Линклар

Sankt-Peterburg shahri metrosida amalga oshirilgan portlashlardan so‘ng bu shaharda ishlab yurgan mehnat muhojirlaridan politsiya migrantlar hujjatlarini tekshirishni kuchaytirgani to‘g‘risida xabarlar kela boshladi.

Ayni paytda shaharda migrantlar ishlaydigan va yashaydigan joylarda reydlar boshlangani to‘g‘risida rasmiy ma’lumot yo‘q.

200 mingdan 500 minggacha o‘zbekistonlik mehnat muhojiri yashashi aytiladigan Sankt-Peterburgdagi o‘zbek diasporasi jamoat tashkiloti raisi va boshqa o‘zbek faollarining Ozodlikka aytishicha, 3 aprel kungi voqea, shubhasiz, mehnat muhojirlariga munosabatga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Sankt-Peterburg ko‘chalarida markaziy osiyolik mehnat muhojirlari odatdagidan ko‘proq va sinchkovroq tekshirila boshlangani to‘g‘risida Ozodlikka bir necha xabar yetib keldi.

Vatandoshlariga turli idoralarda, shu jumladan sud majlislarida tarjimonlik qiladigan, o‘zini Karim, deb tanishtirishimizni so‘ragan o‘zbekistonlikning aytishicha, tekshiruvlar kuchaygani rost. Bu xulosaga u 4 aprel, kunning birinchi yarmida bir necha millatdoshidan olgan ma’lumotlariga tayanib kelganini aytdi.

3 aprel kungi terror hujumini keskin qoralagan Karimning aytishicha, politsiya qirg‘izistonlik migrantlarga ko‘proq e’tibor qaratayapti.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg shahri va Leningrad oblasti bo‘yicha bosh boshqarmasining Informatsiya va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi mulozimi Ozodlikning reydlarga oid savolini javobsiz qoldirdi.

Karimning fikricha, qirg‘izistonliklarga alohida e’tibor qaratilayotgani 3 aprel kungi portlashlar ortida kelib chiqishi qirg‘izistonlik bo‘lgan yigit turganiga oid xabarlar sabab bo‘lishi mumkin.

Sankt-Peterburgdagi o‘zbeklar diasporasining “Turon” jamoat tashkiloti rahbari Alijon Haydarovning Ozodlikka aytishicha, “reydlar to‘g‘risidagi vahimalarga asos yo‘q”. 3 aprel kungi portlashlar mahalliy aholining mehnat muhojirlariga munosabatiga soya solgani alomatlari sezilayotgani yo‘q:

- Sankt-Peterburg har doim ko‘pmillatli shahar bo‘lib kelgan. Shahar ahli muhojirlarga har doim tolerant bo‘lib kelgan, dedi 3 aprel kungi terror aktini keskin qoralagan Alijon Haydarov.

Sankt-Peterburgda qancha o‘zbek bor?

Bundan bir necha yil oldin ba’zi axborot vositalari Sankt-Peterburgda 850 ming o‘zbek bor, degan ma’lumot e’lon qilingach, jamoatchilikda 5 million kishi yashaydigan bu shahardagi har 5 kishidan biri o‘zbekdir, degan fikr shakllangan edi.

Federal migratsiya xizmati o‘zbeklar nufusiga oid raqamlarni inkor etgan, lekin mazkur xizmat o‘zi tan olgan raqamlar (300-400 ming) ham kichkina emas edi.

Sankt-Peterburgda o‘zbeklar ko‘payganini boshqa alomatlardan, masalan, bu shaharda o‘zbek tilida gazeta chiqa boshlaganidan yoki etnik fohishaxonalar ochilganidan bilish mumkin edi.

Sankt-Peterburgdagi o‘zbeklar diasporasining “Turon” jamoat tashkiloti rahbari Alijon Haydarovning Ozodlikka aytishicha, keyingi yillarda shaharda o‘zbek mehnat muhojirlari soni keskin kamayib ketgan.

Uning aytishicha, rubl qadrsizlanib ketishi, Rossiya iqtisodiyotida bo‘hron boshlangani oqibatida shu kunda "Sankt-Peterburgda 200 ming nafar atrofida o‘zbek bor, xolos".

Biroq Peterburgda 2011 yildan 2016 yilgacha chop etilgan va bu yil moliyaviy taqchillik tufayli to‘xtab qolgan “Turon” gazetasi bosh muharriri Mahmud Mamatmo‘minovning hisob-kitobi sal boshqacharoq:

- Sankt-Peterburgda qancha o‘zbek bor, degan savolga o‘tgan yili tugatilgan Federal migratsiya xizmati xodimlari ham aniq javob ayta olmagan. Mening hisob-kitoblarim bo‘yicha, shu kunda nolegallarni qo‘shib hisoblaganda 500 ming nafar atrofida o‘zbek bor. O‘tgan yili 300 mingga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muhojiriga patent berilganini bilaman, dedi jurnalist.

Suhbatdoshlarimizning aytishicha, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari, asosan, qurilishlarda ishlaydi.

Qashqadaryolik 33 yashar Dilmurod Sankt-Peterburg metrosining Devyatkino stansiyasidagi qurilish-ta’mirlash brigadasi ishchisi. Uning aytishicha, stansiyaga yaqin joyda – vagon yotoqxonada yashagani uchun 3 aprel kungi portlashlardan keyin shaharda yuzaga kelgan vaziyatdan xabardor emas.

- Lekin, kechagi voqeadan keyin shaharga chiqmay turgan ma’qul, har qadamda tekshiraverib qon qilishsa kerak, dedi Dilmurod.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosining ikki stansiyasida portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jami 14 kishi o‘lgan, 51 yo‘lovchi jarohat olgan. Rossiya Bosh prokuraturasi hodisani terror hujumi, deb atadi.

XS
SM
MD
LG