Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:43

O‘zbekistonda chilonjiyda ekmagan yoki tovuq boqmaganning tomorqasi tortib olinadi


O‘zbekiston bo‘ylab aholi tomorqalari taftish qilinmoqda. Maxsus guruh uyma-uy yurib, aholiga archa, limon, chilonjiyda, yong‘oq kabi daraxtlarni ekish yoki 100tadan tovuq boqish majburiyatini yuklayapti. Aks holda tomorqani tortib olish bilan tahdid qilinmoqda.

Tomorqalar taftishi

Ikki haftadirki, mamlakat bo‘ylab aholi tomorqalarini tekshirish ishlari ketayapti.

Hokimlik vakillari, mahalla yig‘inlari faollari va bir qancha tegishli idoralar xodimlaridan iborat maxsus guruh aholi tomorqalarini birma-bir tekshirmoqda.

Mahalliy hokimliklardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu tadbir Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 martdagi 119-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayapti.

Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan "Dehqon xo‘jaliklari va aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, suvga chidamli, eksportbop daraxt plantatsiyalarini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorda aholi tomorqalariga nima ekish belgilab berilgan.

Qarorda dehqon xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida 100 tadan parranda boqish, unabi (chilonjiyda) va yong‘oq yetishtirishni rivojlantirish, limon yetishtirishga mo‘ljallangan issiqxonalar tashkil etish belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tuzilgan maxsus guruh aholiga o‘z tomorqasiga qarordan kelib chiqib, ekin ekishni ta’kidlamoqda.

“Biz har-bir oilaning tomorqa maydonining katta-kichikligi, oilada mehnatga yaroqlilar soni va moliyaviy imkonlarini inobatga olib, nima ekishni belgilayapmiz. Albatta tomorqada yoki limon, yoki unabi, yoki yong‘oq bo‘lishi shart. Agar 100 boshdan tovuq boqaman desa, kredit bilan ta’minlash imkonlarini ham tavsiya qilayapmiz”, dedi Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi mahalla yig‘inlaridan birining raisi.

Tomorqasi borlarga ogohlantirish xatlari

Ayrim viloyatlarda aholi tomorqasiga oid ogohlantirish xatlari tarqatilmoqda.

Sentre1.com sayti e’lon qilgan shunday xatlardan birida, aholiga 3 kun muddat ichida tomorqa yerlarini to‘liq shudgorlab, ekin ekish maydonlarini tayyorlash, xonadonni chiqindilardan tozalash, yong‘oq, unabi kabi mevali daraxtlarni ekish buyurilgan.

Shuningdek, mazkur ogohlantiruv xatida issiqxona tashkil qilib, limon ekish va 100 tadan parranda boqish talab qilinadi.

Talabni bajarmaganga chora ko‘riladi

Mazkur xatda talab qilingan topshiriqlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda tegishli choralar ko‘rilishidan ogohlantiriladi.

Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yashovchi Azimjon akaning aytishicha, tomorqasini tekshirish uchun kelgan maxsus guruh a’zolari ham, agar u Vazirlar Mahkamasi qarorini bajarishdan bosh tortsa, jazolanishi to‘g‘risida ogohlantirishgan:

“Menga agar issiqxona tashkil qilmasam yoki 100 ta tovuq boqmasam tomorqam tortib olinishini aytishdi. Issiqxonaga joy yo‘q. Tomorqamizda mevali daraxtlar o‘sayapti. Ularni qirqib tashlashga ko‘zim qiymayapti. Shu bois tovuq boqish uchun ariza bersakmi, deb o‘ylab turibmiz. Boshida kredit berishar ekan”, deydi Azimjon aka.

Har bir oilada 4 tadan archa

Xorazmning Yangibozor tumanida yashovchi Nargizaning aytishicha, tomorqasini tekshirish uchun kelgan maxsus guruh 4 tup archa ekishni ham buyurgan:

“Har bir uyning oldida to‘rtta archa bo‘lsin, deyishdi. Kecha bozordan archa olib kelib, ariq bo‘yiga ekdik. Yana tovuq boqinglar, limon, yong‘oq ekinglar, tomorqa umuman bo‘sh turmasin deyishdi. Uje ikki hafta ichida hokimiyat va sho‘rodan ikki marta kelib ketishdi. Yana kelib tekshiramiz deyishdi”, deydi xorazmlik Nargiza.

Yana o‘qituvchilar balogardon

Jizzax viloyatida hukumatning tomorqalarga oid qarori bajarilishini nazorat qilish o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan.

“Viloyatdagi barcha maktablarning o‘qituvchilaridan ishchi guruh tuzilgan. Har bir o‘qituvchiga 20 tadan xonadon biriktirib berilgan. O‘qituvchilar o‘ziga biriktirilgan oilalarga kirib, ularning tomorqasiga belgilangan ekinlarni tezroq ekishi va parvarishini tekshirib borishadi”, dedi Jizzax viloyat hokimligidagi mas’ul xodim.

Vazirlar Mahkamasining tomorqalarga oid qarorida uch yil muddat ichida mamlakatda qancha daraxt ekish va parranda etishtirish rejasi qat’iy belgilab berilgan.

Jumladan, qarorga ko‘ra, joriy yilda mamlakat bo‘yicha 3 million 51 ming tup limon ko‘chati, 2 million 7 ming tup unabi, 2 million 49 ming 500 tup yong‘oq ekilishi va 13 million 730 ming bosh tovuq boqilishi lozim. Lekin qarorda archa ekish haqida biror narsa deyilmagan.

Xususiy dehqon xo‘jaliklarida limon yetishtirish va tovuq boqish bilan 4 million 200 ming oila shug‘ullanishi lozim. Qarorda ta’kidlanishicha, ular tomonidan yetishtirgan mahsulotlarni sotish uchun tumanlarda agrofirmalar tashkil etiladi.

Markaziy bank tomonidan issiqxonalar qurish uchun 5 yil, parrandachilik uchun 3 yil muddatga kreditlar berish tavsiya etilmoqda.

Мирзиëев барчага товуқ боқиш мажбуриятини юклади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:52 0:00

XS
SM
MD
LG