Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:55

Terrorchi sifatida gumonlanayotgan Jalilovning oilasi O‘shdan Peterburgga jo‘natildi


Akbarjon Jalilovning "VKontakte" sahifasidan olingan surati.
Akbarjon Jalilovning "VKontakte" sahifasidan olingan surati.

Sankt-Peterburg metrosidagi terror hurujini amalga oshirganlikda gumonlanayotgan Akbarjon Jalilovning otasi, onasi va ukasi Qirg‘iziston maxsus xizmatlari kuzatuvida O‘sh aeroportidan Rossiyaga jo‘natildi.

Bir-biridan mustaqil bo‘lgan 4 manbaning Ozodlik radiosiga bildirishicha, O‘sh shahridagi Amir Temur mavzesida yashovchi Jalilovlar oilasi 4 aprel kuni Milliy xavfsizlik qo‘mitasining O‘sh viloyat bosh boshqarmasiga olib ketilgan va 5 aprelga o‘tar kechasi soat 1dan 15 daqiqa o‘tganida aeroportdanO‘sh - Sankt-Peterburg yo‘nalishida uchayotgan uchoq bilan Rossiyaga jo‘natilgan.

Jalilovlarning xonadoni eshigiga 4 aprelda qulf solindi.
Jalilovlarning xonadoni eshigiga 4 aprelda qulf solindi.

Manbalar Jalilovlar oilasi aeroportga maxsus xizmatning 5-6 nafar xodimi kuzatuvida kelganini va ular bilan muloqot qilish imkoniyati bo‘lmagani ham aytdilar.

Maxsus xizmatlarga yaqin bo‘lgan manbaning bildirishicha, Jalilovlar oilasi Peterburgga terrorchilikda gumonlanayotgan Akbarjon to‘g‘risida ma’lumot berishga, unga mansubligi aytilayotgan jasadni genetik ekspertiza qilinishiga hamda jasad chindan ham Akbarjonniki ekanini tasdiqlash yoki inkor etishga ko‘maklashish maqsadida jo‘natilgan.

Jalilovlar xonadoni.
Jalilovlar xonadoni.

Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati rasmiysi Raxat Sulaymanov bu xabarni rasman tasdiqlamadi va inkor ham qilmadi. U Ozodlik muxbiriga “Bu masalada Rossiya Tergov qo‘mitasidan axborot olishingiz mumkin”, deb bildirdi.

Avvalroq Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaev 4 aprel kuni Moskvada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvdan so‘ng matbuotga bergan intervyusida Jalilov haqiqatan ham qirg‘izistonlik bo‘lganini tasdiqlagan edi.

-Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi dastlabki tekshiruv natijalariga ko‘ra, xudkush kelib chiqishi bo‘yicha qirg‘izistonlik ekanini va u Rossiya vatandoshligini qabul qilganini tasdiqladi, -dedi Erlan Abdildaev.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Akbarjon Jalilov 2011 yilda 16 yoshga to‘lganida Rossiya vatandoshi bo‘lgan otasi Akromjonning iltimosi bilan Rossiyaning O‘shdagi konsulxonasida rus pasportiga ega bo‘lgan. Akbarjon Jalilov Rossiya armiyasida harbiy xizmatni o‘tgani ham aytilmoqda.

Ozodlikning O‘shdagi muxbiriga intervьyu bergan qo‘shnilar Jalilovlar oilasini ijobiy baholaganlar. Qo‘shnilardan biri Mirkomil Ahmadaliev mana bularni aytdi:

-Akromjon tilla odam. Juda yaxshi odam. Ularning oilasi o‘zi juda yaxshi tarbiya ko‘rgan, ayoli ham, bolalari ham juda yaxshi, tarbiyali. Kichik o‘g‘li O‘shda 10-11 sinfda o‘qiydi, katta o‘g‘li Rossiyada edi. Akramjonning o‘zi 5 mahal namozini kanda qilgan emas, -dedi Mirkomil Ahmadaliev.

3 aprel kuni Peterburgning ikkita metro bekatida sodir etilgan portlashda 14 odam halok bo‘lgan va 50dan ortiq odam yaralangan edi. Maxsus xizmatalar portlashlar xudkuksh tomonidan amalga oshirilganini va bu xudkush Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan 22 yoshli Akbarjon Jalilov bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Ayni paytda Ozodlik radiosi rus xizmati "Rosbalt" agentligi Jalilov bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lganini va u agentlikka o‘zining tirk ekanini hamda xudkush hujumga aloqasi yo‘qligini aytgani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

"Rosbalt" agentligiga o‘zini Jalilov deb tanishtirgan odam “Yo‘q, bu qandaydir anglashilmovchilik”, deb aytgan.

XS
SM
MD
LG