Линклар

Armanistonda 2 aprel kuni o‘tgan parlament saylovida, dastlabki rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, prezident Serj Sarkisyanga mansub bo‘lgan Respublika partiyasi 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan.

Armaniston Markaziy saylov komissiyasining 3 aprel kuni bildirishicha, saylov byulletenlarining 97 foizi sanalib bo‘lganidan keyin, Respublika partiyasi 50,43 foiz ovoz bilan yetakchilik qilayotgani aniqlangan. Ikkinchi o‘rinda esa 28,29 foiz ovoz olgan Gagik Tsarukyan boshchiligidagi o‘ng-markaz partiya bormoqda. Tsarukyan Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash tarafdoridir.

Shuningdek, “Arman inqilobiy federatsiyasi” millatchi partiyasi ham 6,88 foiz ovoz oldi va parlamentdan o‘rin egallashi mumkin.

Respublika partiyasi matbuot kotibi Eduard Charmazanov 3 aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida: “Dastlabki saylov natijalariga ko‘ra, Respublika partiyasida yangi hukumat tuzish imkoniyati juda katta”, dedi.

Prezident Serj Sarkisyanning 2 aprel kuni muxbirlar oldida qilgan chiqishida bunday dedi:

“Tinchlikdan bebaho biron narsa yo‘q. Shuning uchun biz o‘z chegaralarimizda tinchlik o‘rnatish va ziddiyatlarni bartaraf etish uchun barcha choralarni qo‘llaymiz”.

Saylov komissiyasi saylovchilarning 60,86 foizi ovoz berishda ishtirok etganini bildirdi.

3 million aholisi bo‘lgan Armaniston parlamentidagi o‘rinlar uchun yakshanba kuni o‘tgan saylovda 9 ta partiya kurashdi.

Armanistonda mazkur saylov ortidan parlament boshqaruvidagi respublika tizimi tuziladi.

Yerevanlik saylovchi Gurgen Barikiyan 2 aprel kuni Reuters agentligi muxbiriga bunday dedi:

“Konstitutsiya o‘zgarganidan keyin, tabiiyki, siyosiy tuzum ham o‘zgaradi. Parlament respublikasi tuziladi. Bizning hech nimadan xabarimiz yo‘q: bu tuzum qanday bo‘ladi, nimadan iborat bo‘ladi, bilmaymiz. Bu dunyoda yangilik bo‘lmasa-da, biz uchun yangilik. Har bir mamlakatning o‘ziga xos tomonlari bor. Hozircha bilmaymiz. Biz bilgan narsa, so‘nggi 25 yil davomida prezident hukmronligida yashadik”.

Kiritilayotgan o‘zgarishlar Sarkisyanning ikkinchi prezidentlik muddati tugaganidan keyin kuchga kiradi. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlardan maqsad prezident ishdan ketganidan keyin ham uning hukmron bo‘lib qolishini ta’minlashdir.

Sarkisyan bu ayblovlarni rad etib keladi. Prezident o‘z partiyasi g‘alaba qilsa, bosh vazir o‘laroq faoliyatini davom ettirishi mumkinligini ta’kidladi.

Sarkisyan siyosiy hukmronligini partiya yetakchisi sifatida yoki o‘zi tanlagan nomzod yordamida davom ettirishi mumkin.

Parlamentda o‘rin egallash uchun har bir siyosiy partiya kamida 5 foiz ovoz to‘plashi, partiyalar birlashmasi esa kamida 7 foiz ovoz to‘plashi lozim.

Saylovdan avval Yerevandagi AQSh elchixonasi Yevropa Ittifoqi, Germaniya hamda Birlashlgan Qirollik bilan birgalikda saylov kampaniyasi davomida kuzatilgan qonunbuzarliklar haqida rasmiy bildiruv e’lon qilgan edi.

29 mart kuni yoyinlangan bildiruvda diplomatlar “saylovchilarni qo‘rqitish, ovoz sotib olish hamda ma’muriy resurslar yordamida muayyan partiyani dastaklash” holatlaridan xabardor ekanligi aytiladi.

Saylov kuni Ozodlik radiosi arman xizmatining muxbiri poytaxt Yerevanda ovoz sotib olish holatlarini o‘rganayotgan paytida hujumga uchradi.

Boshqa bir jurnalist ayol ham poytaxtda Respublika partiyasi ofisi tashqarisida hujumga uchradi.

Armaniston o‘tgan asrning 90-yillaridan beri Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarbayjon bilan urush holatida bo‘lib kelmoqda. Ammo saylov kampaniyasi davomida aksar nomzod partiyalar ushbu mavzuni chetlab o‘tishga urindi.

XS
SM
MD
LG