Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 11:01

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 mart kuni o‘tkazgan videoselektor majlisida, boshqa masalalar qatori O‘zbekiston televideniesini ham tilga oldi, TV faoliyatini tanqid qildi va ushbu tizimni o‘zgartirish kerakligini aytdi.

Bu haqda xabar qilgan mahalliy nashrlarga ko‘ra, Prezident Mirziyoev "O‘zbekiston" va "Yoshlar" telekanallariga alohida to‘xtalgan.

"Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak. "Axborot" ko‘rsatuvini o‘zgartirishimiz kerak", deb aytgan Shavkat Mirziyoev.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistondagi ba’zi vebsahifalar vakillari va soha mutaxassislarining barchasi O‘zbekistonda yangi prezident saylanishi ortidan matbuot ancha erkinlashganini aytdi.

Biroq, shu bilan birga, ular O‘zbekistondagi matbuot erkinligi darajasi ommaviy axborot vositalarining turli sohalarida turlicha ekanini e’tirof etdi.

"Biz jilovlangan edik"

Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston telekanallarida yetakchi siyosiy sharhlovchi bo‘lgan Tursun Qoratoev prezident Mirziyoev tanqidini "mutlaqo asosli", deya baholadi.

Uning fikricha, davlat televidenielari "jilovlab qo‘yilgan edi".

- San’atkorlarni efirga bermas edik. Mana Yulduz Usmonova bo‘lsin, Sherali Jo‘raev bo‘lsin... Xalq bilardi. Bular o‘n yillab efirda chiqmagandi. Qanchadan qancha olimlarimizni yig‘ilishda o‘tirgan tasvirini hatto ko‘rsatmas edik. Bu ham yuqorining ko‘rsatmasi orqali bo‘lar edi. Biz jilovlangan edik, - deydi Tursun Qoratoev.

Ammo, jurnalistning ishonishicha, prezident tanqidiga qaramasdan O‘zbekiston davlat televidenielarida keskin o‘zgarishlarni kutishga hali erta.

- Birinchidan, shu ko‘rsatuvlarni qiladigan jurnalistlarning o‘zi ham qotib qoldi. Yuqoridan ko‘rsatmalar bilan yillar davomida ishlab kelgandan keyin... Endi bilmadim. Buni asta-sekin, asta-sekin boyagi yo‘llar ochilib, mana shunga ruxsatlar berilganidan keyin... Endi buni ertagayoq mana shunday bo‘ladi, deb, men ayta olmayman. Unday bo‘lishiga ko‘zimam yetmaydi, - deya xulosa qiladi Tursun Qoratoev.

"Jurnalistlar qanday yozish kerakligini unutib qo‘yishdi"

O‘zbekistondagi yetakchi vebnashrlardan birining muharriri Ozodlik bilan yozishmada xususiy nashrlarda, davlatnikidan farqli o‘laroq, raqobat "biroz" kuchayganini bildirdi.

Uning ishonishicha, bunday vaziyatning yuzaga kelishiga, "davlat organlarining ochiqligi" turtki bo‘lgan

"O‘zgargan eng katta narsa - davlat organlarining ochiqligi. Men shuni ayta olaman. Matbuotda esa ko‘zga ko‘rinadigan o‘zgarish yo‘q. Bo‘lsa ham, bu o‘zgarishlar, axborot olish osonlashganiga bog‘liq. Saytlar soni ko‘payishi barobarida raqobat biroz kuchaydi. Ko‘plab saytlar ancha jasurlashdi. Ular ilgarilari tegilmagan mavzularni yorita boshlashdi," - deb yozdi O‘zbekistondagi yetakchi vebsaytlardan birining muharriri.

U mavzularni tanlash saytlar ixtiyorida esa-da, ularni yoritishni jurnalistlar unutib qo‘yishganini tan oldi.

"Men OAV va jurnalistlar shuncha yillar ichida qanday yozish kerakligini unutib qo‘yishdi. Ko‘plar o‘zni qanday tutish, qanday savollarni berish, qanday mavzularni ko‘tarishni hozircha bilishmaydi. Keskin savollar beringlar, deb matbuot anjumanlarida ham so‘raladi. Ammo, yillar davomida keskin savollar bermaslikni ularga o‘rgatib qo‘yishgan," - deya xulosa qiladi u.

Rahbariyat o‘zgarishi kerak

Toshkentdan taniqli publitsist Sharof Ubaydullaevning ishonishicha, mamlakat matbuotiga rahbarlik qilayotgan shaxslar o‘zgarmas ekan ommaviy axborot vositalarida o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilmasa ham bo‘ladi.

- Mirziyoev OAV tegirmonini o‘zi aylantira olmaydi. Bu yerda kadrlar masalasi bor. Matbuot rulida o‘tirgan odamlar hal qiladi buni. Hamma peshqadam deya ilgari sanalgan gezatalar, jurnallar tepasida umuman matbuotga begona odamlar turibdi, - deydi Sharof Ubaydullaev.

Publitsist matbuotdagi joriy rahbariyat jurnalistlarning erkin ijod qilishiga yo‘l berishmaydi, degan fikrda.

- Agar, boringki, ularning qo‘liga yaxshi ijodkorlar kelgan taqdirdayam hech qanaqa faoliyat ko‘rsata olmaydi. Ijodkor xodim bo‘lmaydi, ijodkor redaktor bo‘ladi. Ijodkor redaktor ishlatadi, o‘rgatadi, yo‘naltiradi va hokazo. Ijodkorni, kerak bo‘lsa, bo‘g‘ibam tashlash redaktorning qo‘lida, - deya xulosa qiladi Sharof Ubaydullaev.

"Axborot"ni yopib tashlash kerak

Toshkentdan jurnalist Alimardon Annaev prezident Mirziyoevning "O‘zbekiston" va "Yoshlar" kanallariga nisbatan bildirgan tanqidiy fikrlarini "to‘g‘ri" deya baholadi.

- Allaqachon bu narsani (tanqidni) qilish kerak edi. Shavkat Miromonovichning tillariga shakar bu gaplari uchun. "Axborot"ni yopib tashlash kerak. Bunaqangi "Axborot" kerak emas O‘zbekistonga. Sharmandalik bu, 80-yillardagi "Axborot" bu. Men sobiq televizionchi sifatida aytayapman bu gapni. Hozirgi qilayotgan ishlar nima bu. Faqat yig‘ilishni olib ko‘rsatishadi, faqat o‘tirgan aqlli basharalarni ko‘rsatishadi. Na bir tanqidiy narsa bo‘lsa, na bir tahliliy narsa bo‘lsa, - deydi Alimardon Annaev.

U O‘zbekiston matbuotiga yangi jurnalistikani olib kirish vaqti yetib kelganini ilova qiladi.

- Yangi kuchlar, yangi fikrlovchi, yangi doiradagi jurnalistikani olib kirish kerak. Oldingi ustozlarimizni hisobdan chiqarib yuborish kerak, deb aytmoqchi emasman. Yo‘q. Ulardan foydalanish kerak hozir, ularni ham chaqirish kerak. Balki ularning qanaqadir hayotiy tajribasi kerakdir, - deya o‘z fikriga yakun yasadi Alimardon Annaev.

XS
SM
MD
LG