Линклар

Xorazm viloyat, Xiva tumani Sayot qishlog‘idagi 31- maktabning 15 yashar o‘quvchisi homiladorligini yashirishga uringan vrach va maktab o‘qituvchilari o‘tgan hafta oxirida ishdan olindi.

Qo‘shnisi zo‘rlab, homilador bo‘lganini iddao qilayotgan va bir necha marta o‘z joniga qasd qilishga uringan maktab o‘quvchisi T.M. (to‘liq ismi Ozodlikka ma’lum) shu kunlarda ruhshunos nazoratiga olingan.

Xorazm viloyat prokuraturasi tergovchisining Ozodlikka aytishicha¸ Xonqa tuman IIB da O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 118-moddasi (“zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish”) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Xorazm viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimining Ozodlikka bildirishicha o‘quvchining xomiladirligi masalasi shu kunda boshqarma nazoratiga olingan:

- 31 maktabning 8- sinf o‘quvchisi shahar kasalxonasida UZI orqali tekshirilganida homilador ekanini aniqlagan vrachlar tuman xalq ta’lim boshqarmasi va Xiva tuman IIB ga ma’lum qilishdi. Aniqlashimizcha, bu qiz Xonqa tumanidagi buvisini ko‘rishga ketayotganida qo‘shnisi tarafidan zo‘rlangan. Har holda qiz shunday deb turibdi. Yozda bo‘lgan edi¸ yupqa kiyingan edim, deb turibdi. Qizni o‘zi bilan ruhshunoslar gaplashib dalda berib turibdi. U arqon olib o‘zini osmoqchi bo‘lganida qutqarib qolindi¸ deydi mulozim.

O‘quvchi qizning xomiladorligini maktab nega yashirdi?

Xorazm viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimining aytishicha¸ maktab ma’muriyati “zo‘rlangan qizning qornidagi homila 6 oylik bo‘lgunga qadar¸ voqeani” yashirib kelgan:

- Zo‘rlangani ortidan o‘quvchi qizning homilador bo‘lganini 31- maktab rahbariyati yashirishga uringan. “Bizni maktabdan bunday gap chiqmasin”, deb voqeani haspo‘shlagan rahbarlar zudlik bilan ishdan olindi. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Yusupova Gulnora¸ma’naviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nazarov Ro‘zmat¸ zo‘rlangan qiz o‘qigan sinf rahbari Sa’dullaeva Iroda¸ maktab psixologi Vaisova Nafosat ishdan olindi. Maktab direktori Rustam Xo‘jaevni ishdan olish uchun taqdimnoma yozildi. Uni ham erta-indin bo‘shatamiz. Qarang, sinf rahbari bu qiz haqida maktab rahbariyatiga murojaat qilib “shu qiz ko‘p dars qoldiradi¸ IIB voyaga yetmaganlar inspeksiyasiga aytaylik” desa maktab direktori Xo‘jaev¸ maktabga dog‘ tushadi deb ko‘nmagan. Xolbuki o‘tgan yili Shovotda o‘quvi qiz o‘z akasidan homilador bo‘lganidan keyin maktab direktori va boshqa rahbarlar bilan tushuntirish o‘tkazilgan edi¸ deydi mulozim.

Homiladorlikni “Gripp” deb o‘ylagan vrach ham ishdan olindi

Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ bu voqeada Sayot qishloq vrachlik punkti shifokorining ham aybi bo‘lgan:

- Bu qiz to‘rtinchi yanvar kuni toksikoz (boshqorong‘ilik) alomati bilan Sayot QVP (Qishloq vrachlik punkti) shifokori Madrimova Sharofat qabuliga kirgan. Madrimova esa unga grippga chalingan deb spravka yozib bergan. Boshqarma qarori bilan Madrimova ishdan bo‘shatildi. Agar u yanvar oyida o‘quvchi qizning homiladorligini aniqlaganda qizga ruhiy larza yetkazmasdan muammoni yengil hal qilsa bo‘lar edi. Vrach deganimiz¸ mutaxassis deganimiz bu Madrimova bir hafta ambulatoriyada davoladim¸ gripp ekan, deb yozib o‘tiribdi. Sal o‘tmay bu qizning qornida bola qimirlab boshlagan. Qiz esa talvasaga tushib o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lganida qutqarildi¸ deydi mulozim.

Muhtoj oila fojeasi

Xiva tuman IIB voyaga etmaganlar bilan ishlash inspeksiyasi xodimining aytishicha¸ zo‘rlangan qiz Sayot qishlog‘idagi muhtoj oila farzandi bo‘lgan:

- Onasi 1978 yil Xonqa tumanida tug‘ilgan S.A. turmushi buzilganidan keyin Xiva tumani Sayot qishlog‘iga kelib qayta turmush qurgan. Uni homilador bo‘lgan qizi T.M. 2002 yili oldingi turmushidan bo‘lgan. Qiz o‘gay ota zulmidan qochib Xonqadagi buvisinikiga tez-tez ketib qolib turgan. U o‘z qishlog‘idan 30 km uzoqdagi buvisinikida bo‘lganda ham maktab davomatida ismi yurib turgan. Qiz zo‘rlandim deyapti. Asosiy gumondor uning O. ismli qo‘shnisi. U qizga doimo gap otib tegajog‘lik qilib yurgan. Xonqaga seni o‘zim olib boraman, deb mashinasiga solib olib ketgan va qizni aytishicha zo‘rlagan. Lekin gumondor men zo‘rlaganim yo‘q deb turibdi. Voqea Xonqa tumanida sodir bo‘lgani bois jinoyat ishi o‘sha erda yuritilyapti. Biz¸ va yana bir psixolog bu qiz o‘z joniga qasd qilmasin, deb qarab turibmiz, deydi suhbatdosh.

Unga ko‘ra, o‘quvchi qiz qornidagi homila yaxshi rivojlanmioqda va qizning kelasi oyda tug‘ishi kutilmoqda.

Gurlan, Shovot va endi Xiva

Maktab o‘quvchilarining homilador bo‘lishi masalasiga Xorazm viloyatida qattiq qaraladi¸ deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

Unga ko‘ra¸ 2015 yilda 13 yashar singlisining nomusiga tegib, uni homilador qilgan Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida 25 yashar yigit 13,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingani ortidan maktablarda jiddiy tushuntirishlar o‘tkazilgan.

Bundan oldin Xorazm viloyati Gurlan tumanining Guliston qishlog‘ida istiqomat qiladigan 12 yashar qizaloq o‘z akasidan farzand ko‘rgan edi.

XS
SM
MD
LG