Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 16:16

Nega o‘zbek klublari jarohat olgan futbolchilarni o‘z holiga tashlab qo‘yishadi?


Sarlavhadagi savolning o‘rtaga chiqishiga O‘zbekistondagi futbol jamoatchiligi og‘ir xastalikka chalingan bulung‘urlik futbolchi Sirojiddin Sayfievga xayriya ko‘magini berish uchun maxsus tadbirlar boshlagani sabab bo‘ldi.

Aprel oyining ilk kunlarida dastlab Championat.Asia nashri “Dinamo” (Samarqand) klubining sobiq futbolchisiga yordam ko‘rsatish uchun #taslimbolmasiroj tadbiriga qo‘l urib, ko‘ngillilarni hayriya ko‘magiga chorlashni boshladi.

Keyinchalik bu xayriyaga Toshkentning “Lokomotiv” klubi #bizsenbilansiroj degan tadbir bilan qo‘shildi.

Sirojiddin Sayfievga bag‘ishlangan aktsiya banneri.
Sirojiddin Sayfievga bag‘ishlangan aktsiya banneri.

So‘ngra “Nasaf”, “Neftchi”, “Qo‘qon-1912”, “So‘g‘diyona”, “Obod”, “Olmaliq”, “Buxoro” klublari ham mazkur tashabbusni quvvatlab chiqishdi.

Bundan tashqari, Sanjar Shoahmedov, Temurxo‘ja Abduholiqov, Akmal Shorahmedov, Kamoliddin Murzoev kabi futbolchilar va Ja’far Irismetov, Baxtiyor Ashurmatov kabi murabbiylar ham Sirojiddin Sayfievga yordam berish tadbiriga qo‘shilganliklarini bildirishdi.

Shu tariqa O‘zbekistondagi futbol jamoatchiligining diqqati Sirojiddin Sayfievga qaratildi.

Uning oxirgi yillardgi taqdiri o‘rganilganda o‘zbek futbolida ildiz otgan juda ko‘p muammolar, birinchi navbatda, klublar jarohat olgan futbolchilarning taqdirlariga befarqligi hamda futbolchilarning klublar oldidagi himoyasizligi va chorasizligi kabi illatlar yana tilga olina boshlandi.

Ushbu muammolarga “Dinamo”ning sobiq futbolchisi Sirojiddin Sayfiev taqdiri misolida o‘rganilganda ayanchli manzara vujudga keldi. 2015 yilning 24 oktabr kuni Oliy liganing 24-turida Toshkentda o‘tkazilgan “Lokomotiv”-“Dinamo” uchrashuvi Sirojiddin Sayfiev faoliyatidagi oxirgi rasmiy o‘yin bo‘ldi. O‘yinning 84-daqiqasida futbolchi oyog‘idan og‘ir jarohat olib, professional futboldagi faoliyatini tugatishga majbur bo‘ldi.

O‘sha kuni futbolchi tez tibbiy yordam mashinasida Travmatologiya va ortopediya respublika ilmiy tekshirish institutiga olib ketilgan. Qizig‘i shunda-ki, mazkur uchrashuvdan keyin “Dinamo” klubi murabbiylari va rahbarlari Sirojiddin Sayfievning holidan xabar olmasdan, Samarqandga jo‘nab yuborishgan.

Bu ham yetmagandek, klub rahbariyati o‘sha kuniyoq Sirojiddin Sayfiev bilan tuzilgan shartnomani bekor qilgan.

“Travmatologiya institutida operatsiyani to‘rt soat kutishga majbur bo‘ldim. Yonimda jamoadoshlarimdan faqat Zayniddin Tojiev dalda bo‘lib turdi. Yaxshiyam-ki, Zayniddin aka bor ekan, aks holda cho‘ntagimdagi 10 ming so‘mga na dori-darmon va na ovqat ola olar edim” – deya so‘zlab bergan Sirojiddin Sayfiev samarqandlik jurnalistlarga.

Sobiq futbolchining aytishicha, o‘sha og‘ir damlarda unga “Nasaf” jamoasining turkmanistonlik futbolchisi Artur Gevorkyan ham moliyaviy tomondan katta yordam bergan.

“Dinamo” klubi rahbariyati esa Sirojiddin Sayfievga yordamlashish u yoqda tursin, shu kungacha uning oylik va mukofot pullarini bermagan. Samarqandlik blogger Farhod Norbo‘taevning yozishicha, “Dinamo” klubi Sirojiddin Sayfievga to‘lashi loim bo‘lgan 60 million so‘mlik maosh va mukofotlarini hali ham to‘lamagan.

O‘ziga tegishli pullarni undirish uchun Sirojiddin Sayfiev Bulung‘urdan Samarqandga ikki yil qatnagan, lekin “Dinamo” rahbariyati futbolchi oldidagi qarzini hanuzgacha qaytarmagan.

Futbolchi O‘zbeksiton professional futbol ligasi direktori Farhod Magometov va Futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonovga murojaat qilib ham pullarini undira olmagan.

Ikki yil ichida futbolchi avval o‘pka, keyin miya saratoniga chalingan. Shu sababdan u ayni paytda o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda.

“Dinamo” klubining Sirojiddin Sayfiev oldidagi qarzlari (futbolchining o‘zi yozgan qog‘ozcha).
“Dinamo” klubining Sirojiddin Sayfiev oldidagi qarzlari (futbolchining o‘zi yozgan qog‘ozcha).

Samarqandlik futbol jurnalisti va blogger Farhod Norbo‘taevning yozishicha, “Dinamo”dagi moliyaviy firibgarliklar haqida matbuotda va internetda juda ko‘p tanqidiy maqolalar berildi.

Lekin shunga qaramasdan, huquqshunos Sh. Hotamov, vitse-prezident F. Karimov, sport direktori R. Istamovlar hali-hamon “Dinamo”da sog‘-omon ishlab kelishmoqda. “Afsuski, bugun futbolchilarni aldab orttirgan pullar evaziga uning isiga tura olmaydigan bo‘lib qolganlar O‘FFni, O‘zPFLni va homiylarni aldagan holda hamon klubni boshqarib yurishibdi. Biroq, «Dinamo» klubi uchun jonini bergan futbolchi esa ming bir azobda”, - deb yozadi Farhod Norbo‘taev.

Mazkur maqolaning sarlavhasidagi savol bilan o‘zbekistonlik Bobomurod Abdullaga murojaat qilganimizda, futbol jurnalisti bunday voqealar O‘zbekistonning har bir klubida har yil uchrashini, mazkur illatning ildizlari milliy futbol tizimiga, u erdagi adolatsiz menedjment, O‘FF va O‘zPFL kabi idoralarning futbolchilar va umuman o‘zbek futbolining taqdiriga befarqligiga borib taqalishini aytib o‘tdi.

“Misol uchun, men 2099-2010 yillarda “Xorazm” jamoasida ishlaganimda himoyachilar Sherzod Sharipov va Aleksandr Yejovlar ham og‘ir jarohat olib, safdan chiqishgan edi. O‘shanda “Xorazm” rahbar va murabbiylari ham bu futbolchilarni o‘z holiga tashlab qo‘yishgan edi. Aslida, FIFA va OFK kabi futbol tashkilotlari hamda O‘FF va O‘zPFL kabi idoralarning reglamentlariga ko‘ra, avvalgi yillarda futbolchilardan qarzi bor klublar keyingi yili chempionat o‘yinlariga qo‘yilmasligi kerak.

Lekin Sirojiddin Sayfiev kabi futbolchilarning taqdiridan ham ma’lum-ki, Mirabror Usmonov va Farhod Magometov boshqarayotgan tashkilotlar bu talablarni ustalik bilan chetlab o‘tmoqdalar. Shuning uchun O‘zbekistondagi futbolchilarning kasaba uyushmalari tomonidan himoyalanishi haqida hali gapirish erta”, - deydi mustaqil jurnalist Bobomurod Abdulla.

Uning fikricha, O‘zbekistonda aksariyat xomiylar klublarga hokimlarning “iltimoslari”dan keyin ixtiyoriy-zo‘raki ravishda pul ajratishi ham shu kabi muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. “Klubga hokimning talabi bilan homiy bo‘lgan korxonalar xomiylik mablag‘lari qaysi maqsdalarga va qanday ishlatilgani bilan ko‘pincha qiziqishmaydi. Agar homiylar qiziqishganida, masalan, “Dinamo”da tekshiruv o‘tkazib, Sirojiddin Sayfievning maosh va mukofotlari nega berilmaganini aniqlashar va tegishli choralarni ko‘rishar edi” – deydi “Bobomurod Abdulla.

Uning aytishicha, O‘zbekistondagi futbol klublari “jarohat olgan futbolchi klubga kerak emas” – degan tamoyilda ishlayotganiga hali ko‘p guvoh bo‘lish mumkin ekan.

XS
SM
MD
LG