Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2019, Тошкент вақти: 07:05

Matbuot sharhi: Jizzaxda o‘g‘il o‘z otasini bolta bilan chopib o‘ldirdi


Jizzaxlik yigit mast holda otasini o‘ldirdi

Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani Yangidala qishloq fuqarolar yig‘inida yashagan O‘tkir Kunarov otasi Anvar Xalilovning joniga qasd qildi (“Huquq”, 6 aprel). Qayd etilishicha, O‘tkir Kunarov otasi bilan ko‘p bora gap talashib yurgan. O‘rtada gap qochgan ana shunday kunlarning birida mast holdagi o‘g‘il uyqudagi otani bolta bilan chopib o‘ldirgan. “Keyin esa og‘aynisinikiga to‘yga ketdi. U yerda spirtli ichimlik ichdi. Otasini o‘ldirib qo‘yganini esa ertasi kuni ertalab ammasining chinqirig‘idan bildi. Ammasi uyga kirganda otasi qonga belanib yotardi” deb yozadi Jizzax viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Bahodir Sheranov. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi padarkush o‘g‘ilga 17 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Mutaxassis: 32 million nufusli O‘zbekistonda yiliga atigi 2-3 million o‘qishli adabiyot chop etilmoqda

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 120 dan ortiq nashriyot har yili o‘rtacha 40 million nusxada kitob chiqaradi, ammo ulardan atigi 2-3 millioni o‘qisa bo‘ladigan adabiyotlardir (“XXI asr”, 2017 yil 13-son). “Lekin ularning katta qismini maktab, kollej-litsey, oliy o‘quv yurtlari darslik va qo‘llanmalari, yosh ilmiy tadqiqotchilarning turli saviyadagi monografiyalari, Zulfiyachi bo‘laman deb ota-onasi yetaklab yurgan 8-sinf qizlarining piyoz po‘stidek keladigan kitobchalari, 1000 xil oldi-qochdi broshyuralar, “oilaviy albom”lar tashkil etadi. Shundan kelib chiqsak, 2-3 million nusxa atrofida o‘qisa bo‘ladigan adabiyotlar qoladi. Bu endi 32 milliondan oshiq xalq uchun ozmi yo ko‘pmi – o‘zingiz xulosa chiqaravering” deydi noshir Ahror Ahmedov. Maqolada kitobxonlik muammolariga e’tibor qaratilib, xususiy kitob savdosi bilan shug‘ullanayotganlarga (“Axir ular aroq yoki sigaret sotmaydi-ku!”) ko‘proq imtiyozlar berish taklif etilgan.

Koreyada qotillik sodir etgan o‘zbekistonliklar 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Janubiy Koreyaning Yeo-ju shaharchasida qotillikka qo‘l urgan ikki o‘zbekistonlik 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. “Huquq” nashri xabariga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan ikki yigit bir necha yil davomida Yeo-ju shahridagi qo‘ziqorin yetishtiradigan fermada ishlab kelgan. Katta daromad topish maqsadida jinoyat yo‘liga kirgan ikki yigit ferma xo‘jayini – 60 yoshlardagi kasalmand qariyaning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab qiynoqqa solishgan. Qariya hisobida 59 million von mablag‘i bor plastik kartasini yigitlarga bergan. Shundan keyin murodi hosil bo‘lgan ikki yigit qariyani bo‘g‘ib o‘ldirgan va fermadan olisroqqa ko‘mib yuborgan. Samarqandlik ikki yigit turli yo‘llar bilan plastik kartadagi pulni naqdlashtirib, zudlik bilan O‘zbekistonga qochgan. Qayd etilishicha, Koreya huquq idoralari guvomlanuvchilarga nisbatan qidiruv e’lon qilgan va ular Samarqand shahrida qo‘lga olingan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Matbuot: Huquq-tartibot va bank tizimida jurnalistlarni xushlamaslik kayfiyati kuchli

O‘zbekistonda jurnalistlarni yoqtirmaslik muhiti paydo bo‘lgani xavotirlidir (“Jamiyat”, 31 mart). Qayd etilishicha, jurnalistlar davlat hokimiyati organlari bilan xalq o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik edi. Ammo ayrim rahbarlarning oyog‘i erdan uzilib, havolangach ana shu ko‘prik qulab tushdi. Davlatning katta-kichik mansabdorlari ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvdan o‘zini olib qochishi ko‘p uchraydi. “Odatda, qaerda kamchilik va nuqson ko‘p bo‘lsa, o‘sha yerda jurnalistlarni xushlamaslik kayfiyati qaror topadi. Bunday hol ayniqsa huquq-tartibot organlari va bank tizimida keng ildiz otgan” deb yozadi “Jamiyat” gazetasi.

XS
SM
MD
LG