Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:18

Koreyada ishlashni istagan o‘zbekistonliklardan Halima enaning allasini kim yozgani so‘raldi


Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan o‘tkazilgan on-layn testdagi savollardan biri.
Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan o‘tkazilgan on-layn testdagi savollardan biri.

“O‘zbekiston Respublikasi hamda Gana Respublikasi bilan o‘zaro munosabatlar o‘rnatilgan kunni aniqlang”. 1 aprel kuni Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan Janubiy Koreyada ishlash istagini bildirib ro‘yxatdan o‘tganlarning koreys tilidan bilimlarini sinash uchun o‘tkazilgan dastlabki onlayn test - sinovda shu va shunga o‘xshash savollar berildi.

Rasman “Koreys tili bo‘yicha test savollar” deb nomlangan imtihonda O‘zbekiston tarixi, jahon tarixi, adabiyot, geografiya, huquqshunoslik va aniq fanlardan savollar o‘zbek tilida, javob variantlari koreys tilida berilgan.

Testda 1934 yilda Tunisda tuzilgan “Yangi dastur” partiyasi rahbari qanday kasb egasi bo‘lgani, mo‘g‘ul xoni Xitoyda qachon qaysi sulolaga asos solgani, qator badiiy kitoblarning mualliflari, jumladan, "Halima enam allalari" she’riy to‘plami muallifiga oid savollar so‘ralgan.

Onlayn testning bu tarzda o‘tkazilishi Janubiy Koreyada ishlash istagidagi ko‘plab odamlarning noroziligiga sabab bo‘ladi.

“Menimcha, bu testdan o‘tgan odam endi imtihon topshirmasdan to‘g‘ri Koreyaning istalgan universitetlaridan biriga kirsa bo‘laveradi. Aslida bu imtihonlar mehnat birjasi uchun emasga o‘xshaydi”, deb yozadi Ozodlikning Telegram sahifasiga mushtariylardan biri.

Mushtariylarning ayrimlari koreys tilidan sinovda aynan shu soha mutaxassisi bo‘lmagan “oliy ma’lumotli odamlar ham javob berishga qiynaladigan” bu kabi savollarning berilishini “korruptsiya holati” sifatida baholamoqda.

“Birorta inson o‘tolmaydigan bu testlardan asosiy ko‘zlangan maqsadni ko‘pchilik tushunib ham ulgurgan bo‘lsa kerak. Vatanimizda korrupsiyaga qarshi keskin qonun va chora-tabdirlar ko‘rib va ishlab chiqilayotgan bir paytda Mehnat vazirligi 100 foiz poraxo‘rlikka qo‘l urgan ko‘rinadi. Bu qanday siyosat? Porasiz men aqlliman degan odamni ham yo‘qotadigan bu test o‘yinida, aytinglarchi, kim endi porasiz keta oladi??? Bunga ishonuvchilar bormi?”, deb yozadi Ozodlikka yana bir mushtariy.

O‘zini “Notanish”, deb tanishtirgan o‘zbekistonliklardan biri Ozodlikning Telegram sahifasida: “Tashqi mehnat migratsiya xodimlari Koreyaga ketuvchi migrantlarni o‘zlari tanlab soqqa qilmoqchimi? Onlayn test savolini kores tilida berilishi kerak edi, lekin teskarisi bo‘ldiku, hammasi o‘zbek tilida, aksiga olib javobi noma’lum savollar, ya’ni "23 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni o‘lim darajasi qanaqa?" Shu ham savolmi?”- deb o‘z noroziligini bildirgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o‘tkizgan test o‘zbek matbuotida ham keskin tanqid qilindi.

Jumladan, Kun.uz sayti: "Qoidaga ko‘ra, koreys tilidan bilim darajani aniqlash uchun koreys tilidan savol-javob bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘rinda, o‘zbek tilida tarix, adabiyot, ona tili, kimyo, fizika, huquq, geografiya, biologiya kabi fanlardan bir-biridan murakkab, bir-biridan mantiqsiz va kulgili, chala-yarim savollar berila boshlangan", - deb yozdi.

Ayni paytda Kun.uz saytiga Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining ismi aytilmagan rasmiysi “O‘zbekiston Respublikasi hamda Gana Respublikasi bilan o‘zaro munosabatlar o‘rnatilgan kunni aniqlang” qabilidagi o‘zbek tili stilistikasi qoidalariga javob bermaydigan savollarni kim tuzib berganini ayta olmagan.

Biroq rasmiy agentlik pozitsiyasini himoya qilar ekan: “Biz axir u yerga omilarni jo‘natmaymizku? O‘zingiz ham tushunasiz. Axir biz Koreyaga qora ishga yubormaymiz. U yerda zamonaviy texnologiyalar va zamonaviy ishlab chiqarish. Biz jo‘natadigan ishchilar zavodlarga borishadi va malaka oshirib, yurtimizga qaytishganidan keyin tajribalarini shu yerda qo‘llashadi”, deb bildirgan.

XS
SM
MD
LG