Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:01

Toshkentlik ona: Vrachlarning mas’uliyatsizligi tufayli bolam nobud bo‘ldi


Toshkentning 7- tug‘ruqxonasida ko‘zi yorigan Go‘zal Ninaralievaning Safina ismli chaqalog‘i 2 aprel kuni nobud bo‘ldi.
Toshkentning 7- tug‘ruqxonasida ko‘zi yorigan Go‘zal Ninaralievaning Safina ismli chaqalog‘i 2 aprel kuni nobud bo‘ldi.

O‘zbekistonlik ona yangi tug‘ilgan chaqalog‘ining o‘limida tug‘ruqxona shifokorlarini ayblamoqda. 24 yoshli Go‘zal Ninaralieva Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi 7-sonli tug‘ruqxona vrachlarining mas’uliyatsizligi oqibatida farzandi nobud bo‘lgani va bu yuzadan prezident Shavkat Mirziyoev qabulxonasiga shikoyat qilajagini aytdi.

22 mart kuni Toshkentning Chilonzoridagi 7-sonli tug‘ruqxonada ko‘zi yorigan Go‘zal Ninaralievaning Safina ismli chaqalog‘i 2 aprel kuni nobud bo‘ldi.

Tug‘ilishini intizorlik bilan kutgan onaning ilk farzandi 10 kun ham yashamadi.

Ninaralieva Ozodlik bilan suhbatda tug‘ruqxona shifokorlarining mas’uliyatsizligi oqibatida farzandi nobud bo‘lganini aytdi.

- Qizim 21 mart kuni 5.2 kilo vaznda, hech qanaqa patologiyasiz tug‘ildi. Kesar amaliyoti bilan tug‘ilgani uchun bolani uchinchi kuni qo‘limga berishdi. Shu kuni bolamning bo‘ynida toshmalarni ko‘rdim. Bu haqda shifokorlarga aytsam, “qo‘rqinchli emas, bunaqasi chaqaloqlarda bo‘lib turadi” deyishdi. Keyin bilsam, bu stafilokokk infeksiyasini belgilari ekan. Roddom shifokorlari shuni payqashmagan, bola soppa-sog‘ deb uyga javob bervorishdi, ularning mas’uliyatsizligi tufayli bolam nobud bo‘ldi, - deydi Go‘zal Ninaralieva.

Ona-bola uyiga kelganidan so‘ng chaqaloqning ahvoli og‘irlashgan. 31 mart kuni bolani Toshkentdagi 3- tibbiyot markazi jonlantirish bo‘limiga yotqizishgan.

Kasalxona shifokorlari bolaning hayotini saqlab qolisholmagan. Chaqaloqning o‘lim guvohnomasiga sepsis kasalligi oqibatida nobud bo‘lgan, deb yozib berilgan.

Toshkentdagi 3- tibbiyot markazi shifkorlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda bola juda og‘ir ahvolda kasalxonaga olib kelib kelinganini aytdi.

- Badanining hamma joyini toshma bosib ketgan edi. Qo‘limizdan kelganicha hayotini saqlab qolishga harakat qildik, lekin juda kech edi. Bola bizga olib kelinganidan 42 soat o‘tib jon berdi. Stafilokok infeksiyasini yuqtirgan, u esa sepsisga aylanib, bola buning oqibatida nobud bo‘lgan. Lekin, bolaga infeksiya qaerdan o‘tganini bilmaymiz. Onasi xomilador payti o‘tkir respirator kasallik bilan og‘rigan ekan, shuning oqibatida ham bakteriya bolaga o‘tgan bo‘lishi mumkin, - dedi Toshkent shahrining 3-sonli “Ona va bola” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi shifokori.

Rezina qo‘lqop barmog‘i uchini teshib, bolani emizishgan

Go‘zal Ninaralieva qizalog‘i soppa-sog‘ tug‘ilgani, u infeksiyani tug‘ruqxonada yuqtirgan bo‘lishini aytdi.

- Bolani roddomda sun’iy oziqlantirishdi, emizak o‘rniga rezina qo‘lqop barmog‘i uchini teshib, emizishgan, bolaga sun’iy oziqa berishgan. Bolani, badanida toshmalari bo‘lsa ham, uyga javob bervorishdi. To‘g‘ri kasalxonaga jo‘natishi kerak edi. Uyga kelganimizda bolaning ahvoli og‘irlashdi, - dedi Go‘zal Ninaralieva.

Chilonzordagi 7- tug‘ruqxona shifokorlari Go‘zal Ninaralieva iddaolarini rad etishdi.

Ozodlik suhbatlashgan tug‘ruxona shifokorlaridan biri bola soppa-sog‘ holatda uyiga yuborilganini aytdi.

- Bola roddomdan chiqqanidan besh kun o‘tib nobud bo‘lyapti. Roddomdan chiqayotganida bolada kamchilik yo‘q edi, shuning uchun uyiga javob berildi. Agar kamchilik bo‘lsa kasalxonaga jo‘natilar edi. Bir kundan so‘ng shifokorimiz uyiga borib qarab ham keldi. Hammasi daftariga yozilgan. Rezina qo‘lqopdan soska yasashgan degan iddao ham asossiz. Bizda unaqa qilinmaydi, - dedi Toshkentdagi 7- tug‘ruqxona shifokori.

Shifokorlarning mas’uliyatsizligi oqibatida farzandi nobud bo‘lganini iddao qilayotgan Go‘zal Ninaralieva bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev qabulxonasiga ham shikoyat qilajagini aytdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev hukumatning yanvar oyidagi majlisida tibbiyot sohasidagi jiddiy muammolar va yetishmovchiliklar haqida gapirgan, ona va bola sog‘ligini asrash, aholini dori vositalari bilan ta’minlash va sog‘lom avlod o‘stirish – eng muhim masalalar ekanini ta’kidlagandi.

O‘zbekiston bolani dunyoga keltirish uchun havfli mamlakatlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Britaniyadagi “Save the Children” tashkilotining bolalar o‘limi bo‘yicha e’lon etgan hisobotida O‘zbekiston 179 mamlakat orasida 118-o‘ringa qo‘yilgan.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekistonda har ming bolaning 4 - 5 tasi tug‘ilganidan so‘ng yoki besh yoshga yetmay hayotdan ko‘z yumadi.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, o‘tgan yili bir yoshga to‘lmagan bolalar orasida o‘lim soni 6,8 mingtani tashkil qilgan.

O‘lim holatlariga nafas olish organlari kasalliklari, infektsiya va tug‘ma kasalliklar hamda baxtsiz hodisalar sabab bo‘lgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG