Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:05

Freedom House postkommunist dunyoda avj olayotgan populizm oqibatlaridan ogohlantirdi


G‘arb mamlakatlarida populist siyosatchilarning muvaffaqiyat qozonayotgani postkommunist Yevropa va Yevrosiyoda beqarorlikka turtki bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaymoqda. Bu haqda demokratik jarayonlarni kuzatib boruvchi Freedom House tashkiloti ogohlantirdi.

Tashkilotga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida Britaniyaning Yevropa Ittifoqini tark etish qarori, niderlandiyalik saylovchilarining Ukraina bilan aloqalarni yaxshilashga qarshi ovoz bergani hamda siyosatdan uzoq bo‘lgan Donald Trampning AQSh prezidenti etib saylangani “Sovuq urushdan keyingi tuzumning zaifligi haqida yangi xavotir tug‘dirmoqda”.

Tashkilotning ushbu mavzudagi hisoboti “O‘tish davlatlari” yillik hisobotida “Populizmning soxta va’dalari” nomi bilan chop etildi.

Tashkiloting “O‘tish davlatlari” loyihasi direktori Neyt Shenkkan Ozodlik bilan suhbatda:

-Breksit va Qo‘shma Shtatlardagi yangi ma’muriyat Markaziy va Sharqiy Yevropa va Bolqon yarim orolidagi demokratiyaga qarshi populistlarni ruhlantirmoqda, dedi.

“Hozirda mazkur hududdagi yetakchilarning aksari liberal demokratiya g‘oyasiga ochiqchasiga qarshi chiqmoqda va ushbu populizm borgan sari radikal millatchilik bilan aralashib, Yevropadagi tinchlikka tahdid solmoqda”, dedi Shenkkan.

Freedom House hisobotida yozilishicha, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 2010 yilda hokimiyatga qaytib, mamlakat hokimiyatini nazorat qiluvchi mexanizmlarini yo‘q qilganidan keyin, mintaqada populizm qayta jonlangan. Buning ortidan Bolqon yarim orolidagi davlatlarda fuqarolar jamiyati va matbuotga hujumlar ko‘paygan, butun Yevropa bo‘ylab muhojirlarga qarshi kayfiyat avj olgan.

Shenkkan “yetakchilar va oddiy fuqarolar demokratiya bevosita duch kelgan muammolarni uning prinsiplari - fikrlar va o‘zlikning xilma-xilligi, ko‘pchilik xohishiga qo‘yiladgan cheklovlar hamda ijro etuvchi hokimiyatni nazorat qilish haqida so‘zlash orqali himoya qilishlari kerak”, deb hisoblaydi.

Tashkilot 2016 yil Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun juda qo‘l keldi, deb hisoblaydi. Putin so‘nggi o‘n yil ichida “transatlantik tizimni yashirin ravishda beqarorlashtirish niyatida Yevropa va Qo‘shma Shtatlardagi populistlarni qo‘llab keladi”, deyiladi Freedom House hisobotida.

Tashkilotga ko‘ra, Rossiya iqtisodiy turg‘unlikdan chiqa olmayotgan bo‘lsa-da, Putin “Yevropani G‘arb va Rossiya ta’siri ostida bo‘lgan hududlarga bo‘lish niyatiga yetay deb qolgan”.

“O‘tish davlatlari” hisobotida 29 sobiq kommunistik davlatdagi demokratik jaraënlar tahlil etilgan.

Unga ko‘ra, ushbu davlatlarning 18 tasida demokratik ko‘rsatkichlar pasaygan. Natijada mazkur hududda demokratik mamlakatlar soni avtoritar davlatlar sonidan ozaydi.

Markaziy va Sharqiy Yevropa¸ hamda Bolqon davlatlarida populizm demokratik institutlarni kuchsizlantirdi, Yevrosiyoda esa avtoritarizm oddiy holga aylanib qoldi.

Uzoq yillar Markaziy Osiyodagi “demokratiya orolchasi” hisoblangan Qirg‘iziston ham avtoritar tuzumlar safiga qo‘shildi.

Freedom House tashkilotiga ko‘ra, keyingi ikki yil ichida Qirg‘iziston va Armanistonda o‘tkazilgan referendumlar mazkur davlatlardagi prezidentlar partiyalari va siyosiy elitalar hukmronligini mustahkamladi.

Ayni paytda¸ hisobotda Ukraina, Kosovo va Ruminiyadagi demokratik siljishlar olqishlangan.

Bolqon yarim orolidagi yana bir davlat Serbiyaning demokratik ko‘rsatkichi esa¸ Freedom House mezonlari bo‘yicha¸ 2003 yildan buyongi eng past darajaga tushib ketdi.

XS
SM
MD
LG