Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 02:38

4 aprelga o‘tar kechasi Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi dehqon bozorida chiqqan yong‘in yuzdan ortiq tadbirkorni xonavayron qildi. Voqea guvohlarining aytishicha, yong‘in oqibatida bozordagi kiyim-kechak va xo‘jalik mollari bilan savdo qiladigan do‘konlar yonib kul bo‘lgan. Tergovga yaqin mulozimga ko‘ra¸ yong‘inning xavfsizlik qoidalariga rioya etilmagani oqibatida ro‘y bergani taxmin qilinmoqda.

Dehqon bozoridagi yong‘in oqibatida bor-yo‘q tovari kuyib ketgan buvaydalik tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda o‘zining kasod bo‘lganini aytadi.

“Ertalab bozorga kelsam, hamma joy yonib kul bo‘lgan. Do‘konimdan faqat temir-tersak qolibdi. 200 millionlik tovarim kuyib kul bo‘lgan. Kreditga pul olib ishlayotgandim, endi nima qilaman¸ xonavayron bo‘ldim”, deydi tadbirkor.

Suhbatdosh Ozodlikka yuborgan yongan do‘konlar fotosuratlari ham¸ Buvayda bozoridagi yong‘indan faqat temir ustun va panjaralar omon qolganini tasdiqlaydi.

Buvayda dehqon bozoridagi yong‘in oqibatlari
Buvayda dehqon bozoridagi yong‘in oqibatlari

​Buvayda tumani hokimligining Ozodlik bog‘langan mulozimi yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar o‘rganilayotganini bildirdi.

“4 aprelga o‘tar kechasi soat 00.30 da dehqon bozorining kiyim-kechak rasta va do‘konlari joylashgan hududida yong‘in sodir bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilarning birinchi taxminiga ko‘ra, olov elektr simlarining qisqa tutashuvi natijasida chiqqan va juda ham tezlik bilan boshqa do‘konlarga ham yoyilgan. Umumiy maydoni 200 kvadrat metr maydondagi do‘konlar yonib ketgan. Afsuski, hamma do‘konlar yonib ketgan. Ayni paytda, do‘kondorlarga va bozorga qancha zarar yetgani o‘rganilmoqda”, dedi hokimlik mulozimi.

Mulozim¸ yong‘in tunda yuz bergani bois odamlar jabrlanmaganini qo‘shimcha qildi.

Buvayda tumani dehqon bozoridagi yong‘in oqibatlari.
Buvayda tumani dehqon bozoridagi yong‘in oqibatlari.

Buvayda bozorida savdo qiluvchi boshqa bir tadbirkor, yong‘in elektr simlaridan chiqqaniga ishonmasligini aytar ekan, bozorga qasddan o‘t qo‘yilganligini iddao qildi.

“Agar yong‘in bir joydan chiqqanda, bir tomondan yonib borardi. Bu yerda esa odamlar to‘rt tomondan o‘t chiqqanini ko‘rganini aytishayapti. Bitta ham do‘kon omon qolmagan, hammasi yonib ketgan. Kiyim-kechak bozorini bu yerdan yarmarkaga ko‘chirish haqida bozorqo‘m avval bir necha marta aytgan edi. Lekin biz rozi bo‘lmaganmiz. Chunki yarmarkada joy juda tor va bozor yaxshi bo‘lmaydi. Biz yongan do‘konlarimizni suratga olayotganimizda, militsiya xodimlari kelib telefonlarimizni olib qo‘yishdi va suratlarni o‘chirib, qaytarib berishdi. Savdogarlar dardini kimga aytishni bilmayapti”, dedi tadbirkor.

Buvayda dehqon bozoridagi yong‘in oqibatlari
Buvayda dehqon bozoridagi yong‘in oqibatlari

​Ayni paytda¸ Ozodlik ixtiyorida bozorga o‘t qo‘yilgan degan iddaoni qo‘llovchi dalillar mavjud emas.

Aytilishicha¸ yong‘in yuzasidan Buvayda tuman Ichki ishlar bo‘limi jinoiy ish ochgan va tergov-tekshiruv olib bormoqda.

Yong‘in oqibatida katta moliyaviy ziyon ko‘rgan tadbirkorlarga biror yordam ko‘rsatilish-ko‘rsatilmasligi hozircha ma’lum emas.

Jabrlanuvchilardan biriga ko‘ra¸ 4 aprel kuni ertalabki soat 8 larga yaqin tuman hokimi bozorga kelib¸ yong‘indan keyingi vaziyat bilan tanishgan.

"Juda ko‘p odam jabr ko‘rdi. Qo‘qondan nasiyaga mol olib kelib sotadigan ayol savdogarlarning ham bor moli yonib ketgan. Shuncha kulfat bo‘ldiyu, hokim kelib bir og‘iz ko‘nglimizni ko‘tarmadi. Hech bo‘lmasa, sizlarga yangi joy qilib beramiz, savdolaringni davom ettirasizlar, demadi. Ertaga soat 8 da hokimlikda bu masalani muhokama qilamiz va javobini aytamiz dediyu¸ ketdi", dedi Ozodlik suhbatlashgan do‘konsiz qolgan tadbirkorlardan biri.

Ozodlikka kunning ikkinchi yarmida yetib kelgan suratlardan¸ kechga yaqin yong‘in yuz bergan joydagi chiqindilarning tozalab olinganini ko‘rish mumkin.

Kechga borib do‘konlar joyi tozalab olindi.
Kechga borib do‘konlar joyi tozalab olindi.

Siz ham Buvayda bozoridagi yong‘indan talofat ko‘rganlardan bo‘lsangiz¸ bu voqeaga oid tafsilotlarni Ozodlikka yo‘llashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG