Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 17:54

Mirziyoev “saratonga chalingan” onkologiyani davolamoqchi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning samarali tizimini yaratish maqsadida 4 aprelda qabul qilgan qarorni o‘rganish jarayonida sog‘liqni saqlash tizimining bu sohasi so‘nggi chorak asr davomida e’tiborsiz qolib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Soha mutaxasislarining aytishicha, onkologik bemorlarni davolash yuzasidan davlat o‘z zimmasiga olgan majburiyat yillardan buyon 50 foiz darajasida ham bajarilmay kelayotgan edi.

Operatsiya - 1000 USD, kimyomuolaja - 1 500 000 UZS

Toshkentning Olmazor tumani, Namuna mahallasida yashaydigan 52 yashar Sojida Sobirova (ism o‘zgartirildi) mana 3 yildirki, ko‘krak saratonidan aziyat chekadi.

- 2014 yili vrachlar ko‘rib, ko‘kragimni operatsiya qilish kerakligini, lekin o‘sma xavfli bo‘lgani uchun sog‘ayib ketishimga kafolat bera olmasliklarini aytishdi. Operatsiya haqi 1000 dollar ekan. Lekin kafolat berishmagani uchun operatsiya qildirgim kelmadi, dedi Sobirova Ozodlik muxbiriga.

Shundan so‘ng bemor o‘sha yili 4 marta kimyo terapiyasidan o‘tdi.

- Ximiyani har 21 kunda olish kerak ekan. 4 marta oldim. Juda qiynaldim. Sochlarim to‘kilib ketdi. Har gal 1 500 000 so‘mdan to‘ladim. Keyin olmay qo‘ydim. Hozir tabib bergan dorini ichib yuribman, dedi bemor.

Sojida Sobirova onkologik bemor sifatida do‘xtirlarning maxsus ro‘yxatida turadi.

- Vaqti-vaqti bilan do‘xtirlar telefon qilib, davolanishim kerakligini aytishadi. Lekin men o‘zim bormayapman, dedi bemor.

Toshkentlik Sojida Sobirova bilan Ozodlik 5 aprelda, O‘zbekiston Prezidenti "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan kunning ertasiga suhbatlashdi.

Onkologiya sohasida Prezident qarori qanday o‘zgarish yasaydi?

Bu savol javobini O‘zbekistonning ikki viloyati misolida o‘rganishga harakat qildik.

Qashqadaryo va Namangan viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmalarining ismlari atalmasligi sharti bilan Ozodlik savollariga javob bergan mulozimlari Prezident qarorini “Mustaqillik yillarida onkologiya sohasida qabul qilingan birinchi qaror”, deb atadilar. Ularning aytishicha, “onkologiya sohasiga shu paytgacha bu qadar e’tibor bo‘lgan emas”.

Namanganlik mulozimning aytishicha, Prezident qarori asosida quyidagi o‘zgarishlar bo‘ladi:

onkologiya dispanserlari o‘rnida Respublika onkologiya ilmiy markazining filiallari ochiladi;

bu filiallarda har bir onkologik kasal skriningi o‘tkaziladi;

har bir bemor hisobga olinadi, kantser-registr yo‘lga qo‘yiladi, ya’ni bu sohada statistika qat’iy olib boriladi, qaysi kasallik qaysi hududda ko‘payib borayotgani, profilaktik choralarni qaysi hududda kuchaytirish kerak – shu va shunga o‘xshash barcha ishlar kantser-registr ma’lumotlariga qarab qilinadi.

Onkologiya bilan bog‘liq joriy vaziyat yoki Ko‘chma mammograf

Ozodlik savollariga javob bergan mulozimlarning aytishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘krak bezi saratoni saraton turlari ro‘yxatining boshida kelayotgan kasallikdir va unga qarshi chora-tadbirlar Prezident qarori qabul qilinishi arafasida ham ko‘rilgan.

Xususan, yaqinda Namangan viloyatiga ko‘krak bezidagi 3 millimetrgacha bo‘lgan o‘smani aniqlay oladigan statsionar mammograf apparati keltirildi. Bu apparat dunyo standartlari darajasidagi apparatdir.

Bundan tashqari namanganlik onkologlar yaqinda 100 ming AQSh dollari miqdorida Yaponiya grantini qozondi va shu grant hisobiga olinadigan yana bitta mammograf avtomashinaga o‘rnatiladi. Endilikda sayyor mammograf yordamida onkologlar mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq yurib, ayollarni skriningdan o‘tkazishi mumkin.

Prezident qarori saratonga chalingan bemorga nima beradi?

Bu savol javobi mulozimlarning yuqorida keltirilgan ma’lumotlarida mavjud. Biroq bemorni uning davolanishi bilan bog‘liq sarf-harajatlar qiziqtiradi.

“Onkologiya kasalliklari, yangidan paydo bo‘ladigan xatarli o‘simtalar” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil, 20 martdagi qarori bilan Ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar ro‘yxatiga kiritilgan va o‘sha qaror bilan onkologiyaga, shuningdek, silga, jinsiy yo‘l bilan o‘tadigan kasalliklarga, OITSga, moxovga hamda ruhiy kasalliklarga chalinganlarga imtiyozlar belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining “Sog‘liqni saqlash tizimidagi davlat muassasalarida bepul tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi buyrug‘iga binoan ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar ro‘yxatiga kiritilgan kasalliklarga, shu jumladan, onkologiyaga chalingan bemorlarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish belgilab qo‘yilgan.

Ya’ni davlat onkologik bemorlarni davolash bog‘liq barcha sarf-harajatlarni o‘z zimmasiga olgan.

Amalda esa, 30 - 50 foiz

Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimning aytishicha, shu kunda davlat onkologiyaga chalingan bemorlarni davolashga ketadigan sarf-harajatning 30 foizinigina ko‘tarayapti.

- Bemor dori-darmon bilan 30 foiz ta’minlanadi, 70 foizini kasalning o‘zi sotib oladi, lekin kasalxonada yotishi, oziq-ovqati bepul, dedi mulozim. Uning aytishicha, dori-darmonga ajratiladigan pul bu yil sezilarli ko‘paygan.

Namanganlik mulozimning so‘zlariga qaraganda, bu viloyatda ahvol biroz yaxshiroq:

- Viloyatimizda onkologik kasallarning ehtiyojini qoplash o‘tgan yili 52 foizga chiqdi. Bemorlarni ximiya preparatlari bilan ta’minlash, birlamchi tibbiy vositalar bilan ta’minlash yildan yilga yaxshilanmoqda. Prezidentimizning yanvar va fevraldagi chiqishlaridan keyin viloyat moliya boshqarmasi ham bu sohaga e’tibor qaratib, bu yil o‘tgan yilgidan dori-darmonga 3 baravar ko‘p pul ajratdi.

Namanganlik mulozim ham, qashqadaryolik mulozim ham yaqin yillar ichida onkologik bemorlarni 100 foiz davlat hisobidan davolash amalga oshishiga ishonch bildirmadi.

- Masalan, bizning viloyatdagi onkologik kasallarning dori-darmonining o‘ziga kamida 2 millard so‘m ajratilishi kerak, dedi Namangan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimi.

Sojida Sobirova qanchasini to‘lagan?

3 yildan buyon ko‘krak saratonidan aziyat chekayotgan toshkentlik Sojida Sobirova 4 marta kimyo terapiyasidan o‘tish uchun to‘lagan 6 million so‘m muolajaning to‘la haqimi yoki bir qismi edimi?

Sojida opaning o‘zi ham bilmaydigan bu savol javobini Ozodlik bugungi maqolani yozish jarayonida aniqlay olmadi.

XS
SM
MD
LG