Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:06

O‘zbekistonda pensiyalarni yana plastikka o‘tkazish targ‘ib qilinyapti


Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Ipoteka bank binosi oldida odamlar plastik kartadagi pulni naqdga aylantirish uchun navbat kutmoqda, 18 mart, 2014 yil.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Ipoteka bank binosi oldida odamlar plastik kartadagi pulni naqdga aylantirish uchun navbat kutmoqda, 18 mart, 2014 yil.

O‘zbekistonning bir qancha tumanlaridan Ozodlikka bog‘langan pensionerlar mahalliy rasmiylar pensiyalarning yarmini yoki butunlay yana plastik kartaga o‘tkazishga jon-jahdi bilan targ‘ib qilayotganini aytmoqdalar. Rasmiylar pensiya plastik kartaga o‘z vaqtida tushishi, naqd pulda to‘lash esa oyning oxiriga qadar cho‘zilishi mumkinligidan qariyalarni ogohlantiryaptilar.

“Pensiyani plastikka qaytarishning yangicha usuli”

Toshkent shahrining Bektemir tumanida yashaydigan pensioner Sherali otaning Ozodlikka aytishicha, rasmiylar pensiyani yana plastikka “ixtiyoriy” o‘tkazishning yangi usulini o‘ylab topganlar:

“Kecha, 4 aprel kuni pensiyani pochtachi olib kelib berishi kerak edi. Lekin bugun pochtachi quruq kelib, “endi pensiyani pochta tarqatmaydi, bizdan olib qo‘yishdi”, deb aytdi. Borib surishtirsak, xohlaganlar plastikka o‘tkazinglar, tezroq olasizlar, naqd pul hozir yo‘q, 18 apreldan keyin ma’lum bo‘ladi. Plastikka o‘tkazsalaring tezroq olasizlar, dedi”, deydi Sherali ota.

Bektemir tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, pensiyalarni plastikka o‘tkazish ixtiyoriy tarzda bo‘layotganini aytdi:

“Naqd pul muammo bo‘lib turibdi. Shuning uchun hozir pensiyalarni oyning boshida birdaniga naqd berish imkoni yo‘q. Biz tushuntirib aytyapmiz, kutib tursalaring oyning oxirigacha naqd qilib beramiz, lekin kim xohlasa plastikka o‘tkazsin, tezroq tushirib beriladi”, deyapmiz. Majburlash yo‘q”, dedi hokimlik mulozimi.

“Oqsoqollar uyma-uy yuribdi”

Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida yashaydigan Safar ota ham mahalliy rasmiylar pensiyalarning 50 foizini plastikka o‘tkazishni zo‘r berib targ‘ib qilayotganini aytadi:

- Qo‘ng‘irot tumani hokimi Mirziyoevning farmoniga bo‘ysunmayapti. Mana, prezidentimiz farmoni bilan ikki oy pensiyalarni naqd pulda mazza qilib oldik. Endi esa, hokim yana hammani plastikka o‘tkazyapti. Ovul oqsoqoli uyma-uy yurib, 50 foiz plastikka o‘tasan deb, oyoq tirab turibdi. Shu paytgacha yarim pensionerlar ana shunday bosim ostida plastikka o‘tishga majbur bo‘ldi. Oqsoqolning aytishicha, ularga tuman hokimi buyruq bergan, "biz baribir naqd pul topib berolmaymiz, plastikka o‘tsin", degan ekan. Shunaqa, qog‘ozda emas, og‘zaki majburiy bo‘lyapti, dedi Safar ota.

O‘zini Qo‘ng‘irot tumani hokimi yordamchisi To‘rg‘anboy deb tanishtirgan mulozim, pensiyalarni plastikka o‘tkazishga targ‘ibot bo‘layotgani faktini inkor etdi:

“Biz hamma pensionerlarga pensiyani naqd pulda berib turibmiz. Har oyning 27 sida yopyapmiz. Majburlash haqida gap bo‘lgani yo‘q”, dedi hokim yordamchisi.

“Har biring pensiyasini plastikka o‘tkazishga rozi bo‘lgan bitta pensioner topib kelasan”

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani markaziy kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan hamshiralaridan birining Ozodlikning elektron pochtasiga yozishicha, bo‘lim mudiri ularga bittadan “ixtiyoriy” pensioner topib kelish haqida buyruq bergan:

“Salom Ozodlik. Shahrisabzning Chorshanbe qo‘rg‘onida joylashgan shifoxonasida ishchi-xodimlarga bir qator talablar qo‘yilyaptiki, bundan ajablanasan. Hammasiga chidab kelayotgan edik. Lekin kuni-kecha qo‘yilgan talabga chiday olmay, sizlarga yozdik. Talab quyidagicha:

- har bir ishchi yoki xodim “ixtiyoriy” tarzda o‘z pensiyasining 50 foizini plastikka o‘tkazuvchi bitta pensioner topish,

- agar shunday penisoner topmasa o‘zining ishda qolish-qolmasligini o‘ylab ko‘rsin, degan talab qo‘yilyapti.

Buning natijasida oilamda janjal ham bo‘lib o‘tdi. Biz buni xohlamaymiz. Nahotki prezidentimiz qarorlari “xo‘ja ko‘rsin”ga bo‘lsa”, deb yozadi hamshiralardan biri.

Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi kasalxona ishchi-xodimlariga bunday talab qo‘yilayotganini inkor qildi:

“Bo‘lmagan gap, bekor aytibdi ular. Birlashmadan hech qachon bunday buyruq bo‘lmagan”, dedi mulozim.

“Biz tomonda bunday gap yo‘q!”

O‘zbekistonning hamma tumanida ham pensiyalarni plastik kartaga o‘tkazishga targ‘ib qilish yoki majburlash holatlari kuzatilmaydi.

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashaydigan pensioner Tursunboy otaning aytishicha, ular ikki oydan buyon pensiyalarni naqd pulda olayotir:

- Xudoga shukr, yangi prezidentimiz farmonlari bilan pensiyalarni naqd pulda ola boshladik. Bu uchun prezidentimizga katta rahmat, dedi Tursunboy ota.

Prezident Mirziyoev 2 fevral kuni imzolagan “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga ko‘ra¸ O‘zbekistonda fevralь oyidan boshlab pensiyalar to‘liq hajmda naqd pul shaklida berilishi shart.

Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi va pochta xizmati tashkilotlariga pensiyalarning uzluksiz, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmayto‘lanishini ta’minlashga doir qat’iy topshiriq berilgan.

XS
SM
MD
LG