Линклар

Yunusobod hokimi ortidan prokuror, melisa va soliqchilar boshlig‘i ham ishdan ketdi


Yunusobod tuman hokimi Mirziyoev kelishidan oldin kechayu kunduz prezident ko‘radigan joylarni yuvib-taraganiga qaramay¸ lavozimidan ajradi.

Prezident Shavkat Mirziyoev Yunusoboddagi ko‘prik va boshqa inshootlarning ochilish marosimida qatnashgan 25 mart kuni vazifasidan ajragan tuman hokimi ortidan Yunusobod prokurori¸ IIB va soliq inspeksiyasi rahbarlarini ishdan olish haqida buyruq chiqdi.

Hokim o‘zi bilan qudratli “uchlik”ni ham olib ketdimi?

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 30 mart kuni Yunusobod tuman prokurori¸ ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va soliq inspeksiyasi rahbari ham “o‘z arizasiga ko‘ra” lavozimidan ketgan.

Yunusobod ichki ishlar bo‘limi rasmiysi bo‘limdan "Ne’mat akaning ishdan ketib¸ o‘rniga Elbek Xayrullaev tayinlanganini" bildirdi.

Tuman soliq inspeksiyasi xizmatchisi 25 martdan beri ishga kelib-ketib yurgan boshliqning “prikazi” kecha chiqqanini¸ lekin o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagani uchun¸ buyruqning aynan qachon¸ qaysi sababga ko‘ra chiqqanini ayta olmasligini ma’lum qildi.

Respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmatidagilar esa¸ Yunusobod tuman prokurorining ishdan ketganidan bexabarligini bildirdi.

Yunusobod tumanidagi uchala nazorat idorasi rahbarining bir kunda ishdan olingani haqidagi xabar bu idoralar rasmiy sahifalarida hozircha yo‘q.

Yunusobod tuman prokurori¸ melisa va soliq boshliqlarining ishdan ketishi¸ Ozodlik suhbatlashgan joriy va sobiq mulozimlar ta’kidicha¸ hokim Mira’zam Mirqosimovning bo‘shatilishi bilan bog‘liq.

Yunusobod hokimi obodonlashtirishni eplolmagani uchun ketgan bo‘lsa¸ prokuror¸ soliqchi va melisaning bunga nima aloqasi bor¸ degan savolga¸ to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bor¸ degan bo‘lardim. Chunki nafaqat Yunusobod¸ balki butun O‘zbekistonda agar shu nazorat idoralari aralashmasa¸ na bir qurilish¸ na bir tadbir bo‘ladi. Obodonlashtirish xarajatlari kimga tushadi – albatta¸ tadbirkorga. Tadbirkorga kim bosim qila oladi – albatta¸ prokuror¸ soliqchi va melisa. Agar nazorat tizimlari bosh qo‘shmasa¸ hokimning bir o‘zi bunaqa ishlarni eplolmaydi. Bu yerda¸ sal sabotaj elementi ham bo‘lgan shekilli¸ prezidentning qattiq jahli chiqqan”¸ deydi Yunusobod tumanidagi uch amaldorning ketish tafsilotlaridan xabardor Toshkent shahar hokimligiga aloqador sobiq mulozim.

Ko‘prikni prezidentga vaqtida qurib topshirgan Yunusobod hokimi nega kursisidan ajradi?

25 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoev poytaxtning Yunusobod tumanidagi Yangi shahar va Bog‘ishamol ko‘chalarini tutashtiruvchi yangi ko‘prikni ochib berdi.

Bo‘zsuv ustiga qurilgan yangi ko‘prik nafaqat bu ikki boshi berk ko‘chani¸ balki Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarini ham qisqa yo‘l bilan bog‘lab berdi.

O‘zbek telekanallarida keng yoritilgan bu ko‘prikning tantana bilan ochilish marosimi ortidan Yunusobod tuman hokimi o‘z amalidan ajradi.

Oktabr oyida bu lavozimga o‘shandagi muvaqqat prezident Mirziyoev tomonidan tayinlangan Mira’zam Mirqosimov oradan 6 oy o‘tib-o‘tmay¸ prezident Mirziyoev tomonidan ishdan olindi.

Toshkent shahar hokimligiga yaqin mulozimlardan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ Mira’zam Mirqosimovning ishdan olinishi aynan shu ko‘prik bilan bog‘liq ekanini bildirdi.

“Bu ko‘prikni qurish uchun qattiq ishlashdi¸ qishda¸ ishni to‘xtatmasdan ishlashdi¸ yangi texnologiyalar qo‘llashdi¸ uni aytilgan vaqtida foydalanishga topshirishdi. Mirziyoevning o‘zi birinchi bo‘lib bu ko‘prik ustidan mashina haydab o‘tdi¸ atroflarni ko‘rdi. Qarasa¸ ko‘prik bitganu¸ uning atroflari obodonlashtirilmagan. Ko‘prikka hukumat pul berdi¸ shuncha ish qilindi¸ lekin buning atroflarini kim obod qiladi¸ deb prezidentning jahli chiqqan. Hokimni olish qarori o‘sha joyning o‘zida qabul qilingan”¸ deydi Yunusobod hokimining ishdan ketishi sabablariga to‘xtalgan shahar hokimligiga yaqin mulozim.

Rasmiy matbuotga ko‘ra¸ umumiy uzunligi 423, balandligi 5,5, kengligi 33 metr bo‘lgan 8 polosali mazkur ko‘prik “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasining 67-ko‘prik qurilish bo‘linmasi tomonidan olti oyda qurib bitkazilgan.

"Ko‘prikdan boshqa joylar ham prezidentga yoqmadi¸ shekilli..."

Ozodlik suhbatlashgan yunusobodliklardan biri¸ eski mahallalarni buzib¸ o‘rniga qurilgan yangi ko‘prik atrofini tuman hokimining shaxsan o‘zi tepasida turib Navro‘z bayrami kunlari ham yuvib-taraganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

“Oldin bu yerda hovlilar bo‘lgan. Ikkita boshi berk ko‘chani tutashtirishga hovlilar xalaqit berib kelgan¸ shularni buzib¸ Bo‘zsuv ustidan qurishdi. Bir tarafda katta-katta hovlilar bor¸ boshqa tarafda bo‘m-bo‘sh ochiq maydoncha qolib ketgan. Hamma yoqni yuvib-tarashdiyu¸ shu joyni ochiqligicha qoldirishdi. Shu yoqmagan bo‘lishi mumkin. Keyin prezident Yunusoboddagi mahallalarga ham kirdi¸ kutubxona ochilishida qatnashdi. Yana nimalardir yoqmagan shekilli”¸ deydi yangi ochilgan ko‘prik ustidan mashinada bir necha marta o‘tib-qaytgan yunusobodlik suhbatdosh.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra¸ 30 mart kuni o‘tkazilgan videselektor yig‘inida prezident Shavkat Mirziyoev "ko‘p qavatli uy-joylarni vaqtida va sifatli ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va yanada takomillashtirish zarurligini" alohida qayd etgan. Ayrim nashrlar ta’kidicha¸ prezident bu borada Yunusobod tumanidagi ishlarni tanqid qilgan.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentliklar ta’kidicha¸ bunday tanqid Yunusobod "to‘rtligi"ning ishdan ketishiga Shavkat Mirziyoev yilalrdan beri bosh-qosh bo‘lib kelayotgan obodonlashtirish bilan aloqadorligining bilvosita tasdig‘idir.

Toshkentda tozalash

O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlariga aloqador mulozimning Ozodlikka mikrofonsiz suhbatda aytishicha¸ Yunusobod tuman prokurori¸ IIB va soliq inspeksiyalari rahbarlarining bir kunda ishdan olinishi¸ poytaxt nazorat tizimlari¸ xususan¸ prokuraturada “chistka” boshlangani alomatidir.

Bu odamlar¸ ayniqsa¸ Yunusobod prokurori¸ o‘tgan oy boshida ishdan olingan Mira’lam Mirzaevning odamlari. MXX raisi Inoyatovning xotin tarafdan qarindoshi bo‘lgan Mirzaev¸ uzoq yillar rasman Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari lavomizida o‘tirgan bo‘lsa ham¸ u nihoyatda qudratli shaxs edi. Genprokuror ham u bilan hisoblashmasdan Toshkentda biror ish qilolmasdi. MMM nomi bilan tanilgan bu odamni pensiya bahonasida yo‘qotishdi. Endi navbat¸ u qo‘ygan odamlarga kelayapti. Yunusobod prokurori¸ MMMning yaqinlaridan edi. Melisa¸ soliq boshliqlari ham unga¸ aniqrog‘i¸ kontoraga bo‘ysunardi. Chistkaga tushadiganlar navbati hali uzun¸ kelasi haftalarda Toshkent prokuraturasi¸ melisa va soliq idoralaridagi yana ancha-muncha odam ishdan ketadi”¸ dedi kuchishlatar tizimlaridagi mulozim.

Ozodlik bu iddaoni hozircha O‘zbekiston boshqaruviga aloqador boshqa manbalar orqali tasdiqlata olmadi.

Bu jaraënlarga oid o‘zingizda bor tafsilotlarni Ozodlik bilan ijtimoiy tarmoqlar¸ qolaversa¸ ozodlikmail@gmail.com elektron pochtasiga xat yozish orqali o‘rtoqlashishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG