sudda granata, yasama pistolet va o‘q-dorini ko‘chadan topib olganini bildirdi.

Aytilishicha, o‘zbekistonlik yigitni 2016 yilning 26 dekabrida mahalliy FSB boshqarmasi operativ xodimlari qo‘lga olgan. Salmon O‘zgarishovdan keyinchalik musodara qilingan barcha qurol-aslahani u o‘zi yashab kelgan kvartirada saqlagan.

Tergovni olib borgan Ulyanovsk viloyat prokuraturasi vakilining Ozodlikka aytishicha, Salmon O‘zgarishov Surxondaryodan ish izlab kelgan va u Rossiyada noqonuniy yashab yurgan.

Viloyat prokurori muovini Vasiliy Zima jinoyatda aybdor, deb topilgan 34 yashar Salmon O‘zgarishov o‘tgan yil oxirlarida bir necha granata, jangovar portlovchi moslama, 9 mm kalibrli yasama pistolet va uning o‘qlarini noqonuniy ravishda sotib olganidan keyin huquq muhofazasi organlari xodimlari nazoratiga tushganini gapirib berdi.

- U tergov davomida so‘roq qilindi va bizga bularning hammasini tasodifan ko‘chada topib oldim, deya ko‘rsatma berdi. Ular hammasi jangovar holatda ekanini ekspertiza tasdiqladi. Tergov davomida uning sheriklari yo‘qligi aniqlandi. Bundan bir necha yil oldin u Rossiyada yashagan, o‘g‘irlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan va keyinroq O‘zbekistonga ketgan. U yerda qaxramonimiz pasportini o‘zgartirib, Salmon O‘zgarishov nomi ostida Rossiyaga qaytib kelgan, dedi bu uning tug‘ilganda berilgan ismi-familiyasi emasligini bildirgan prokuror Vasiliy Ivanovich.

Tergovchilarga ko‘ra, Salmon O‘zbekistonga badarg‘a qilinganidan keyin Surxondaryoda pasportini yo‘qotgani borasida mahalliy militsiyaga qayta hujjatlarni topshirgan va qonuniy yo‘l bilan yangi pasport egasiga aylangan.

Viloyat prokurori muovini Salmonning O‘zbekistonda oilasi, bolalari borligi aniqlanganini qo‘shimcha qildi.

Ulyanovskning Lenin tuman prokuraturasi tergovchilari tomonidan yig‘ilgan ashyoviy dalillar asosida sud O‘zbekiston vatandoshi Salmon O‘zgarishovni portlovchi moddalar, o‘qotar qurol va o‘q-dori saqlagani uchun Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining qator moddalari asosida (222-1- modda 1- qismi, 222- modda 1- qismi) aybdor deb topdi.

- Sud kecha, 2017 yilning 30 martida bo‘lib o‘tdi. Ulyanovskning Leninskiy tuman sudi qarori bilan u 3,5 yilga umumiy rejim koloniyasiga mahkum etildi, dedi viloyat prokurori muovini Vasiliy Zima.

Prokuratura xodimi keyingi 10 kun ichida Salmon O‘zgarishov tuman sudi qarori ustidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilishi mumkinligini aytdi.

XS
SM
MD
LG