Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:25

Turkiya Rossiyadan borgan markaziy osiyoliklarni nazoratga oldi


Rossiya va Turkiya maxsus xizmatlari Turkiya hududida bo‘lgan rossiyalik hamda markaziy osiyolik “Islom davlati” jangari guruhi tarafdorlarini topish va qo‘lga olishda hamkorlik qilmoqda. Joriy yildan boshlab, Turkiyaga dam olish uchun otlangan Rossiya vatandoshlarining ba’zilari mamlakatga kiritilmasligi mumkin.

Garchi, turk matbuotida turizm sohasiga zarar etmaslik niyatida bu masala uncha ko‘tarilmayotgan bo‘lsa-da, turk chegarachilari Shimoliy Kavkaz hamda aholisining asosiy qismi musulmon bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlarida tug‘ilgan Rossiya fuqarolarini kuchaytirilgan tartibda tekshirmoqda.

Isroil va xorij davlatlari politsiyasi o‘rtasidagi aloqalarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullangan sobiq politsiyasi Sergey Migdalning aytishicha, ba’zi hollarda chegarachilar qarshisida yo‘lovchining ikkilanishi,ter bosishi, soqol qo‘ygani yoki asabiylashi uni to‘xtatish va keyinchalik, uni mamlakatga kiritmaslikka etarli asos bo‘lishi mumkin.

Istanbuldagi Otaturk xalqaro eroportining Sibel ismli ishchisi turk chegara xizmati xodimlari Rossiya hamda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga alohida e’tibor qaratishini tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, ayniqsa, yolg‘iz yoki sheriklari bilan Turkiyaga kirib borayotgan yosh erkaklar jiddiy tekshirilmoqda va chegarachilar bunday shaxslarni chetga tortib, qo‘shimcha savollar bermoqda. Sibelga ko‘ra, bunday kuchaytirilgan nazorat tartibi 2016 yilda Otaturk aeroportida amalga oshirilgan terror hujumidan so‘ng boshlangan.

Sergey Migdalning aytishicha, xavfsizlik xizmatining pasport nazorati bilan shug‘ullanuvchi xodimlari shubhali ko‘ringan shaxslarni chetga olib chiqib, ularga o‘z ona tillarida savol berishi mumkin. Zarur bo‘lsa, ular suhbatni sodda savollardan boshlab, murakkablariga o‘tishi va shu tahlit biroz cho‘zishi mumkin. Bu orada turk chegarachilari, endilikda yaqin aloqa o‘rnatilgan Rossiyadagi hamkasblari bilan bog‘lanib, bu davlatdan borgan shubhali qo‘lovchi haqida kerakli ma’lumotni olishi mumkin. Hatto, ikki davlat maxsus xizmatlari, shubhali shaxsni yo‘lini to‘smasdan, uni kuzatishda davom etish bo‘yicha qo‘shma amaliyot ham boshlashi mumkin, deya taxmin qiladi Migdal.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, 2016 yilning noyabrida Turkiyaning uch shahrida “Islom davlati”ga aloqadorlikda gumonlanib, 25 nafar odam qo‘lga olingan, ular orasida 12 rossiyalik, ikki ozarbayjonlik, ikki o‘zbekistonlik hamda bir tojikistonlik bor edi. Bu aynan rus va turk maxsus xizmatlari qo‘shma amaliyoti bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi ekspert.

Migdalning ta’kidlashicha, keyingi oylarda Rossiya va Turkiya maxsus xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik ancha yaxshilangan, ammo ishlash metodi ikki davlat maxsus xizmatlarida ham avvalgidek qolmoqda.

Ya’ni, diniy e’tiqodi va ibodati bo‘lgan shaxslarga maxsus xizmatlarning o‘zi IShIDga yollovchi shaxslar ko‘rinishi keladi va ularga Suriyaga ketish yoxud o‘zi yashab turgan davlat hududida terror akti uyushtirish g‘oyasini beradi. Ma’lum muddat o‘tib, go‘yoki yollangan dindor shaxs jihodchi yoki terrorchiga aylanadi. Ammo, agar ular maxsus xizmat agentlari tomonidan targ‘ibot qilinmasa, ekstremist yoki terrorchiga aylanarmidi, degan savol tug‘iladi, deydi Migdal.

Ekspertlar avvaliga barcha hukumatlar radikal qarashda bo‘lgan shaxslarning Turkiya orqali Suriyaga o‘tib ketishiga ko‘z yumgani yoki xufya agentlari yordamida dindorlarni radikallashib, jihodga yo‘l olishiga ko‘z yumgani, aslida - xatarli yo‘l bo‘lganini ta’kidlaydilar.

Jumladan, Terrorga qarshi kurash masalalari bo‘yicha turkiyalik ekspert Abbulloh Agar yaqin-yaqingacha ham Turkiya hukumati uning hududi orqali Suriyaga yo‘l olayotgan radikal kayfiyatdagi guruhlar xatarini to‘liq anglab etmadi, deb hisoblaydi.

Bundan tashqari, Turkiya va Suriya o‘rtasidagi chegara uzunligi 913 kilometr va bu chegarani qo‘riqlash juda qiyin. Ammo, Istanbulning Sultonahmad mavzeidagi terror hujumidan so‘ng hukumat bu xatarni angladi va terrorga qarshi xalqaro kurashga qo‘shildi, deydi Abdulloh Agar.

Ammo, bu paytga kelib Turkiyada radikal-ekstremistik ruhda bo‘lgan muhojirlar ko‘payib ketgan va natijada, Turkiya maxsus xizmatlari radikal ekstremizmga qarshi ham chegara, ham mamlakat ichkarisida kurash boshladi.

Turkiyada keyingi yillarda sodir etilgan eng yirik terror hujumlariga kelib chiqishi Markaziy Osiyo yoki Kavkazlik bo‘lgan Rossiya fuqarolari aloqador bo‘lib chiqmoqda.

Jumladan, Istanbuldagi Otaturk aeroportida sodir etilgan, 45 odam o‘limiga sabab bo‘lgan portlash ortidan Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari qo‘lga olindi. O‘shanda Turkiya prezidenti portlashlarga dog‘istonliklar ham aloqador ekanini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, Istanbulning tarixiy markazidagi Sultonahmad maydonida 2016 yilning yanvarida sodir bo‘lgan portlashga aloqadorlikda ayblanib ham Rossiyaning uch fuqarosi qo‘lga olindi.Ular avvaliga “Islom davlati” guruhiga aloqadorlikda ayblandi, ammo keyinroq qo‘yib yuborildi. Nihoyat, joriy yilning ilk kunida o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov Reina tungi klubida portlash amalga oshirdi. Natijada 39 odam halok bo‘ldi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyada 2011-2016 yillar oralig‘ida qo‘lga olinib, badarg‘a qilingan taqriban uch ming xorijlikning519 tasida Rossiya pasporti bo‘lgan.

Migdal va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha turk mutaxassisi Abdulloh Agarning aytishicha, endilikda Turkiya va Rossiya maxsus xizmatlari bu xatarning o‘z hududida naqadar xatarli turli olganini to‘liq anglab etdi va yaqindan hamkorlik qilmoqda. Garchi, rus matbuoti Rossiyadaggi aksil-terror amaliyotlarini muttasil yoritib kelayotgan bo‘lsa-da, turk matbuotida bunday xabarlar kamyob, chunki Turkiya hukumati Rossiyadan boradigan va yaqindagina tiklangan sayyohlik oqimiga zarar yetkazmaslikka harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG