Линклар

Rossiya maxsus xizmatlari 5-6 aprel kunlari o‘tkazgan maxsus operatsiyalar davomida Sankt-Peterburg metrosida amalga oshirilgan xudkushlik hujumiga aloqadorlikda gumonlanib kamida 8 nafar markaziy osiyolik muhojir qo‘lga olindi. Ularning asli o‘shlik Akbarjon Jalilovning sheriklari ekani iddao qilinmoqda.

6 aprel kuni Sankt-Peterburg shahrining Oktyabrь tuman mahkamasi 3 aprel kuni metroda uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda gumonlanayotgan 8 nafar shaxsni hibsda saqlash to‘g‘risida qaror chiqardi.

Bu haqda Bosh tergov qo‘mitasining Peterburg bo‘yicha axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov matbuotga xabar berdi.

"​Sankt-Peterburgda ushlanganlar¸ 2015 yilning noyabridan hozirga qadar¸ asosan¸ Markaziy Osiyo respublikalaridan kelgan shaxslarni terror xurujlarini amalga oshirishga yollab kelgan", dedi Sergey Kapitonov.

Bu rasmiy¸ ushlanganlarning 3 aprel kuni hujumchini amalga oshirganlikda gumonlanayotgan asli qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilov sheriklari bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotganini bildirdi.

Sankt-Peterburgning Nevskiy rayon ma’muriyati rahbari Konstantin Serovning matbuotga aytishicha¸ mazkur tumandagi markaziy osiyoliklar yashab kelgan kvartiradan portlovchi moslama topilgan va zararsizlantirilgan.

6 aprel kuni Youtube.com portali¸ qolaversa aksar Rossiya axborot vositalarida terrorchilikda gumonlanayotganlarni qo‘lga olish amaliyotlari aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi. Bu kadrlarda FSBning niqob taqqan xodimlari¸ ko‘rinishidan markaziy osiyolik yigitlar yashaydigan bir xonalik kvartiraga bostirib kiradi.

Ulardan biri o‘zining Rustamov Otabek Saidjonovich ekanini bildiradi, yana boshqasi bu yerda yashayotgani va mehnat qilayotganini aytadi.

(FSBning Peterburgda olingan operativ videotasviri)

Terrorchilikda gumonlanayotganlardan, tergovchilarga ko‘ra, "Ploshchad Vosstaniya" bekatidagi portlamasdan qolgan moslamaga o‘xshash yana bir bomba musodara qilingan.

"Terakt bo‘yicha jinoiy ish yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasining Bosh tergov boshqarmasi tomonidan FSB va IIV operativ xizmatlari bilan hamkorlikda 3 aprel kuni metro vagonida portlash moslamasini ishga tushirgan Akbarjon Jalilovning tanish-bilishlari tekshirildi", dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiysi Svetlana Petrenko.

Bundan oldin shahardagi “Fontanka” nashri Tovarishcheskiy prospektdagi 22-uyning 8-qavatidagi kvartirada maxsus amaliyot o‘tkazilgani va bu uyning pastki qavatlarida yashovchilar evakuatsiya qilinib¸ uch odamning qo‘liga kishan solib olib ketilganini yozgan edi.

Ayni paytda¸ Rossiya Tergov qo‘mitasi metrodagi hujum ijrosi deb aytilaëtgan qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilov bilan aloqada bo‘lgan markaziy osiyoliklar yashaydigan kvartiralarda o‘tkazilgan tintuv davomida tergov uchun ahamiyatli narsalar, jumladan “islomiy ekstremistik adabiyot va tergovga aloqasi bor turli buyum va hujjatlar” topilganini bildirdi.

Ayrim Rossiya nashrlari o‘z rasmiy manbalariga tayanib¸ Jalilov tanishlarining “Jabhat an-Nusra” va “Islom davlati” ekstremistik guruhlariga aloqadorlikda gumonlanayotgani bildirdi. Rosbalt nashrining tergovdagi o‘z manbasiga tayanib yozishicha¸ ushlangan muhojirlar na Jalilov¸ va na ekstremistik guruhlarga aloqasi borligini inkor qilmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 3 aprel kungi portlash munosabati bilan o‘tkazilayotgan maxsus amaliyot va reydlar Sank-Peterburgning boshqa rayonlarida ham kuzatilmoqda.

Peterburgda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Abdurahmon¸ shahardagi barcha politsiya uchastka nozirlari kvartirama-kvartira yurib, tekshiruv olib borayotganini aytadi:

- Ko‘chada meni kechaning o‘zida ikki marotaba to‘xtatishdi. Bundan oldin uch yildan beri to‘xtatmagan! Hamma yog‘imizni ko‘rib chiqayapti. Oldini olib qo‘yyapti, shekilli. Axir bu yerda kamida 250 ming o‘zbek yashaydi. O‘zbeklar bu erda 10 kishi-10 kishi bo‘lib kvartira ijaraga oladi ishga yaqinroq joyga. Uchastkovoylarga hamma kvartiralarni obxod qilish topshirilibdi. Aslida ular kimning qaerda yashashini yaxshi biladi, chunki ijarada turgan yigitlardan 1-2 so‘m foydalanib turadi, deydi Abdurahmon.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosi vagonida amalga oshirilgan xudkushlik hujumi oqibatida 14 odam o‘ldi¸ 50 dan oshig‘i jarohat oldi.

Xudkush hujumchi deb ko‘rilayotgan Akbarjon Jalilov¸ Rossiya matbuotining yozishicha¸ 2015 yildan boshlab “Islom davlati” ekstremistik guruhiga xayrixohlar ta’siriga tushgan.

XS
SM
MD
LG