Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:09

Toshkentda tunda -1, hokimlik isitish mavsumini yakunlaganiga 10 kundan ortdi


"O‘zgidromet" xizmati rasmiy saytida e’lon qilingan ob-havo prognozi
"O‘zgidromet" xizmati rasmiy saytida e’lon qilingan ob-havo prognozi

O‘zbekiston poytaxtidan Ozodlikka shu kunlarda kelayotgan xatlarning aksariyatida havo harorati hali etarli isimay turib, ko‘p qavatli uylarga issiqlik berish to‘xtatib qo‘yilganidan shikoyatlar bitilgan.

Ozodlik O‘zbekiston hukumati tasdiqlagan kommunal xizmat ko‘rsatish qoidalari bilan yana bir marta tanishib, hukumat belgilab qo‘ygan me’yorlarni Toshkentdagi joriy vaziyatga qiyosladi.

Kunduzi +10, oqshom zo‘rg‘a +4, tunda -1

“Biz yashaydigan ko‘pqavatli uyga issiqlik berish to‘xtatib qo‘yilganiga bir haftadan oshdi. Havo harorati kunduzi 10, oqshomlari 2 – 4 darajadan ko‘tarilmayapti”, deb yozdi Yunusobod tumanining 14 mavzesida yashaydigan tinglovchi.

Xuddi shunga o‘xshash shikoyat Olmazor tumanida yashashini aytgan tinglovchidan ham keldi:

Toshkentda havo sovuq bo‘lishiga qaramay isitish davri tugatilganini shaharliklar ijtimoiy tarmoqlarda hajv qilmoqda.
Toshkentda havo sovuq bo‘lishiga qaramay isitish davri tugatilganini shaharliklar ijtimoiy tarmoqlarda hajv qilmoqda.

“Sovuqdan odamlar shamollab qolayapti, gripp ko‘paygan, bog‘cha opalar ota-onalardan bolalarni issiqroq kiyintirib yuborishni iltimos qilayapti”.

“O‘zgidromet” xizmatining ma’lum qilishicha, 7 aprelga o‘tar tunda Toshkent shahrida -1 dan +1 gacha, 7 aprel kunduzi havo 15 darajagacha iliydi.

Shu kunlarda O‘zbekistonda havo keskin sovib, qor yog‘ishi kutilayotgani to‘g‘risida mahalliy matbuot sinoptiklarga tayanib, oy boshidayoq xabar qilgan edi.

"Oyog‘imda jun paypoq, egnimda jemperu nimcha"

Toshkentning Olmazor tumanidagi ko‘pqavatli uylardan birida yashaydigan uy bekasi Gulnora opaning Ozodlikka aytishicha, ularning domida issiqlik 26 martdan buyon yo‘q.

- Tunlari sovuq bo‘layapti, 2 kun oldin yomg‘ir aralash qor ham yog‘di, dedi Gulnora opa. Xonadonidagi haroratni so‘raganimizda egnidagi kiyim-boshni tasvirlab bunday dedi:

- Oyog‘imda jun paypoq va maxsiga o‘xshagan shippak, egnimda issiq sport kostyumi, uning ustidan issiq kofta va nimcha kiyib olganman.

Toshkentda havo sovuq ekanligiga qaramay isitish davri tugatilganini shaharliklar ijtimoiy tarmoqlarda hajv qilmoqda.
Toshkentda havo sovuq ekanligiga qaramay isitish davri tugatilganini shaharliklar ijtimoiy tarmoqlarda hajv qilmoqda.

Kasalxonalarda elektr pechka

Jurnalist Abdurahmon Tashanov bilan bog‘lanib, u yashaydigan Yashnobod tumanidagi vaziyatni so‘radik. Uning aytishicha, Yashnoboddagi domlarga issiqlik berish 23 martda to‘xtatilgan.

Abdurahmonning aytishicha, kasalxonalar ham shu kunda sovuq. “Kasalxonalarda bemorlarga elektr isitgichlardan foydalanishga ruxsat berishdi. 4- klinikada davolanayotgan bir qarindoshimga o‘tgan kuni elektr pechka olib borib berdim”, dedi u.

O‘zi yashaydigan kvartiradagiharorat to‘g‘risida Abdurahmon bunday dedi:

- Uy ichidagi termometrimiz mana hozir 18 darajani ko‘rsatayapti. Bu ko‘rsatkich bolalar uchun sovuqlik qiladi. Tunda esa, harorat 8 – 10 darajagacha tushib ketdi.

Hukumat qarorida nima deyilgan?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil, 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida bunday deyilgan:

"12. Iste’mol xossalari va issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish rejimi belgilangan me’yorlarga muvofiq bo‘lishi kerak, ya’ni:

isitish bo‘yicha — belgilangan tartibga ko‘ra xonalarni isitish bo‘yicha chora-tadbirlarni (derazalar, balkonlar va kirish eshiklarining dahlizlarini zichlashtirish, isitish tagsinchlarini izolyatsiyalash) bajarish sharti bilan isitish mavsumi davrida 1995 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar joy xonalaridagi harorati kamida 20°C, agar ko‘p qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruktsiya qilinmagan bo‘lsa — turar joy xonalaridagi harorat kamida 18°C bo‘lishi lozim".

Abdurahmon Tashanovning kvartirasidagi bir kecha-kunduzlik o‘rtacha harorat hukumat qarorida belgilangan me’yordan past ekanligi hisob-kitobsiz ham ko‘rinib turibdi.

Mana shunday holatda nima uchun issiqlik uzib qo‘yildi?

“Toshissiqquvvat” unitar korxonasining Yunusobod tumanidagi sho‘’basi xizmatchisi Ozodlik cavollariga javob berarkan, “isitish mavsumi Toshkent shahar hokimining 299- qaroriga binoan 23 martdan to‘xtatilgan”ini aytish bilan cheklandi.

Toshkent shahar hokimligidan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

“Toshissiqquvvat” xodimining aytishicha, qatorasiga 3 kun o‘rtacha harorat +8 dan past bo‘lmasa, issiqlik to‘xtatiladi. Aftidan, bu sohadagi normativ hujjat talablari xodimning yodidan ko‘tarilganga o‘xshaydi.

Hukumat qarorida nima deyilgan?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil, 15 iyuldagi “Kommunal xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida isitish davrini boshlash va tugatish sharti bunday belgilangan:

“Isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati +8 dan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, +8 dan yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi kerak”.

O‘rtacha sutkalik harorat qanday o‘lchanadi?

“O‘zgidromet” xizmatining ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka tushuntirishicha, bir kecha-kunduzlik haroratni hisoblab chiqarish tartibi bunday:

"Bir kecha-kunduzda harorat 8 marta o‘lchanadi. Belgilangan har bir muddatda kuzatuvchi mutaxassis meteomaydonga borib, ikki metr balandlikka o‘rnatilgan qutidagi asbobda aks etadigan harorat ko‘rsatkichini qaydga oladi. 8 ta ko‘rsatkich olinib bo‘lgandan so‘ng, hamma ko‘rsatkichlar qo‘shiladi va 8 ga bo‘linadi. Chiqqan natija o‘rtacha sutkalik haroratdir. Bundan tashqari sutkaning minimal, maksimal harorat ko‘rsatkichlari ham qayd etiladi. Bu havo haroratiga doir. Bundan tashqari tuproq harorati ham qayd etiladi. Buning uchun ba’zi stansiyalarda chuqurlikka joylashtrilgan termometrlar mavjud, dedi “O‘zgidromet” xizmati mutaxassisi.

23 mart arafasidagi, yana Toshkent shahar hokimining isitish mavsumini to‘xtatish to‘g‘risidagi farmoyishi chiqishi arafasidagi hamda shu kunlardagi o‘rtacha sutkalik harorat to‘g‘risida “O‘zgidromet” xizmati mutaxassisi ma’lumot berishni istamadi.

XS
SM
MD
LG