Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:25

Sankt-Peterburg metrosini 22 yashar qirg‘izistonlik portlatgani gumon qilinmoqda


Qirg‘iziston xavfsizlik xizmati Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni O‘shda tug‘ilgan, Rossiya fuqarosi 22 yashar Akbarjon Jalilov sodir etgani gumon qilinayotgani haqida bayonot tarqatdi. 3 aprel kuni metroning ikki stantsiyasida bo‘lgan portlashda 14 kishi qurbon bo‘ldi, 51 kishi jarohatlandi. 4 aprel kuni Sankt-Peterburgda motam kuni, deb e’lon qilindi.

Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi matbuot kotibi Rohat Sulaymonovga ko‘ra, portlashni sodir etishda gumon qilinayotgan asosiy shaxs Akbar Jalilov ekani haqidagi ma’lumotni "Rossiya tomoni taqdim qilgan".

Bunga qadar portlashni sodir etgan shaxs Qozog‘istonning 22 yashar fuqarosi ekani haqida xabar tarqalgan edi.

3 aprel kuni soat 15 lar atrofida Sankt-Peterburg metrosining ikki bekati - “Sennaya ploshchad” va “Texnologiya instituti” stansiyalarida sodir bo‘ldi.

11 odam hodisa joyida qurbon bo‘ldi¸ og‘ir jarohatlangan yana uch yo‘lovchi esa shifoxonda vafot etdi.

Rossiya Favqulodda holatlar vazirligi metrodagi portlash oqibatida jarohatlangan 51 odam ro‘yxatini e’lon qildi.

Portlash oqibatida Peterburg metrosining bitta poezdi ishdan chiqdi.

Bu so‘nggi uch yil ichida Rossiyada sodir bo‘lgan eng qonlik portlash sifatida qayd etilmoqda. Portlash prezident Vladimir Putinning o‘z ona shahrida Belarus prezidenti Lukashenko bilan uchrashayotgan paytida sodir bo‘ldi.

Rossiya Bosh prokuraraturasi portlashdan bir necha soat o‘tib, hodisani "terror hujumi" deb atadi va 4 aprel kuni dastlabki tergov hujumni xudkush amalga oshirganini ko‘rsatayotgani haqida bayonot berdi.

Hozircha bu qonli hujum uchun mas’uliyatni hech bir guruh zimmasiga olgani yo‘q.

Ayni paytda qirg‘iz maxsus xizmatlarining jinoyatda gumon qilinayotgan 22 yashar o‘shlik haqidagi bayonotiga ham Rossiya rasmiylari tomonidan biror izoh berilgani yo‘q.

Interfax agentligi Rossiya maxsus xizmatlari asosiy gumon qilinuvchi shaxs haqida hozircha "radikal Islom guruhlariga aloqador bo‘lgan 23 yashar markaziy osiyolik shaxs" degan ma’lumot berganini xabar qildi.

Ayni paytda, Qirg‘iziston va Qozog‘iston maxsus xizmatlari gumon qilinuvchi shaxslar bo‘yicha Rossiya maxsus xizmatlari bilan izchil hamkorlik qilayotganini ta’kidlamoqda.

Rossiya Aksil-terror amaliyotlar davlat qo‘mitasi esa bu "terror hujumini uyushtirgan va uning ortida turganlar"ni qidirayotganini ma’lum qildi.

Sankt-Peterburg ma’muriyati bu qonli hujumdan so‘ng Rossiyadagi ikkinchi yirik shaharda 3 kunlik motam e’lon qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3 aprel kuni portlashda nobud bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi:

- Portlash sabablari hozircha noaniq, shu bois, bu haqda gapirishga erta. Natijani tergov ko‘rsatadi. Albatta, hamma versiyalar ko‘rib chiqilmoqda – ham maishiy, ham kriminal, ham terrorchilik versiyalari, - dedi Belarus prezidenti bilan uchrashayotgan Vladimir Putin.

Dunyo davlatlari liderlari ham hodisa yuzasidan hamdardlik bildirmoqda.

BMT Xavfsizlik kengashi "vahshiylarcha va nomardlarcha qilingan terror hujumi"ni qoraladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Peterburg metrosidagi portlash ortidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashib, qurbon bo‘lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov suhbat chog‘ida “prezidentlar terrorchilik hamkorlikda va kelishilgan holda bartaraf etish mumkin bo‘lgan yovuzlik” ekanini ta’kidlaganini aytdi.

BMT bosh kotibi Antonio Gutterishning matbuot xizmati:

"Bu yovuz harakat uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar javobgarlikka tortilishi shart", deb bayonot tarqatdi.

Rossiya metrosidagi avvalgi portlash 2010 yilda Moskvada sodir bo‘lgan va unda 33 kishi o‘lgan edi.

Bunga qadar Sankt-Peterburgda bunday yirik terror hujumi sodir etilmagan.

XS
SM
MD
LG