Линклар

Farg‘ona viloyatida ichki ishlar tizimi va Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari darsdan qolib, ko‘cha-ko‘yda, bozor va internet kafelarda vaqt o‘tkazayotgan maktab va kollej o‘quvchilariga qarshi reydlar o‘tkazdi. Viloyat ichki ishlar tizimi mulozimining bildirishicha, 6 aprel kuni viloyat bo‘ylab 29 ta maktab, 12 ta kasb-hunar kolleji, 21 ta internet kafe va bozorda reyd o‘tkazilgan, ushlangan o‘quvchilar militsiya bo‘limlariga olib kelinib, so‘roq qilingan.

Ozodlik suhbatlashgan Farg‘onadagi reydlarga aloqador mulozimning aytishicha, 6 aprel kungi reydlar davomida dars payti ko‘chada yurgan ellikdan ziyod bola ushlangan.

"Aksar hollarda o‘quvchilar uydan maktabga, deb chiqib ketishadi, lekin darslarga bormaydi. Vaqtini internet-klublarda o‘tkazadi. Ota-onalar esa bolam maktabda, deb o‘tiraveradi. Ayrim o‘qituvchilar ham befarq munosabatda bo‘ladi. Darsga kelmaganlarning ota-onasiga bildirmaydi. So‘roq payti shu narsa ayon bo‘layapti"¸ deydi ismi sir qolishini istagan farg‘onalik mulozim.

Farg‘onadagi reydlarda¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi vakillari ham qatnashgan.

Boshqarmaning Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi o‘quvchilar davomatini to‘liq ta’minlay olmagani aniqlangan maktab va kollej direktorlari ishdan haydalishi mumkinligini aytdi.

"O‘quvchilar so‘roq qilinib, ularning ko‘rsatmalari hujjatlashtiriladi, shuning asosida ota-onasi yoki o‘qituvchisi, kerak bo‘lsa maktab direktorigacha chora ko‘riladi", - dedi boshqarma mulozimi.

O‘zbekiston yirik shaharlaridagi kolejlarda o‘quvchilarning qachon kelib qachon ketishini elektron qayd etuvchi turniketlar o‘rnatilgan.

Qisman ota-onalar to‘lagan mablag‘ hisobiga o‘rnatilgan turniketlar ham kollejlarda davomat yuqori bo‘lishini ta’minlay olmayapti.

"Bu turniketlar nafaqat kirdi-chiqdini, balki o‘qishga muntazam kelmayotgan o‘quvchilarning ro‘yxatini ham avtomatik tuzib beradi¸deb aytilgandi. Lekin bu tizim ishlamayapti. Nomiga turibdi, ishlamaydi", - deydi farg‘onalik kollej o‘quvchisi.

O‘zbekistonda 12 yillik majburiy ta’lim tizimi joriy etilgan. Umumta’lim maktabidagi 9 yillik o‘qishdan so‘ng o‘quvchilar keyingi 3 yil davomida ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda tahsil olishi shart.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasiga muvofiq, ota-onalar bolalarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishlari uchun javobgardirlar. Bu qonunni buzganlar esa, ma’muriy jazoga tortiladi.

O‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalaridagi davomat masalasi yillardan beri hukumat e’tiborida qolib kelmoqda.

2013 yilda o‘shandagi Bosh prokuror davomatni nazorat qilishni shaxsan o‘z zimamsiga olganini aytgan bo‘lsa¸ 2017 yilga kelib¸ davomat muammosi prezident chiqishlarida ham bir necha bor tilga olindi.

XS
SM
MD
LG