Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 00:01

Shvetsiya politsiyasi Stokxolm shahrida 7 aprel kuni yuk mashinasi odamlar ustiga haydalishi ortidan ikki kishini ko‘lga olgan. Shvetsiyada chiqadigan "Aftonbladet" nashriga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan biri to‘rt farzandning otasi bo‘lgan 39 yoshli o‘zbekistonlikdir.

Nashrga ko‘ra, u Stokxolm chekkasida yashagan va qurilish shirkatida ishlagan.

Uning "Facebook" sahifasida IShIDga oid tashviqot materiallari topilgan.

Shuningdek, unga tegishli ekani ishonilayotgan sahifada Bostondagi 2013 yilgi marafon payti sodir etilgan terakt oqibatlari aks etgan suratlar ostiga layk qo‘yilgan.

Yaqinlari u hech qachon siyosat yoki din mavzusida gapirmagani, yagona qiziqishi ish va vataniga pul yuborish bo‘lganini aytishgan.

"Aftonbladet" xabarida aytilishicha, Stokgolmning Arlanda aeroportiga yaqin Marshta mavzeyidan ushlab kelingan bu shaxs so‘roq payti aybiga iqror bo‘lgan.

Shved politsiyasi Stokxolmda odamlar ustiga haydalgan yuk mashinani boshqargan haydovchini ushlaganiga ishonmoqda.

Politsiya qo‘lga olingan erkak terroristik hujumda gumon qilinayotganini aytdi.

Lekin, qo‘lga olingan shaxsning o‘zbekistonlik ekani borasida politsiya hozircha rasman bildirgani yo‘q.

U qachondan buyon va qanday maqomda Shvetsiyada yashayotgani haqida ham ma’lumot yo‘q.

Yana bir gumonlanuvchi Stokxolm shahrining shimoli-g‘arbida qo‘lga olingan va birinchi qo‘lga olingan shaxs bilan aloqasi bo‘lgan.

7 aprel kuni Shvetsiya poytaxtida noma’lum shaxs yuk mashinasini odamlar ustiga haydashi oqibatida 4 odam nobud bo‘ldi, 10 odam jarohatlandi.

Shved poltsiyasi hodisani terakt sifatida tergov qilmoqda. Qo‘lga olingan shaxslarning ismini politsiya ochiqlamagan.

Shuningdek, yuk mashinasi Spendrups pivo shirkatiga mansub ekani ma’lum bo‘ldi.

Yuk mashina mahalliy vaqt bilan soat 15.00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 18.00) atrofida o‘g‘irlangan.

Spendrups pivo shirkati mashina haydovchisi yuklarni restoranga tushirayotgan mahal mashina g‘oyib bo‘lganini ma’lum qilgan.

Yuk mashinani o‘g‘irlagan shaxs olti kvartalni bosib o‘tib Stokxolmning Drottninggatan ko‘chasiga chiqqan va mashinani yo‘l chekkasida ketayotgan odamlar ustiga haydagan va Ahlens savdo markazi devoriga borib urgan.

Hozircha hech bir guruh mazkur hodisaga javobgarlikni zimmasiga olgani yo‘q.

Keyingi vaqtlarda Yevropaning bir necha shahrida yuk mashinalari bilan odamlarga hujum qilindi. Bu hujumlar uchun mas’uliyatni “Islom davlati” guruhi o‘z zimmasiga olgan.

22 mart kuni Londonda pichoq va transport vositasi bilan qilingan hujumdan 5 kishi o‘lgan edi.

19 dekabrda Berlinda yuk mashinasi mahalliy bozorga bostirib borishi oqibtida 12 kishi nobud bo‘lgan, 48 kishi yaralangan edi.

2016 yilning iyulida Fransiyaning Nitssa shahrida yuk mashinasi bostirishi oqibatida 86 kishi o‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG