Линклар

Rossiya Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg metrosidagi portlashni amalga oshirganlikda gumonlanayotgan shaxsning asli o‘shlik 22 yashar Akbarjon Jalilov ekanini e’lon qildi.

Qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilov

Ekspert-kriminalistlarimiz Jalilovning genetik izlarini “Ploщadь Vosstaniya” metro bekatida qoldirib ketilgan portlovchi moslama solingan sumkadan topishdi. Genetik ekspertiza xulosasi va videokameralar yozuvlari vagonda portlash uyushtirgan aynan shu shaxsning “Ploshchad Vosstaniya” bekatida portlovchi moslama o‘rnatilgan sumkani qo‘yib ketganini tasdiqladi”, deyiladi Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy saytidagi xabarda.

Bundan oldinroq, “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi “Russkiy spetsnaz” jamoasi sahifasida 1995 yilda tug‘ilgan Akbarjon Jalilovning rasmi qo‘yildi va aynan shu odamning Peterburg metrosidagi portlashga aloqasi borligi iddao qilindi.

Surat ostiga “Jalilov Akbarjon Akramjonovich, 01.04.1995 yilda Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan, Rossiya grajdani” deb yozilgan va Jalilovga oid pasport ma’lumotlari ham keltirilgan.

A.Jalilovning qidiruvdagi fotosurati
A.Jalilovning qidiruvdagi fotosurati

Yana bir fotosuratda metroda ketayotgan¸ ko‘rinishidan osiyolik bo‘lgan¸ qizil kurtkadagi ryukzak taqqan shaxs tasvirlangan. Nazorat kameralaridagi yozuvdan bu yigitning 3 aprel, soat 14:01 da, portlashdan 40 daqiqa oldin metro bekatlaridan birida ko‘rilgani anglashiladi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “Russkiy spetsnaz”da ko‘rsatilgan shaxsning “VKontakte”dagi sahifasini topib, uning 2014 yildan buyon yangilanmaganini aniqladi.

Kunning birinchi yarmida Qirg‘iziston xavfsizlik xizmati xudkush hujumchi sifatida gumonlanayotgan shaxsning asli qirg‘izistonlik ekani haqida baënot berdi.

Biz teraktda gumonlanuvchi shaxsning 1995 yilda O‘sh shahrida tug‘ilgan Rossiya vatandoshi Akbarjon Jalilov ekanini tasdiqlaymiz”, dedi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vakili 4 aprel kungi bayonotida.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Akbarjon Jalilov Rossiining Shimoliy poytaxtiga 16 yoshida otasi bilan birga kelgan va ular birga avtoservisda ishlab kelgan ekan.

Do‘stlaridan biriga ko‘ra¸ bir necha yil oldin uni taniganlar orasida “Akbarjon Koreyaga ketdi”, degan gap chiqqan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra¸ o‘shlik yigit oxirgi olti yil davomida Peterburgda yashagani va bu bu vaqt ichida pasportini bir necha marta yangilaganini aniqlandi. Ayrim Rossiya nashrlari esa¸ maxfiy xizmatlarga tayanib, Jalilovning “Islom davlati” ekstremistik tashkiloti a’zosi ekanini yozib chiqdi.

Error rendering VK.

Tergov qo‘mitasi Akbarjonni asosiy ayblanuvchi ekani to‘g‘risida qilgan bayonoti ortidan “Rosbalt” nashri Jalilovning sahifasida ko‘rsatilgan raqamlar bo‘yicha qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qila olganini xabar qildi.

“Ozodlik” bilan suhbatda “Rosbalt” muxbiri Jalilov unga “tushunmovchilik ro‘y bergani” va o‘zining portlashlarga aloqasi yo‘qligini bildirganini aytdi. Jurnalist Akbarjon Jalilovga uning “VKontakte” sahifasida ko‘rsatilgan telefon orqali qo‘ng‘iroq qilganini aniqlashtirdi.

Ozodlik hozirda bu raqamga vaqtinchalik xizmat ko‘rsatilmayotgani va u o‘chirilganini aniqladi.

Akbarjon Jalilovning otasi, onasi va ukasi Qirg‘iziston maxsus xizmatlari kuzatuvida O‘sh aeroportidan Rossiyaga jo‘natilgani xabar qilindi.

Akbarjonning onasi jurnalistlar savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Qozog‘istonlik Maksim Arishev

4 aprel kuni Peterburgning “Fontanka” nashri 22 yashar qozog‘istonlik kompyuter dasturchisi Maksim Arishevning portlash bo‘lgan kuni yo‘qolib qolganini aytib¸ uni ham hujumga aloqadorlikda gumonlanayotgan shaxs deb e’lon qildi.

Keyinroq, hujumni tergov qilayotgan mutaxassislar aniqlangan jasadlardan biri Maksim Arishevniki ekanini ma’lum qildi.

Peterburglik jurnalistlar Arishev “portlash markazida bo‘lgani” va “portlatishda gumonlanayotganlardan” bo‘lishi mumkinligini xabar qildi. Ayni paytda, Conflict Intelligence Team guruhi ochiqlagan ma’lumotdan Arishev portlashga aloqasi yo‘qligi, uni metrodagi hodisadan keyin ota-onasi qidirayotganini bildirdi. Keyinroq, Arishevning do‘stlari 3 aprel kuni kunduzgi paytda Maksim Arishev o‘zi o‘qiyotgan Informatika va matematika fakultetidan “Frunzenskaya” metro bekatida joylashgan uyiga ketayotganini ma’lum qildi.

Seshanba kuni Maksimning ota-onasi Sankt-Peterburgga kelib, o‘g‘lining jasadini tanidi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Maksim Arishevning “teraktni hozirlashga aloqasi yo‘qligi va huquq muxofazasi idoralari nazoratiga hech qachon tushmagani” to‘g‘risida bayonot tarqatdi.

Andrey (Ilyos) Nikitin

​Rus blogerlari va jurnalistlari tomonidan "Hottabich" laqabi berilgan yana bir shaxsning surati hujumdan bir necha soat o‘tib deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida asosiy gumonlanuvchi sifatida tarqatildi.

O‘z fotosuratini ko‘rgan shaxs politsiyaga keldi
O‘z fotosuratini ko‘rgan shaxs politsiyaga keldi

Fotosurati tarqagan yigitning o‘zi Peterburgdagi politsiya bo‘limlaridan biriga kelib, rasmini televizorda ko‘rib, qo‘rqib ketganini aytgan. U o‘zining haqiqatan 3 aprel kuni metropolitendan foydalangani¸ biroq portlashlarga mutlaqo aloqasi yo‘qligini bildirgan.

Boshqirdistonlik Ilyos Nikitin Ufada yuk tashuvchi mashina haydovchisi bo‘lib ishlar ekan. 3 aprel kuni u Peterburg Jome masjididan qaytib kelayotganini aytgan.

Shoshqoloq jurnalistlarning uni fotosuratini asosiy gumonlanuvchi sifatida tarqatishi oqibatida 4 aprel kuni aeroportda “tanib” qolgan yo‘lovchilar talabi bilan u Moskva-Ufa aviareysidan tushirib qoldirilgani xabari chiqdi.

IslamNews xabariga ko‘ra, tug‘ilganida Andrey deb ism qo‘yilgan bu shaxs Ryazan harbiy-desant bilim yurtini tamomlagani, Chechenistonda harbiy harakatlarda ishtirok etgan, xizmatdan qaytib kelib Islomni qabul qilgan va Ilyos ismini olgan.

Qora do‘ppi va qora uzun kiyim kiyib olgan soqolli shaxsning tergov-surishtiruvsiz “terrorchi” deb e’lon qilinishi ijtimoiy tarmoqlarda maxfiy xizmatlar ishi ustidan norozilik va istehzolarni keltirib chiqardi.

Ayni paytda, Rossiya ommaviy axborot vositalarida "terrorchining o‘zi taslim bo‘lgani" to‘g‘risidagi xabarlar tarqashda davom etmoqda.

....

5 aprel kuni nihoyat uyiga yetib borgan Ilyos Nikitin ishdan haydalganini ma’lum qildi.

“Bugun Nijnevartovskdagi ish beruvchim meni ishdan bo‘shatganini ma’lum qildi. U buni mintaqaviy Tergov qo‘mitasi talabi bilan izohladi", dedi Nikitin.

Ilyos, shuningdek, jurnalistlar uning yaqinlari va shaxsan uni taqib etayotganidan afsus bildirdi.

“Ortimdan taqib etmasliklaringizni va tinchkina hayot kechirishimga ruxsat berishingizni o‘tinib so‘rayman”, deya Ilyos Nikitinning so‘zlarini keltirdi IslamNews.

XS
SM
MD
LG