Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 16:08

Gulistonda pensiya olishga borgan 72 yashar ayol tiqilinchda qolib o‘ldi


Suratda yerda yotgan Mariya Xudoyqulova¸ pensiya olish uchun navbat kutayotgan yuzdan oshiq pensioner ko‘z o‘ngida jon berdi.

6 aprel,kunduz soat 2 larda Sirdaryo viloyat markazi Guliston shahrining “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga pensiya olish uchun kelgan 72 yashar Mariya Xudoyqulova tiqilinchda qolib, jon berdi.

Guvohlar hikoyasi

Voqea guvohlarining Ozodlikka bildirishicha¸ Xudoyqulova pensiya olish uchun erta tongdan navbatda turgan.

Mariya Xudoyqulova pensiya olish uchun navbat kutgan eshik oldidagi tiqilinch.
Mariya Xudoyqulova pensiya olish uchun navbat kutgan eshik oldidagi tiqilinch.

Uchta mahallada yashaydiganlarga telefon qilib¸ “Navbahor”ga borib¸ pensiyalaringizni oling¸ deyishdi. Men bilganim¸ 150 tacha odam birvarakayiga pul berilayotgan xonaga yopirildi. Bu kampir ana shu tiqilinchda qolib¸ yuragi yomon bo‘lib qoldi. Odamlar parvoyam qilmadi. Ikki-uchta ayol uni chetga tortib¸ suv-puv beraylik¸ desa¸ mahalla binosi ichidagilar¸ “suv yo‘q¸ borib do‘kondan olinglar” dedi. Bir yigit yaqindagi magazinga yugurdi¸ kelguncha kampir o‘lib qoldi. “Tez yordam”ga telefon qilishdi¸ uyam bir soat o‘tib¸ kampir o‘lib bo‘lganda keldi ”¸ dedi voqeaga bevosita guvoh bo‘lganlardan biri.

Guvohlar hikoyasicha¸ hayotini saqlab qolish uchun deyarli hech kim harakat qilmagan Mariya Xudoyqulova o‘lib bo‘lgach¸ militsiya¸ prokuratura xodimlari darrov yetib kelgan va voqeani rasmiylashtirishga kirishgan.

O‘g‘il hikoyasi

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 1945 yilda tug‘ilgan Mariya Xudoyqulova Gulistonning “Taraqqiyot” mahallasida yashagan. Unga 6 aprel kuni telefon qilib¸ shu kuni “Navbahor” mahallasida tarqatiladigan pensiya jadvalida uning nomi ham borligini aytib¸ bu yerga pasportini olib kelish so‘ralgan.

Onam ertalab soppa-sog‘ turdi¸ shirinlik pishirmoqchi bo‘ldi. Keyin unga telefon qilib¸ bugungi vedomostda sizning ham otingiz bor¸ kelib oling deyishdi¸ ketdi. Obeddan keyin menga telefon qilib¸ onang o‘lib qoldi¸ deyishdi. Militsiya¸ prokuratura qanaqadir qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirishdi¸ rus maktabida o‘qiganim uchun¸ nimalar yozilganini uncha tushunmadim. Bugun soat 1 larda onamni dafn qildim¸ mahalladan hech kim kelmadi”¸ deydi Mariya Xudoyqulovaning o‘g‘li Damir.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ onasining yanvar oyida yurak xastaligi bilan kasalxonada yotib chiqqani¸ yoshi 72 da ekaniga qaramay¸ u pensiyasini olish uchun har oy kuni bilan¸ ba’zida¸ kunlab kutib navbatda turib kelgan.

Oldinlari pochtadan olardi¸ u yerda ham to‘polon¸ navbat edi. Bu oydan bank mahallaga borib tarqatadi¸ deyishdi. Tarqatishni tashkillashtirishning ahvoli mana –o‘z oyog‘i bilan pensiya olaman deb ketgan onamning jasadini qaytarishdi menga”¸ deydi marhumaning o‘g‘li Damir.

Kim mas’ul?

Ozodlik kun davomida bu savolga rasmiy idoralardan javob olishga urindi¸ ammo buning uddasidan chiqa olmadi.

Mariya Xudoyqulova o‘lgan joy – “Navbahor” mahallasi raisi¸ bu ayol “Taraqqiyot” mahallasidan¸ mening hududimga aloqasi yo‘q¸ shuning uchun men hech narsa bilmayman¸ degan mazmunda javob qilgan bo‘lsa¸ “Taraqqiyot” mahallasi rahbariyati¸ tiqilinch “Navbahor”da bo‘lgan¸ bizning bunga aloqamiz yo‘q¸ biz ham buni boshqalardan eshitib bildik¸ deya javob qildi.

Gulistonda pensiya tarqatishga mas’ul etib belgilangan “Xalq banki” vakili esa¸ pensionerlar navbatini tashkillashtirish mahallaqo‘mlar mas’uliyatida¸ degan mazmunda izoh berdi.

Shu paytgacha¸ pensiyalar pochtada tarqatilardi. 1 apreldan prezident qaroriga muvofiq¸ bu ish banklarga o‘tdi. O‘zi Gulistonda pensiya tarqatishni kecha boshladik. 6-8 aprel kunlari “Navbahor”¸ “Sayqal” va “Shodlik” mahallasidagilarga pensiya tarqatamiz¸ xabar beringlar¸ deb mahallaqo‘mlarga bildirdik. Bu uchala mahallada jami 1290 nafar pensioner bor. Uchta kassirimiz pul tarqatishga ketdi. Kim mahalla binosiga keladi¸ kimning pensiyasi uyiga olib borib beriladi¸ buning ro‘yxatini ham mahallaqo‘mdagilar qilgan. Kasalvand¸ yoshi keksalarga pensiyasini uyiga olib borish uchun bitta kassir ajratganmiz¸ mahallaqo‘m bu ayolni shu ro‘yxatga qo‘shmagandirki¸ u kelib navbatda turgan”¸ dedi Guliston “Xalq banki”ning Ozodlik suhbatlashgan vakili.

Pensionerlar sistemani ayblaydi

Mariya Xudoyqulova o‘limiga guvoh bo‘lgan ayrim gulistonlik pensionerlar Ozodlik bilan suhbatda¸ bu fojiani pensionerlarning xor ekani va hokimiyat ular ustidan ochiqcha kulaëtgani isboti sifatida talqin etdilar.

“Men ham shu yurt uchun ishlab¸ pensiyaga chiqtim. Oladigan pensiyam deyarli hech narsaga yetmaydi¸ lekin uni olish uchun ezilib ketayapman. Kecha ertalab soat 8 da pensiya xabarini eshitib uydan chiqqanimcha¸ beshlarda pensiyani qo‘limga oldim. Kuni bilan och-nahor issiqda¸ tiqilinchda navbat kutdim. Plastikka o‘tkazib¸ bu balodan qutulay desam¸ hamma narsaga 20-30 protsent ko‘p to‘lashga to‘g‘ri keladi¸ pensiyamni olmay turib¸ yo‘qotaman. Naqdda oladi endi deb prezident qaror chiqardi¸ lekin uni olaman deb¸ Mariya opaga o‘xshab o‘lib ketish hech narsa bo‘lmay qoldi”¸ deydi kechadan beri o‘ziga kelolmayotganini aytgan gulistonlik pensionerlardan biri.

XS
SM
MD
LG