Линклар

Andijonda giyohvandlik yo‘liga kirgan ikki militsiya xodimi fosh etildi

Andijon tumani IIB huquqbuzarliklarning oldini olish inspektori, mayor Ulug‘bek Otaxojaev va Ulug‘nor tumani IIB pasport stoli inspektori Jasurbek Bo‘stonov giyohvandlik moddalariga ruju qo‘ygani bois mahkamaga tortildi (“Postda”, 1 aprel). Ikki militsiya xodimi birgalikda muntazam ravishda giyohvandlik moddalari iste’mol qilib kelgan. Bundan tashqari, mayor U.Otaxojaev IIB ixtiyoridagi, daliliy ashyo sifatida musodara qilingan giyohvandlik moddalarini o‘g‘irlab sotgan. Narkomanlikda ayblangan militsiya xodimlariga tayinlangan jazo ochiqlanmagan. “Sudlanuvchilar ayblariga iqrorligini, qilmishlari uchun pushaymon ekanliklarini bildirishdi. Ammo endi bundan ne naf? Binobarin, ichki ishlar organi xodimlari bo‘lgan bu insonlarning qilmishlarini sira oqlab bo‘lmaydi” deb yozadi IIV nashri.

Xorazm viloyati soliq idorasi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi rahbari o‘zi korrupsiyaga qo‘l urdi

Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi soliq organlarida xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab ketgan shaxsning o‘zi korrupsiyaga oid jinoyatlarga qo‘l urdi (“Darakchi”, 6 aprel). Ismi oshkor etilmagan mansabdor o‘zining yaqin qarindoshlariga tegishli firmalarning noqonuniy faoliyati uchun shart-sharoit yaratib bergan. Boshqa firmalar faoliyatini muntazam tekshirib-nazorat qilib borgan soliq idorasi bo‘lim boshlig‘i homiyligidagi firmaning qonunbuzarliklariga ko‘z yumib kelgan. Oilaviy biznesga soliq tizimidagi ishlaydigan boshqa bir qarindosh – Gurlan tuman davlat soliq idorasi jismoniy shaxslarga soliq solish bo‘limi boshlig‘i ham ko‘mak berib kelgan. Shu tariqa 2012-2016 yillar davomida soliq mansabdorlari 1 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ni jig‘ildoniga urgan, 4 milliard so‘mga yaqin naqd pul kirim qilinmasligiga imkon yaratib bergan. Soliq mansabdorlariga ozodlikdan mahrum etish va axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangani xabar qilingan.

Tug‘ruqxonalardagi o‘zboshimchalik va tamagirlik tanqid qilindi

O‘zbekiston tug‘ruqxonalarida faoliyat yuritayotgan ayrim shifokor-xodimlar tamagirlik yo‘liga kirib, ko‘zi yorigan ayollarning yaqinlaridan suyunchi puli talab qilmoqda (“Oila davrasida”, 6 aprel). Sog‘liqni saqlash vazirligi onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Marat Sodiqovga ko‘ra, shifokorlarning bemorning yaqinlaridan pul talab qilishi noqonuniydir. Bunday holat kuzatilsa, birinchi navbatda tug‘ruq muassasasi rahbariga, u ham tamagirlikni to‘xtatmasa, vazirlik va prokuraturaga murojaat qilish kerak. Tug‘ruqxonalarda bemorlardan dori-darmon yoki tibbiy anjomlar olib kelishni so‘rash hollariga munosabat bildirgan vazirlik rasmiysi “Ajratilgan byudjet mablag‘lari yetarli emasligi sabab, tug‘ruqxonalar zarur barcha anjomlar bilan to‘liq ta’minlanmagan. Shu bois bunday holat hamma tug‘ruq muassasalarida kuzatiladi” degan.

XS
SM
MD
LG