Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:36

Farg‘ona viloyati hokimi ish so‘rab borgan oshpazga soqolini olib, “odam” bo‘lib kelishni buyurdi


Farg‘onalik oshpaz Sherzod Madaminov
Farg‘onalik oshpaz Sherzod Madaminov

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashaydigan 37 yashar xalqaro toifadagi oshpaz Sherzod Madaminov hukumat oshxonalarida mehnat qilish uchun ish so‘rab 1 aprel kuni viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev ishtirok etgan tuman hokimligidagi xalq qabulxonasiga murojaat qildi. Oshpazning iddao qilishicha, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev soqol qo‘ygani uchun uni ko‘pchilikning oldida kamsitgan va haqorat qilgan.

Bir necha yil Rossiyaning turli restoranlarida kasb mahoratini oshirgan, prezident Putin rasmiy tadbirlariga ovqat tayyorlashda ishtirok etgan Sherzod Madaminov O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng ishsiz qolganini va o‘ziga mos ish topish uchun Rishton tumani xalq qabulxonasiga murojaat qilganini Ozodlikka aytdi:

- O‘tgan shanba kuni Rishton hokimligidagi xalq qabulxonasida bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilishdi. Viloyat hokimi ham kelgan ekan. Men borsam, tuman hokimimiz ana “kremlyovskiy povar” keldi deb, qarshiladi. Keyin men ichkariga kirdim va borini aytdim. Men Kremlda ham ovqat tayyorlaganman, hamma millatning ovqatini pishirishni bilaman, menga hukumat oshxonasidan ish topishga yordam beringlar, dedim, deydi oshpaz.

Sherzod Madaminovga Kremlga kirish uchun ruxsatnomalar
Sherzod Madaminovga Kremlga kirish uchun ruxsatnomalar

Uning aytishicha, shundan so‘ng o‘sha yerda o‘tirganlardan biri kredit olishni taklif qilgan:

- Sizga kredit bersak, o‘zingiz restoran ochsangiz, deyishdi. Xursand bo‘ldim, mayli jonim bilan, dedim. Lekin shu payt viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev o‘rnidan turib keldi-da, bu nima deb qo‘li bilan iyagimni ko‘rsatdi. Men soqolimni aytayotganini tushundimda, bu “espanyolka” dedim. Hokim yana g‘azab bilan yana so‘radi, men yana buni nomi “espanyolka” dedim. Shunda hokim, soqolni olsangiz va qachonki bizga o‘xshab odam shaklida bo‘lib kelsangiz o‘shanda kredit olasiz, dedi. Jahlim chiqib, shartta u yerdan chiqib ketdim, deydi Sherzod Madaminov.

Oshpazning aytishicha viloyat hokimining bu tahqiri uni tumanda masxara bo‘lishiga sabab bo‘lyapti:

- U yerda odam ko‘p edi, xalq bor edi, xalq. Axir bu soqol mening hujjatlarimda bor, 2013 yilda xavfsizlik meni obdon tekshirib, soqol qo‘yishga ruxsat bergan. Endi meni ko‘rgan odam, haliyam odam bo‘lmadingizmi, deb kulyapti. Ko‘rdingizmi, sizni rahbar pastga urib tahqirlasa, hamma shu ishni qilar ekan. Hokimni sudga bermoqchi edim, lekin hokim bilan sudlasha oladigan advokat topmadim. Hammasi qo‘rqadi, unga qarshi borib bo‘lmaydi, deydi. Men shuncha joyda, Rossiyalarda ishlab yurib hech kim meni bunchalik haqorat qilmagan, deydi oshpaz.

Ошпаз Шерзод Мадаминов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:25 0:00
Бевосита линк

Sherzod Madaminovning so‘zlariga ko‘ra, u bir necha yil Rossiya prezidenti Vladimir Putinning shaxsiy oshpazi bo‘lgan Yevgeniy Prigojinga qarashli “Konkord” firmasida ishlagan:

- Shu odamning firmasida bir fransuzning qo‘lida ishladim. Uch marta Kremldagi tadbirlarga ovqat tayyorlashda ishtirok etdim. Menga, Rossiya fuqaroligini olgin, shu firmada ishlab qolasan deyishdi. Lekin men vatanim fuqaroligidan kechmadim va bu ish bilan xayrlashishga majbur bo‘ldim. Lekin uch yil dunyodagi aksariyat xalqning taomlarini tayyorlashni o‘rgandim. Bu yerda ham hamma meni “kremlyovskiy povar” deb hurmat qiladi. Lekin viloyat hokimi meni soqolim uchun odam emasga chiqarib o‘tiribdi, dedi oshpaz Sherzod Madaminov.

Sherzod Madaminovning Rossiyada ishlab yurgan vaqtdagi hujjati
Sherzod Madaminovning Rossiyada ishlab yurgan vaqtdagi hujjati

Ozodlik oshpazning bu gaplariga munosabat olish uchun Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev bilan bog‘lanishga harakat qildi. Hokim qabulxonasining xodimi bizning Ozodlik radiosidan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitishi bilan go‘shakni qo‘yib qo‘ydi va boshqa qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.

Farg‘ona viloyati hokimning tashkilot va korxonalar rahbarlarini, fermerlarni va oddiy odamlarni so‘kib, haqorat qilish odati borligi haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘anievning o‘zi o‘tgan yilning 14 noyabr kuni, Furqat tumanida fermerlik qilayotgan 70 yashar nogiron fermer Ochil Begmatovni taklif qilgan, ammo majlis boshlanishidan avval uni sensirab majlisdan haydab chiqargan edi.

O‘tgan yilning iyul oyida Farg‘onada o‘tkazilgan yig‘ilishda Shuhrat G‘aniev vrach va aptekachilarni “... egan hayvonlar”ga tenglashtirib, haqorat qilgan edi.

2014 yilning sentabr oyida esa Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev do‘konlari buzilishiga qarshi chiqqan tadbirkorlarni “peshonangdan otaman” deb dag‘dag‘a qilgan edi.

XS
SM
MD
LG